Riskul Izzatova (1994)

Riskul Izzatova (Rыskүl Izatova) – 1994 yilda tug‘ilgan. Atoqli adib Chingiz Aytmatovning to‘qson yilligi­ga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Eng yaxshi she’rlar” tanlovida birinchi o‘rinni egallagan.

NOUMID

Derazadan yuzga tushar kun nuri,
Kipriklardan qushdek uyqu uchdi jim.
“Harir tongni qanday qarshi oldi” deb,
Ko‘z ochdimu darrov sizni o‘yladim.

Mayda-chuyda tashvishlardan chekib g‘am,
Bilmam, balki, solib turgansiz qovoq.
Bitmay qolgan yumushlar deb, muhtaram,
Uyg‘ongansiz har kungidek ertaroq.

Sog‘inch mening ko‘ksimni qon aylagan,
Yuk bosadi yuragimga to‘lib mung.
Qadar tutsa taqdirimning jilovin,
Yoningizga yeldek yelib borardim.

Aylanasiz in izlagan qushdek mast
Va sezasiz bedor tunlar to‘lg‘onib.
Hayot to‘xtab qolmaguncha ish bitmas:
“Uchrashaylik” deb, qo‘ysangiz bo‘lgani…

UNUTILGAN UZR

Ishq izmida lovillaydi yurakkinam,
Hislarimni payhon etar, ko‘zlarim nam.
Undan ko‘ngil uzolmayman, mubtaloman,
Yolg‘onchi yor o‘zgani deb, o‘rtansa ham.

Horitadi ruhimni yor ozorlari,
Bir boqmadi o‘ksik dilim yupatgali.
Yolg‘on deya, yoriladi so‘zlar bir kun,
Jazolaydi qog‘ozdagi she’rlar hali.

Yo‘l oxiri ko‘rinmadi, ko‘nglim, oh ur,
Yashayapman, bulutlardek sochib yomg‘ir.
So‘zlar, meni afv etinglar, kechiringlar,
Men yorimni unutolmay ruhim og‘rir…

Qirg‘iz tilidan Faxriddin Hayit tarjimasi