Suyarqul Turg‘unboyev (Suyorkul Turgunbayev) 1940 yili O‘sh viloyati, Bozorqo‘rg‘on tumani, Beshqadam qishlog‘ida tug‘ilgan. Qirg‘iz davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1964). SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1979).
Ilk she’riy to‘plami “Bizda hamma so‘zlaydi” nomi bilan 1960 yili chop etilgan. U M. Lermontov, I. Chavchavadze, V. Mayakovskiy asarlarini qirg‘izchaga tarjima qilgan.
BAHOR KELGANDA
Shiviraydi bulutlar menga
Ertangi kun ruhi — tot-ta’min
Yurak kutar bahor ko‘kidan
Chaqmoqlarning katta bayramin…
YoMG‘IRJON
Erning labi qurigan,
Ostida xansirar don…
Uni shod qilay desang,
Yog‘avergin, Yomg‘irjon!
Tuyg‘ular soviguncha,
Tinchiguncha hayajon,
To‘lguncha toki ko‘ngil,
Yog‘avergin, Yomg‘irjon!
Yashillanib bo‘z dala,
Bog‘lar taqquncha marjon,
Niyatlar urarkan jo‘sh,
Yog‘avergin, Yomg‘irjon!
Chang-chungdan, nopoklikdan
Tozarguncha bu jahon—
Ilojin top, aylanay,
Yog‘avergin, Yomg‘irjon!
Usmon Temur tarjimalari