Aliqul Usmonov (1915-1950)

Aliqul Usmonov (Alыkul Osmonov) 1915 yili Chuyning Qaptalariq qishlog‘ida tavallud topgan. Ota-onasidan erta judo bo‘lib, bolalar uyidatarbiyalangan.
Pedtexnikumda o‘qib yurganida she’r yozishni boshlagan. Keyin gazeta-jurnallarda, Yozuvchilar uyushmasida ishlagan.
Ilk kitobi 1936 yili «Tong o‘ylari» nomi bilan bosilib chiqqan. O‘nga yaqin kitobi nashr etilgan.
Og‘ir kasallik tufayli Issiqko‘l bo‘yidagi Qo‘ysari kurortida davolangan shoir 1950 yili shu yerda vafot etgan.

OTA YuRT

Issiq kiyin, yo‘ling olis, sovuq kuch,
Qish qahrli, bo‘ron uvlar, yo‘qdir o‘t.
Sovuqlaring faqat menga kelsin duch,
Yo‘lga qaray, to‘xtab turgin, Ota Yurt!

Falokat tik kelib tunlar ko‘zingga,
Ot tizginin yulmasin bir g‘o‘r, beburd…
Bor azobing men olayin o‘zimga,
Iz qarayin, to‘xtab turgin, Ota Yurt!

Elvizakli bahor boqmish yuzingga,
Ko‘p turmaydi ushbu havo, sur bulut.
Borki darding men olayin o‘zimga,
Sen og‘rima, men og‘riyin, Ota Yurt!

ShOIR

Shoir yo‘li yorug‘, nurli iz kabi,
Adroqli — el suygan o‘g‘il-qiz kabi.
Shoir yozib, biz o‘qigan to‘rt satr
Yashashi shart o‘z kuchini ko‘rsatib:
Bahor va Yoz, Qish bilan Kuz
Degan to‘rtta so‘z kabi.

QO‘MIZ

Uzun yog‘och: uch qili, uch qulog‘i bor,
Chalinadi qaysi qo‘lning qilovi bor.
Ko‘rganga — oddiygina, soddagina,
Bilganga — ichida kuy bulog‘i bor.

Asrlardan bir-bir o‘tib yayov, otda,
Halovatli shu kunlarni qo‘msab yodda,
Bu qo‘miz ne-ne issiq-sovuq ko‘rdi —
Eli ham qo‘miziday oddiy-sodda.

* * *

Ko‘p intildim, lekin qoldi alamim,
Oz uchirdim ash’or lochin qushlarin.
Yosh chog‘imda sirdosh bo‘lgan qalamim
Bitolmadi dilimning hur tushlarin.

Keksayarman, qaytmas yo‘lga ketarman,
Do‘stlar ila xayr-xo‘sh ham etarman.
Biroq sezgum: bizni avlod, ona yer —
Siylashadi, yotadirman bearmon!..

MEN KO‘LGA KELGANDA

Men kelganda bo‘y yetmagan boladay,
Biroq o‘zin bola deya tan olmay:
Yotgan ekan Issiqko‘lim chayqalib,
To‘lqinlangan to‘lqinidan yonolmay…

Men kelganda tezob shoir boladay,
Biroq o‘zin oqinman deb tan olmay:
Yotgan ekan Issiqko‘lim hayqirib—
Toshayotgan toshqinidan yonolmay…

Tindi bo‘ron. Bulut nari surildi.
Sohillarda odam ko‘zga urindi…
Ana shunda mamiragan Issiqko‘l
O‘z eliday kuchli, suluv ko‘rindi.

OQAR SUV

Hoy oqar suv, oqqan suv,
Shildir munchoq taqqan suv.
Sirdaryoga sig‘masdan
Bir kosaga siqqan suv.

Hoy oqar suv, oqqan suv,
Har bandaga yoqqan suv.
Qarilar ham, yoshlar ham
Kibrlanib boqqan suv.

Hoy oqar suv, qochgan suv,
Umr ko‘rkin ochgan suv.
Bilib turib odamzot
Tiyinlarga sotgan suv.

Hoy oqar suv, shoshgan suv,
O‘ziga yo‘l ochgan suv…
Jonivorning hammasi
Kechib, depsab ichgan suv.

Hoy oqar suv, oqqan suv,
But olamni boqqan suv.
Ammo goho qadri yo‘q,
Yomon so‘zlar uqqan suv.

Hoy oqar suv, yerga yor,
Yo‘llaring emasmi tor?..
Qanday qilsang, ne qilsang,
Topadirsan e’tibor?..

Oqmay qo‘ysang bo‘lib mot,
Qotar edi odamzot.
Bir tomchingga bir o‘g‘lin
Sotar edi odamzot!..

* * *

Bilmam qanday, ne xayolda qatorim?
Men taqdirning zaharini totibman.
Zamonamning keragiga yaramay,
Erta qurib, muzlab borayotibman…

Bilmam qanday, ne xayolda qatorim?
Men yozug‘ning botqog‘iga botibman…
Og‘ir kunni yenga olmay, kurashmay,
Qiyilgan tol kabi sinib yotibman…

Yashayapman shod-u xafa kunlarda,
Qora tilak, yomon o‘ydan nariman.
Bilinmasdan o‘tadirman — farqi yo‘q,
Bir kechaning yog‘ib ketgan qoridan…

Toza yurdim, berilmay yomon ishga,
Haromlikka bo‘ldim halol doriday.
Do‘st-u elga aniq edi maqsadim:
Bir kechaning yoqqan oppoq qoriday…

KUNGA

Sen odamga yashash zavqin taratding,
Qiziqtirib,tang qoldirib qaratding.
Tug‘ar chog‘i o‘lib, qayta tirilgan
Ona bo‘lib bu dunyoni yaratding.

Safar tortib, oshib necha adir-qir,
Talay yillar kelmay qo‘yib negadir
Ota qurg‘ur og‘rib qolar, netgum deb
Qo‘rqqan kabi. Qo‘rqqaning shu dunyodir.

Biroq dunyo o‘y-fikringga qaramay,
But dardingni bir uqishga yaramay,
Sho‘xlik qilib, chang solyapti erkicha
Ota-onaga toshmehr bir boladay…

BEMOR ShOIR

Bemor oqin,
O‘yga yaqin,
Og‘rib, holsiz o‘ltirar.
Bilmay oqin
Farqu narxin
O‘lim u yoqqa yo‘l burar…

Bemor oqin,
So‘zi oltin,
Holsiz, yolg‘iz o‘ltirar.
Netsin oqin,
Oq qog‘ozin
Satrlarga to‘ldirar…

Bemor oqin,
Umri ortin
Qalami bilan saqlar…
Tanish do‘stlar,
Qora ko‘zlar
Eslashsin deb bir chog‘lar.

Bemor oqin,
Sog‘lik narxin
Turar bilib, o‘ksinib…
Kimdir kelar,
Kimdir ketar,
To‘ldirib yer ko‘ksini…

Bemor oqin,
O‘ylab boqqin,
Bizdan elga ne yetar?..
Biz o‘tamiz,
Bo‘lsa tamiz,
She’r qoladi to‘rt qator…
Zamon xolis,
Mardlik, nomus
Kerak bo‘lur, ber qani!..
Jon chiqqancha
Qadrlaylik
Umr, ota-onani!..

* * *

Pishqirgan tulporday sho‘x, arqirab,
Yigirma besh kirib keldi yarqirab…
Qarasa, vaqt o‘tibdi, qolaverdi
Yashalgan but yoshlar tani zirqirab…

Ketdi, ketdi bolaliklar oshiqday,
Yoshlik — ortga qaytmas olov o‘qday.
Kundalik o‘yin kabi qoldi esda
Oz kuylanib, unutilgan qo‘shiqday…

Xayr, yillar, siz tufayli tosharman,
Qayqib uchgan lochin kabi pisharman.
Orti — o‘kinch, oldi qiziq qo‘yningda
Oz yashadim, yana ozroq yasharman…

OYNAGA QARAR YaNGAM

Tosh onasi ko‘rsatgan yuzga qarar,
Qunduz sochin erinmay qayta tarar.
Kerilib, kulimsirab, qosh uchirib,
Aksidan zavq olishga obdon yarar…
Ko‘ngli to‘q, kemtik emas bironta joy,
Ichida mendan go‘zal kim, degan o‘y…
Lipillab nari ketar, kelar qaytib—
Tik poshna, shohi ko‘ylak, o‘rta bo‘y…
Bilgandan pardozning sir-ishlarin,
Boshladi upa, bo‘yoq surishlarin…
Yangam bo‘yoq aybini tez topa oldi,
Ko‘rmadi biroq yuzin tirishlarin…
Ayon: odam o‘zin aldar erta-yu kech,
Tan olishga topolmaydi o‘zida kuch.
Er to‘zar, tulpor qarir, uchgan tolgay,
Ammo biron ayol ko‘ngli qarimas hech.
Suluvlar xafa bo‘lur aytsak, bizda,
Qabul qilish, qilmaslik erki sizda.
Aslida biz ham shunday xayoldamiz:
Erkak qurg‘ur har qachon o‘n sakkizda!

BIR SULUVGA

Xayr, erkam, xo‘shlashdi deb torinma,
Meni kutma, meni eslab, sog‘inma.
Yosh kezdagi olov sevgi yo‘q ekan
O‘ttiz yoshning, qara, nari yog‘inda.

Xo‘sh, sevgilim, xo‘shlashuvga torinma,
Yaxshi eding men sevmagan chog‘ingda.
Pok sevgidan ko‘ngil qolish ko‘p uchrar
O‘ttiz yoshning, qara, nari yog‘inda…

Sen kaptar bo‘z shunqorga dam bergan,
Chiqarilgan uchgandan so‘ng kerakdan.
Sevgi degan — lablardan o‘pish emas,
Sevgi degan — o‘t sochishuv yurakdan.

Sen bir bog‘sa — mevalari kelishgan,
Men yo‘lovchi — unga og‘iz tegizgan…
Sevgi degan — o‘pish emas yuzlardan,
Sevgi degan — suzib o‘tish dengizdan.

Sen bir uzum-pishib turgan oltin tus
Ayriliq ham yoqmas armon bag‘rini…
Sevgi degan-kuylash emas bol xo‘plab
Sevgi degan-sipqorish ishq zahrini!..

Shirinsizu achchiqsizlar, suluvlar,
Aldaysizlar dilga solib g‘uluvlar…
Qancha bo‘lsa sening shohi ko‘ylaging,
Yuragingda shuncha sevgi ulug‘vor…

Mening ishqim bita-yurak qalqonim,
O‘sha ham yo‘q, agar bo‘lsa top, qani!..
Menga ishonma, esga solib hammasin,
Kulib yurgum senga o‘xshab, aldanib…

Usmon Temur tarjimalari

MEN YO‘LOVChI

Men yo‘lovchi, tug‘ilgandan o‘lguncha,
Yayov yurib zerikmagan, erinmas.
Olis ekan chiqqan yo‘lim qarasam,
Yurgan bilan yo‘l adog‘i ko‘rinmas.

Men yo‘lovchi, ulov nasib etmagan,
Zahmat bilan ketmoqdaman piyoda.
Hali-beri qarimaydi safarim,
Oldimda yo‘l hali bisyor, ziyoda.

Qirdan turib ko‘z yugurtsang ortimdan,
Otgan o‘qdek shiddatim zo‘r begumon.
Namoyondur gar qarshimdan kuzatsang,
Elkasida tog‘ ko‘targan pahlavon.

ARMON

Bilmam, qanday o‘yda ekan do‘stlarim,
Qismatimdan ranjib, g‘amga boturman.
Zamonamning bir koriga yaramay,
Erta so‘lib, muzlab borayotirman.

Bilmam, qanday o‘yda ekan do‘stlarim?
Taqdir meni yaratmabdi bus-butun.
Nahot qurib, erta singan niholday,
Imoratga bo‘lolmasam bir ustun?

Hazar qildim doim harom luqmadan,
Pok umrdan qaddim adl, serviqor.
Hech kimsaga choh qazmadim baxildek,
Bosgan izim loydan xoli, oppoq qor.

TENGDOShLARIMGA

Yarashmas fe’li torlik mard yigitga,
Saxiy bo‘l, esh bo‘lib saxovatga.
Razilu qitmir, xudbin bo‘lsang agar,
To abad erishmaysan kamolotga.

Yaxshiga yo‘liqsang gar, qadrin bilgin,
Yomondan ham topish mumkin yaxshi xislat.
Er yigit zakiy bo‘lar, ham vallomat,
Bandasidan qidirmaydi faqat illat.

Marrani ko‘zlab chopar har bir bedov,
Sohibchangal qush umidi doim shikor.
Birodar, o‘z qadringni unutma, lek,
O‘zganing qadriga ham yetmoq darkor.

Qozoningda doim bo‘lmas qazi-qarta,
Oshig‘ing gohi olchi, gohi chikka.
Odam borki, bir-biriga yo‘lak-tirgak,
Yiqilganga ko‘mak xosdir yigitlikka.

Gohi loyqa, gohi zilol bu umrda,
O‘lguningcha esdan chiqmas shirinsuxan.
Yigit misli o‘sayotgan chinor bo‘lsa,
Duo, olqish hayotbaxsh unga o‘zan.

Bizga yor shunday ulug‘ tinchlik zamon,
Onaday, barchamizga teng, mehribon.
Lek, afsus, birdek emas besh panjamiz,
Yaxshilarning qatorida bordir yomon.

NASIBA

Kim sevmaydi navqiron yosh faslida?
Sevgi shirin bir ne’matdur chindanam.
Yosh tanlamas ishq, muhabbat or emas,
Biz sevamiz, sochga qirov insa ham.

Bu borada menda qiziq sarguzasht –
Sevganim bor ikki qizni ayni dam.
Qanday kechdi bu qissaning adog‘i,
Qulog‘ing tut, so‘ylab beray senga ham

“A” si doim meni ko‘rib qizarsa,
“Z” sida-chi, bo‘zaradi rangi-ro‘y.
Bu qizarish, bu bo‘zarish – bir belgi,
Ikkovi ham men haqimda surar uy.

Qo‘sh sohilga bitta xavfli yakka cho‘p,
Ko‘p qiynadi meni ikki zormanda.
Men yanglishib, bo‘z sohilga o‘tvolib,
Bir umrga qolib ketdim armonda.

O‘TTIZ YoSh

Umr nega ne’matlarning eng ozi?
Unga hokim taqdir degan tarozi.
Biroq savil, ozligi ham mayli-yu,
Uning o‘qdek shiddatidan qotar bosh.
Kechagina anov qirda yo‘q edi,
Qaydan chiqdi bu suvoriy o‘ttiz yosh?

Tulporiga qamchi bosar damba-dam,
Manzil sari yeldek uchar bedov ham.
Ajab, shuncha olismi yo bekati?
O‘zandagi suvday bedor odamzod.
Shuning-chunmi tinim bilmas umrda,
Meni doim shoshiltirar bu hayot.

Bugun shodman, o‘tgan kunni unutdim,
Shunday ketsam, indinim ham g‘aflatda.
Yoshlik – shabko‘r, ajal kelsa bir kuni,
Manglayimni silab qo‘ymas, albatta.
O‘ttiz yillik umr mendan yuz burib,
O‘tdi-ketdi, bir lahzalik fursatda.

Shayton ko‘rdim – buncha qaysar, buncha koj,
Qarshisida inson ojiz, beiloj.
Hayot-mamot chegarasi – o‘rtasi
Mo‘jizakor yashil yaylov-o‘tloqday.
Topilmaydi biron bo‘sh joy, puchmog‘i,
Rizq-ro‘zga kon, qaynab turgan buloqday.

Umrimizning gultojidir yoshlik dam,
Bahosiga ojiz oltin, yoqut ham.
Peshin o‘pib, bir bor tavof qilish-chun,
Bir lahzaga to‘xtatolmay men halak.
O‘ttizimdan tonib ortga qaytishga,
Izn bermas, vaqt – qaysar charxpalak.
Tonar edim, tonganimdan ne foyda?

Gijinglagan o‘n sakkiz yosh sen qayda?
Uzoq umr tilab qilgin ibodat,
O‘ttizdan ham ko‘prog‘i-ku yaxshidir.
Ajal bilan bas boylashib, el uchun
Xizmat qilsang, o‘tgan umring naqshdur.

O‘ttiz yoshli bu suvoriy betinim,
Faqat olg‘a yelayotir intilib.
Oti chopar, qismat uni beayov
Ta’qib etib, qamchi bosayotganday,
Olisdagi sirli ufq qa’riga
Sarob kabi singib borayotganday.

To‘xta umr, bir lahzaga to‘xtab tur!
Ko‘zing vahshiy, ranging zahil, buncha sur.
Sen o‘jarga iltijolar ikki pul,
Toshbag‘irsan, senga xosdir bu qusur.
Sen qaysarni dog‘da qo‘yib, ming o‘lib,
Ming tirilib, yosharmasam qarab tur!

Umr nega ne’matlarning eng ozi?
Unga hokim fursat degan tarozi.
Biroq savil, ozligi ham mayli-yu,
Uning o‘qdek shiddatidan qotar bosh.
Kechagina anov qirda yo‘q edi,
Qaydan chiqdi, bu suvoriy o‘ttiz yosh?

YaNGAMGA

Yo‘l bo‘yida bizning ovul Qayinli,
Namozgarda, har kun poda qaytgan dam,
Tanlaganim yilqilarning ichidan
Menga ulov yetim to‘riq toy ildam…

U damlarda o‘pkam ekan qo‘ltiqda,
Shaddod edim men polapon kezimda.
Toy yeldirib, poyezd bilan yonma-yon,
Kim o‘zarga baslashganim esimda.

Uchqur yoshlik u paytlarda manziling,
Gulzor edi, kakkuga ham oshiyon.
O‘smirlikning toleidan sarxush, mast,
Men ham asov toychoq edim begumon.

Hash-pash demay, o‘n besh yillar oradan,
O‘tib ketib, uyga kelsam ta’tilga.
Yangam mendan “Amaling ne” deb so‘rab,
Taklif etdi bo‘za to‘la satilga.

Yuragimga tig‘day botdi bu so‘zi,
Arosatda yig‘laymi, yo kulaymi?
Havolarda “Akang shoir” deb yursam,
Bu savoldan mulzamlikda o‘laymi?

Til aylanmay, chapni burib jo‘rtaga,
Holin so‘rab, “Yurt omonmi” deb qo‘ydim.
Shoir bo‘lib yolchitmabman chamasi,
Ne-chun yana o‘zga bino, zeb qo‘ydim?

Balandroq ol parvozingni ilhomim,
Durlar teray she’r ummonim qa’ridan.
Qancha sohir go‘shalar bop ko‘rmagan,
O‘ttiz yoshning dovonidan narida.

SAXOVAT

Obi hayot oddiygina suvlarday
Oqib yotsa qadam yetmas xilvatda.
O‘zim ichmay, umri boqiy bo‘lsin deb,
Ulashardim odamzodga, albatta.

Chunki, bu suv bir o‘zimga nojoyiz,
Inson zoti tez qarigan bir ojiz.

Obizamzam mangu qaynar buloqday,
To‘xtamasa, to qiyomat qaynovin.
Tani sog‘lom, filday kuchli bo‘lsin deb,
Odamzodga burar edim paynovin.

Bu qarorga kelganimga bir isbot —
Odamiyzod ko‘p horigan maxluqot.

Luqmon Hakim meros qilgan giyohlar,
Serob bo‘lsa har qadamda, hamisha.
Ulashmoq-chun ming bir dardga davo deb,
Undar meni savob degan andisha.

Ne-chun yurgum bu xayol-la men bedor?
Odam borki, bir kasalga giriftor.

Inson joni topilsa gar attordan,
Ikkilanmay, ko‘plab xarid qilardim.
Uzoq umr, ham farovon hayotni
O‘zimgamas, o‘zgalarga tilardim.

O‘zgartirib picha taqdir azalni –
Qoldirardim dorda savil ajalni.
Angishvona, saqich, xushtak qatori,
Go‘dak umri sotilsa-chi, rastada.

O‘zim olmay, ulashardim odamga,
Farzand dog‘i ezgan, dili xastaga.
Bola umri bo‘ldi nechun xaridim?
Bashar nasli bola munis, g‘aribim.

Hatto meni yomon ko‘rgan kimsaning,
Joni uchun kelgan bo‘lsa Azozil,
Agar jonim juft bo‘lsaydi, uning-chun
Berar edim bittasini behazil.

El dardin chek, yakka darding dard emas,
El g‘amidan yiroq kimsa mard emas.

QALAMGA

Sen hamrohim, sen quvvatim, sen baxtim,
Mangulikka hamkorlikka unatdim.
Seni sevib qallig‘imdan ham burun,
Yuragimning yarmisidan yaratdim.

Egizakmiz, tobutgacha totuvmiz,
Mash’alimsan, zulmatda ham rahnamo.
Vashingtonning dollariga alishmam,
Xazinamsan, qaynarbuloq, bebaho.

Zimmangdadir el nomusi, ishonchi,
Yo‘ldan toymay, odimlagin haq sari.
O‘rt oralab borayotgan, zuvillab,
Sen davrimning tanka mingan askari.

Zamon devkor, bellasholmas barcha ham,
Zamon daryo, qiyosi yo‘q, seli bor.
Qancha qiyin yo‘llar bosdik, baqamti,
Yana mushkul dovon serob, beli bor.

Agar vatan kerak desa, biz shaymiz,
Er erki-chun jon berishga ham tayyor.
Qalbi daryo botirlarmiz, toleli,
Er sharining ozod kunji bizga yor.

Shunday shonli yo‘lda tugab safarim,
Tun yamlasa, kunduzni o‘z komida.
Kunim bitib, mangulikka bosh qo‘yib,
Qazo yetib, qolsam ajal domida.

Shu zahoti hayallamay qalamim,
Ortmoqla-yu, keng vodiyga darhol yet.
Ko‘p yig‘lamay, to‘lqinlarga yaqinroq,
Issiqko‘lning sohiliga dafn et.

Ko‘l mavjlari qilib tursin ziyorat,
So‘nggi yotgan manzilimga berib zeb.
To‘lqinlari shivirlashsin: “Shoirning
Yur, ko‘raylik, uxlab yotgan yerin deb”…

Bizning turmush, bizning davr g‘aroyib,
Manglaylarga ajin solgan o‘q-chiziq.
Qonlar to‘kib erishilgan bu hayot,
Haqqi rosti, g‘oyat shirin, eng qiziq..

Sen hamrohim, sen quvvatim, sen baxtim,
Mangulikka hamkorlikka unatdim.
Seni sevib qallig‘imdan ham burun,
Yuragimning yarimidan yaratdim.

UMRINGDA DARZ BO‘LSA, ShE’RDIR ChEGAChI

Kashshof edik, yangi zamon farzandi,
Buynimizda alvon bo‘yinbog‘ edi.
Davrimizning soniyasi – mo‘jiza,
Erkalatib, dimog‘imiz chog‘ edi.

Bir bor kelgan bu besh kunli dunyoga,
Bir kun bersak o‘zimizga hisobot,
Esiz, umr yelga ketgan ekan deb,
Armon bilan chekmasak bas, xijolat…

Umringda darz bo‘lsa she’rdir chegachi,
Shunday bo‘lgach, qista ilhom tulporin.
Yaraylik biz zamonning bir koriga,
Hech kim bilmas umr chekin, miqdorin.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev, Qurbon Sattor tarjimalari