Abdurahmon Alimboyev (Abdraxman Alыmbayev) – 1956 yilda tug‘ilgan. Qirg‘iziston universitetining tarix fakultetini bitirgan. Shoirning yetti to‘plami nashr etilgan. 2009-2011 yillarda Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi raisi bo‘lgan.
Turon zamini
Ulug‘ tog‘dan boshlanadi Sirdaryo,
Suvlari cho‘ng qoyalarga bulanib.
Biz Turondan kelayapmiz qadimiy,
Biz Turonga borayapmiz ulanib.
Bu aymoqda qirq ulug‘ el yashagan,
Bir zamonlar ot o‘ynatib alplari.
Bu yer azal qirg‘iz yurti atalgan,
Bu ko‘k azal o‘g‘uzlarning minbari.
Ushbu maydon uzra chopgan ko‘chmanchi,
Ushbu cho‘ldir telba-terslar o‘tgan cho‘l.
Mana bu tog‘ – sig‘ingan tog‘ o‘g‘uzlar,
Mana bu ko‘l – yulduz qaynab cho‘kkan ko‘l.
Quyosh sachrab chiqqan yerga yetguncha
Bari o‘g‘iz ellarining makoni.
Kun botishi Karpat bilan cheklanar,
Bir yoni hind, eroniylar bir yoni.
Qancha yovqur bobolarim jon berdi,
Vatan qo‘rib ketdilar tinch uyquga.
Turon bizning azal ota yurtimiz,
Turon bizning makonimiz manguga.
Ulug‘ tog‘dan boshlanadi Sirdaryo,
Suvlari cho‘ng qoyalarga bulanib.
Biz Turondan kelayapmiz qadimiy,
Biz Turonga borayapmiz ulanib.
Arg‘umoq ot
Jarda qashqa tulpor otim,
Tusing – qizil oltinday.
O‘rim-o‘rim yoling sening,
O‘rlaguvchi yolqinday.
Ota-bobo yo‘lin ulab,
To‘siqlarni buzaylik.
Oltin yugan solgan otim,
Oyni ko‘zday chizaylik.
Ikki ko‘zim kulgu sochib,
Gullab tursin quchog‘im.
Kumush yugan solgan otim,
Kunday bo‘lsin uchmog‘im.
Seni ko‘rib dushmanlarning
O‘chsin sariq turqlari.
Dupuringdan dengiz to‘lib,
Zir titrasin yer shari.
Bor Osiyo oralab,
Mag‘rib tomon boraylik.
Bobolarning izi bilan
Yovqurlikka yaraylik.
Otlig‘ ellar kelmoqda deb,
Jo‘shib xabar beraylik.
Chu! Jonivor! Arg‘umog‘im –
Er aylanib kelaylik!
Qirg‘iz tilidan Shahriyor tarjimasi