Baqtigul Cho‘turova (1955)

Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat arbobi, Aliqul Usmonov nomidagi adabiy mukofot laureati, shoira Baqtigul Cho‘turova (Baktыgүl Choturova) 1955 yil 29 sentyabrda Jalolobod viloyati, To‘xtag‘ul tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iz milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.

“Qizil ot”, “Bo‘z to‘rg‘ay”, “Sog‘inch”, “Nayman”, “Issiqko‘l suvi” kabi kitoblari chop etilgan. U qozoq adabiyotidan Shohizoda Abdukarimovaning “Ko‘k ostidagi xonlik”, Nagashibay Sukatovning “Jonimning yashil yaproqlari”, ozarbayjon adabiyotidan Baxtiyor Vahobzodaning “Biz bir kemadamiz” katobini qirg‘izchaga tarjima qilgan.

ONA QIShLOQ TASVIRI

Oyli tunning oqligi,
Suv bilan birga oqquday.
Ko‘kdan tushgan yog‘dudan
Fayzli bo‘lar qapchig‘ay*.

Boqaman tushda yurganday,
Qarag‘ay, archa turlanar.
Shomning muzday bag‘rida
Shovullab Sichqon** surlanar.

Xufton qo‘ndi sezilmay,
Elvizak qoldi o‘zinmay.
Qarag‘at pishgan jilg‘alar,
Qorayar tunning ko‘ziday.

Oy diydorin ko‘rgali,
Bulut yo‘rtar yaqinlab.
Va osmonning fonusin,
Oldi bulut taqimlab.

Quyoshdan kuch olganday,
Uxlar xarsang toshlar ham.
Cho‘qqilarning soyasi,
Asrga teng alplarday.

Bedananing uyi yo‘q,
“Bit-bildiq” deb o‘tirar.
Qo‘shiq kuylab buloqlar,
Daryo sari qo‘shilar.

Sepoyani yemirib,
To‘g‘onlarga duch bo‘lar.
Chashma, anhor birlashib,
To‘lqin bo‘lar, kuch bo‘lar.

Lov-lov yonar qizg‘aldoq,
Misli fonar qizg‘aldoq.
Ona qishloq fayzidan,
Kim ham tonar, qizg‘aldoq!

SURATDAGI BOLALIK

Bolaliqda tushgan surat,
Olislarda qolganday.
Ming bor ortga qayrilmaylik,
Qaytib kelmas armonday.

Bolalikning chehrasiga,
Keling, bir dam boqaylik.
Xotiralar olamini,
Eslab zavqqa botaylik.

Suratdagi singari,
Soddamidik o‘zi biz.
Ayro tushmay o‘smir chog‘dan,
Yonib turar ko‘zimiz.

Bir-biriga suyanmoqlik,
Yoshlikka xos ixlosdan.
Kiprik qoqmay qarab turar,
Bizni tanib-tanimasdan.

XAYR, XO‘Sh

Hayrlashgin men bilan,
Yo‘lga chiqdim topinib.
Ko‘zlaringda yonib turgan,
Ishq nuriga yopinib.

Bir asrga tatigulik,
Quvvat olib ketarman.
Sog‘inchlarga kishan solib,
Jahon kezib o‘tarman.

Qirg‘izchadan Tursunboy Adashboyev tarjimalari.
_____________
* Qapchig‘ay — tog‘ning orasi.
** Sichqon — daryoning nomi.