Berdibek Jamgirchiyev (1987)

Berdibek Jamgirchiyev (Berdibek Jamgыrchiyev) – 1987 yilda tug‘ilgan. Bishkek ijtimoiy fanlar universitetining qirg‘iz filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Yurakda qolgan bir ism” nomli kitobi chop etilgan.

* * *

Qayg‘urmagin, mening ilk sevgim,
So‘yla, boqma ko‘zlarimga jim.
Meni g‘amga yo‘liqtirma, kul,
Yashamoqqa ilinj – tabassum.

O‘tli she’rlar yozamanmi, yo‘q,
Turmush – ko‘ksim yara qilgan o‘q.
Dil yorishar seni o‘ylasam,
Sevging bilan tirikdir borliq.

Axtaraman, olov mehring chin,
Azob bosib qolar sevinchim.
O‘tdi yoshlik, o‘tdi barisi,
Oq yuzingga armon o‘pichim.

Sevgim, bag‘rim tirnama faqat,
Erkam, qayda senga yozgan xat?
Turna bo‘yning dilga o‘t qalab
Ko‘rinarding olisdan sarv qad.

Suv tashiysan, cho‘milasan goh,
Suvdek zilol ekan muhabbat.
Yanoqlaring yuragimdek ol,
Seni ravo ko‘rmadi qismat.

Vujudimda ungan gul misol,
Baxtim bo‘lib yuragimda qol.
Unutmayman nigohlaringni
Garchi, nasib etmadi visol.

Ayro ketdik, biz ikki dovon,
Ushalmagan sevgi – bebaho.
Etolmadik bir-birimizga
Orzuimiz bo‘lmadi bajo.

Etagimdan tutadi ro‘zg‘or,
Asov boshda metin yugan bor.
Armonim bor – g‘o‘r kezlarimda
Asrolmadim sevgimiz, dildor.

Sog‘inganda, ko‘ksim yonar, oh,
Muhabbatdan baxt topdim, biroq,
Sen yasharsan xotirjam, balki,
Men yashayman yo‘lingga mushtoq…

* * *

Yomg‘ir yog‘ar, ko‘zda bahor, ko‘ngilda kuz,
Bilmam, qaysi manzil, qaysi hayotdamiz?
Shivirlaysan, tomchilardek hazin bir sas,
Yomg‘ir kabi to‘kilmagin, to‘xta, hargiz.

To‘xtagim yo‘q, ne uchundir, to‘xtagim yo‘q,
O‘tib ketgan og‘riqlarga o‘xshagim yo‘q!
O‘lgim kelmas, yana qayta ungim kelar,
Yolg‘izlikning ovozidan qaqshagim yo‘q.

Yurak xokdir, qadrdonim, tanim tuproq,
Hayot sira ayamaydi, dilim g‘amnok.
Kurashmoqqa kuchim yetmas, bemajolman,
Taqdir meni qay siyohda chizgan, e voh?!

Oyog‘imda kishan, boshim alangada,
Kutgan baxtim qoldi olov changalida.
Yupatmanglar, ovutmanglar, og‘ritmanglar,
Kirgim kelar shu gulxanning ranglariga.

Ko‘zda bulut, ko‘ngilda kun, yoshim yomg‘ir,
Kuyib kulga aylantirdi meni taqdir.
G‘o‘r yoshligim, gul yoshligim olib qo‘ydi
Qobirg‘amning qat-qatida yashringan nur.

Qarog‘imda gulga kir, umrim bahori,
Shoshma, to‘xta, ko‘zlarimni yashna, yorit.
G‘uncha boyla, yaproq yozgil qayta yana,
Bahor bo‘lib yuragimdan dardni arit.

Yomg‘ir yog‘ar, ko‘zda bahor, ko‘ngilda kuz…

ONA YuRAGI

O, onajon, baxt boqmadi jamolingdan,
G‘amga botding, mening davru zamonimda.
Nega endi ko‘kka boqib izlay behisht,
Axir, jannat poyingdadir, tovoningda.

Ha, jannatim, mehrim bor, sen-la butun,
Ha, jannatim, baxtim bor, sen bor uchun.
Onaginam, nur balqigan oy yuzingga
Nodon dardning suratini chizgan ochun.

Har lahzada menga ardoq aylar nasib,
Buncha ulug‘ onalikning martabasi.
Taqdirimning tosh zarbidan qulab yotsam,
Yuragingdan alvon qonlar turar sizib.

Bolalikning shu’lalari o‘chib borar,
Fasllardan fasllarga ko‘chib borar.
Qalbingga qulf ossa hayot, zulmat bossa,
Sening zehning har eshikni ochib borar.

Bir hodisa yodga tushsa, sanchir etim,
Jondek do‘stim yosh holida qoldi yetim.
Kema kabi cho‘kdi, botdi g‘amga, axir,
Yosh onasi bu olamdan ketdi o‘tib.

Hamon do‘stim g‘am-qayg‘uga botib yurar,
Nadomatning nasibasin tatib yurar.
Dard ko‘rmagan, g‘am bilmagan o‘sha odam,
Onajon, deb ko‘ksin toshga otib urar.

Qarog‘imda qon qalqidi – juda yomon,
Jon do‘stimning taqdiridan o‘rtanaman.
Onang bor-da, deydi, menga mahzun boqib,
Ko‘kragingni g‘ajimaydi hajru armon.

Do‘stim so‘zi rost ekan-ay, o‘ylab ko‘rsam,
G‘am ko‘rmagan, dard ko‘rmagan bola bo‘lsam.
Bor bisotim taftish qilib, boqsam nogoh,
Onam bilan yorug‘ ekan ko‘ngil go‘sham.

O‘ylanaman, volidamga tashlab nigoh,
Men bir novda, onam esa ulkan daraxt.
Eshik qoqib yo‘qlab kelsa bir kun ajal,
Mening uchun jon beradi onam har vaqt.

Elkasida hayot yuki – ulkan, og‘ir,
Mehri bilan ko‘ngil ko‘zim ochgan axir.
Yo‘q bo‘lsa gar uyda onam – dilim xira,
Qaralmagan uydek to‘zir yurak, bag‘ir.

Dovonlarga ko‘z yetmaydi, onam o‘tgan,
Sinovlarga so‘z yetmaydi, onam o‘tgan.
Ona o‘xshar bir kemaga qo‘nji to‘lib,
To‘lqinlarda qalqib-qalqib kelayotgan.

O‘g‘illarin orqasidan ergashtirib,
Ona borar qo‘llarida tugun – horib.
Umidi shul, suyanadi asosiga
Nola qilmay yashaverar, ona, g‘arib…

Garchi zahmat ko‘rsa hamki, chekmaydi oh,
Ko‘ksin tutar azobga-da, ozorga-da.
So‘z aytishga qalbim ojiz, qo‘li qadoq,
Yonda xalta, do‘konga-da, bozorga-da.

Qo‘l yetmagan shoxda ham ona yurar,
Sho‘r ketmagan dashtda ham ona yurar.
Tinim bilmay sahardan to shomga qadar,
Tiriklikni tebratadi ona yurak.

Tegrasida nur kezgan ona yurak,
Qat-qatida gul o‘sgan ona yurak.
Ota yurtga mehrini to‘shab qo‘yib,
Taqdirning tosh ko‘chasidan ona yurar.

Ko‘lankaday ortingdan ergashgan kim,
O‘g‘illarin yovga bermay tirashgan kim?
E, voh, jannat eshiklari yopiladi
Onalarning ol yuragi to‘xtagan kun.

Har kim hayot gashtin omon surib yursin,
Onalarning cho‘g‘ yuragi urib tursin!!!

Qirg‘iz tilidan Faxriddin Hayit tarjimasi