Jo‘o‘mart Bo‘komboyev (1910-1944)

Jo‘o‘mart Bo‘komboyev (Joomart Bөkөnbayev) 1910 yil 16 mayda To‘qtag‘ul tumanidagi Mozorsoy qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘sh, Frunze pedtexnikumida o‘qigan.
Ilk she’ri «Er olgan gadoylarga» 1927 yili, ilk kitobi «Mehnat mevasi» 1933 yili chiqqan. 1934 yildan SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
U «Manas» asari asosida film olinayotanda, 1944 yili halok bo‘lgan.

ORZU

Hayotning cho‘ng daryosin
Kechib o‘tgum deganman.
Tog‘day tilak, maqsadni
Quchib o‘tgum deganman.

Bahor kabi taftingga
Boylanayin deganman.
Charos kabi ko‘zingdan
Aylanayin deganman.

Turmushning tot-boliga
Etaylik biz, azizam.
Umr bo‘yi bir yo‘lda
Ketaylik biz, azizam.

Sevgimiz-u bolalar
Bo‘lur umr ardog‘i.
So‘nggi yo‘qdir hayotning,
Baxt-tolening adog‘i!

QIShKI TOG‘

Kuzatib turibsiz osmonni,
Bag‘rini berib mung-zorga,
Tikiladi mung‘ayib
Sovuq, muzday oq qorga.
Bulog‘i to‘ng‘ib, muzlabon,
Necha kun qaynab-jo‘shmagay.
Ma’yus tortar, uyqusi—
Hali hozir pishmagay…
Yashnagan gulni sog‘inib,
Orzusi kezar sargardon.
Qahriga bo‘ron olganda
Asqotadi oq chopon.
Soy bo‘yida yashnagan
Yoz giyohin qaymog‘i.
Ne bo‘lishin belgilar
Bo‘zargan qish aymog‘i…
Kuylagay sovuq qo‘shig‘in
Qoyalar, toshlar xafaroq,
Tushgandir qishning to‘riga
Ma’yuslangan qishki tog‘…

YoZ OQShOMIDA

Yog‘duli osmon qizarar,
Salqinlab bor chor tomon.
Yuzimga sochib injular
Daryoim oqar jar tomon.
Uqqancha bulbul navosin,
Oshiqlar shoshar yor tomon.
Hulvoning hidi qoningga,
Joningga ifor otganday.
To‘rg‘aylar sayrar, atrofni
To‘qtag‘ul kuyi tutganday.
Kapalak gulga mahliyo—
Qiz bilan yigit yotganday.
Mudraydi tog‘lar olisda—
Yotibdi bo‘ron qor kurab.
Sevgiga tashna yuraklar
Yurishar ko‘zga zor qarab.
Kutib tur, do‘stim, kutib tur,
Cho‘lpon ham chiqar yarqirab!..

* * *

T…ga

Ochilib turgan qizil gul
Kun sayin ifor sochadi.
Sevgiga shaydo, ey ko‘ngil
Xayolim senga qochadi.
Duch kelmay so‘zning talxiga,
Oqini menman qirg‘izning.
Gulzorga kelgan yor-bulbul
Navosi baland chiqmasmi?
Sollanib turgan senday gul
Oshig‘i kuyin uqmasmi?
Dunyoda tanho sevgilim,
Oltinrang nuri balqigan
Cho‘lponi sensan yulduzning
Ro‘yisan orzum ma’vosin.
Bemorman ishqdan, ey gulim
Yurakning topgin davosin!

SEN KUZATGANDA

O‘zimni tongda sayragan
Bulbulga qiyos etaman…
Azizam, bo‘lgin salomat,
Ertaga olis ketaman.
Dunyoni kezar chog‘imda,
Ko‘p tushasan yodimga.
Sevgilim, javob yoza ko‘r,
Sog‘inib yozgan xatimga!
Ot bilan yursam oychalik
Olislarda tunarman.
Allalar uqqan boladay
So‘zlaring eslab yonarman.
Umrday shoshib tong otar,
Yaratmadi hech hadik.
Mana ketdim, sen qolding,
Taqdirning sirin yechmadik.
Gar qolsam qayiq ichida,
Eshkagin olib kelarsan.
Bunchalar o‘jar bo‘lmasam,
Sababin o‘zing bilarsan.
Aqlning sirin bosh bilur,
Asl jon baxtin ko‘zlagay.
Ayrilib ketsak bir kuni,
Hijronda yurak bo‘zlagay.
Sarg‘aysam kuzgi yaproqday,
U yog‘in qaro yer bilsa…
Sadag‘am, xafa bo‘lmagin,
Saqlagan siring sochilsa.
Yonog‘ing tutgil, o‘payin,
Ro‘moling bergin qo‘limga.
Jovdirab qarab turmagil,
Tushayin tezroq yo‘limga.
Yolvorib boqma, azizam,
Yig‘idan qanday naf chiqar?
Jo‘nagin, poyezd, ertaroq…
Yuragim nega hapriqar?
Qo‘lingni bergil qo‘limga,
Kelmoqda o‘pib olgisi…
Sevganlar eslab yashashsa,
Sevgining shudir belgisi!..

TILAGIM

Otam Manas singari
Er bo‘lay deb tilayman.
Dushman aslo o‘tolmas
Er bo‘lay deb tilayman.
Qo‘jajoshday ko‘zga otar
Mergan bo‘lsam jovidon.
Botir bo‘lsam Chubaqday
Qochmagan aslo yovidan.
Qiron solsam dushmanga
Duyshanqul og‘am qirganday.
Hayqirib yovni qochirsam
Almambet qilich urganday.
Elingga xizmat qilgin deb,
Onajon, meni to‘rading.
Cho‘lponboyday sher bo‘lib,
Ko‘plarga tegar keragim!

O‘TMIShNI QAYTA ESLAMA

Kuydirib ko‘p bor yurakni,
Suygan kezim — o‘tmishda.
Bu ko‘krakni qoplagan,
Kuygan kezim — o‘tmishda.
U mahal jonim poralab,,
Sadaqa qildim ohimni…
Sen esa u kez ters qarab,
Sindirding ko‘p bor shoximni…
To‘lg‘onib tunda uxlamay,
Esladim seni ushkurib…
Uyalmay nari ketgansan,
Og‘ulashni xush ko‘rib.
Yaxshi so‘z, yaxshi she’rimni
Senga atab kuyladim.
Yolvorganga rahm qilmay,
Sen boshqani siylading…
Seni ko‘rgach bu ko‘ngil,
Moy kabi erib, ilingan.
Seni shuncha sevsam-da,
Suymading meni dilingdan.
Shu tariqa yosh umr
O‘chgan cho‘pday yel urib…
Qarigach nechun aytasan,
Qachongi so‘zni yolvorib?..
Aytmasdan buni yoshlikda,
Bugun-chi, aytib qatlading.
Boshqani sevib, kuy kuylab,
O‘zganing she’rin yodlading…
O‘chgan o‘t qayta yonmagay,
O‘tmishga tekkan axir o‘q.
Qayrilib kelmas bu ko‘ngil,
Qarg‘ishni buzar fe’lim yo‘q.
Oltin kuz u kez aytilgan,
Yozilgan rosa ko‘z-u qosh…
Yalinma endi, bo‘lmasdan
U chog‘da menga tilakdosh.
Yuragim yonib, o‘chgandir,
Ko‘ngil ham qolgan esla, kas.
O‘tgan umr — o‘chgan jon,
O‘tmishni qayta eslamas!

KUZDAGI KAPALAK

Bahorda kezdi dalada,
Qayg‘uni deb ikki pul…
O‘ynagan, kulgan va yana
O‘pgani bo‘lgan qizil gul.
Deb o‘zin bahor erkasi,
Minmagan sira g‘am otin.
Bir o‘zi uchgan kerilib,
Ellarga yozib qanotin.
Ko‘nglini ochib, gul tanlab,
Nozlangan kerik yelkasi.
Salqinda kezgan erkinroq—
Bahorning o‘sha erkasi.
Chumolini ermaklar,
Mehnat kimga kerak, deb.
Osmonda uchgan erta-kech,
Qanotiga berib zeb.
Ketibon yozning rohati,
Ayoz ham pichoq qayradi..
Issiqda yumush bajargan
Chumoli endi yayradi.
Qanoting bo‘ldi ermaging,
Erta ne — o‘ylab qo‘ymading.
Erkalab yozlar qo‘ynida
Gullarni tanlab to‘ymading.
G‘ijirab tishing, turibsan —
Chumolidan don so‘rab……
Bo‘ronlar quvlar yoqtirmay,
Boryapsan mudom holsirab…
Qolding-ku mana ermaksiz,
Yalqovni suymas ekan qish.
Qahriga oldi bu ayoz:
Qilichli, qonli, zahar tish!..
Chumoli — mehnat bolasi,
O‘ylaydi erta, taqdirin.
O‘yinqaroq kapalak,
Bildingmi kuzgi oh sirin?

Usmon Temur tarjimalari