Nurlan Qalibekov (Nurlan Kalыbekov) 1973 yilda Aqsi tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iziston Respublikasi Yoshlar mukofoti hamda xorijiy davlatlar mukofotlarining sovrindori. Nurlan Qalibekov zamonaviy qirg‘iz she’riyatining eng taniqli namoyandalaridan biri.
VAQT NEDIR?
Vaqt nedir?
Qadri yo‘q mis tangaday,
Qo‘lingdagi yomon soat,
Chiqillaydi, chiqillaydi.
U yon boskan,
Bu yon boskan suluvning,
Qarib borayotganini bildirmagan,
Taqasiday taqillaydi, taqillaydi.
Beqarorligi ayon,
Havas qilar maqtanchoqlarning
Ko‘ylagiyu shapkasiga,
Hattoki papkasiga.
Bahordan yozga qadar,
Yozdan kuzga qadar,
Kuzdan qishga qadar,
Tinmay almashtirar makonin.
Vaqt nedir?
Bormoq, kelmoq,
Issiq va sovuqqa qarab,
Moslashgan qushlar kabi.
Tuproqda toy-toy bosib,
Va tuproqda sirpanib,
Tuproqda harakatsiz qolgan oyoqlar kabi.
Vaqt asli shudir…
Mening hech bir narsam,
Bo‘lmaydi isrof,
Umrimni,
Taqdirimni,
Hattoki, barchangizni
O‘lchamayman yerdagi
Vaqt bilan,
Soat bilan.
Vaqt men uchun
Osmon bilan yerdir abadiy.
Farovon umr surgan
Egiz kundir.
Kenglikdan
Va cheksizlikdan iborat,
Ko‘kdagi quyoshdan ham
Balandroqda,
Yuksakroqda,
Yonib turgan,
Cheksiz nur va yorug‘ sochgan
Bir Kundir.
Vaqt degan narsa yo‘q,
Chegara ham yo‘q,
Bunday cheksizlikni,
Bunday borliqni,
Ushlab turar muvozanatda,
Abadiy yosh,
Qudratli Ko‘k Tangri.
BUTUNLIK
Men bu dunyoni aslo,
Bo‘lmam oqu qoraga,
Bu dunyo butunlikdan
Iboratdir men uchun,
Tuynukdan tushgan nurlar,
Jilolanadi asta,
Va barcha hilqatlar
Nurga cho‘madi.
Zamindan ko‘kka qadar,
Quloch yozar yorug‘lik.
Bu dunyoni,
Oq-qoraga bo‘lganlar,
Oqing oqqa,
Qorang esa qoraga bor.
Jannatga oshuftang jannatga,
Do‘zaxga loyig‘ing do‘zaxga,
Bor, boraver!
Menga hech qizig‘i yo‘q,
Axir, men iboratman butunlikdan,
Nur taralgan tuynukning
Ostidagi yorug‘likdan,
Ustidagi yorug‘likning
Yo‘llaridir xo‘b qiziq.
Yaratguvchisi qiziq…
PAYG‘AMBARLAR
(Erkin tarjima)
Abadiy shon-sharaflar,
sizday ulug‘ zotlarga,
Ta’zim aylagum ming bor,
boshim yerga tekkuncha,
loshim yerga kirguncha –
tilga olib ismingiz,
ulug‘layman har qachon.
Sizlardan ko‘nglim to‘qdir,
sizlardan olgum ulgu.
Biringizni ikkinchingizdan ustun qo‘ymam,
mening fe’lim shu.
Men qiynalsam, g‘amga chulg‘ansam,
tayyor turasizlar yordam berishga.
Boshqalardan esa yordam kutmayman…
Chunki boshqa hech kim uzatmas menga
yordam qo‘lini.
Abadiy shon sharaflar,
sizdek oliy zotlarga,
Ismingiz yer yuzida
yangrayversin abadiy,
yashayversin abadiy…
Sizlar ekib ketgan yashil og‘ochlar,
gullasin, yashnasin, kurtaklar ochsin
va ko‘klarga cho‘zsin bo‘yini.
Quloch yozsin, shohlari esa
tegib tursin moviy samoga.
Charchagan odamlar kelib,
orom olsin, hordiq chiqarsin
sizlar ekkan daraxtlarning soyasida
(ne qilsin axir ayting, bu xokisor bandalar,
o‘zlarining daraxtlari yo‘q bo‘lsa).
Mendan xafa bo‘lmang, iltimos,
Men hech kimning yo‘lin to‘smasdan
Va hech kimga taqlid qilmasdan,
O‘z yo‘limda ketyapman tanho.
Ma’zur tuting meni, iltimos,
Ozor bergan bo‘lsam,
Zabonim bilan,
Ko‘nglim og‘rib,
Tushkunlikda edim unda…
Gohida isyonlar qilaman,
Hatto… Tangriga…
(U indamay kulib qo‘yadi xolos)
Men o‘zimning ko‘chatimni,
Ekayapman zaminga,
Men ekkan bu ko‘chatlar,
Aylangaydir bir bog‘ga.
Ular bir kun aylanar,
She’riyatning bog‘iga….
She’riyat saylgohiga…
Va bu bog‘lar,
Ulug‘lagaydir,
Kuylagaydir,
Sizlar ulug‘lagan u OLIY ZOTNI.
Muhammad Siddiq Rahmatov tarjimasi.