Sapfo (Miletlik Safo) – Qadimgi yunon shoirasi. Mashhur To‘qqiz shoirdan biri. Eramizdan avvalgi VII asrning ikkinchi yarmida Lesbos orolida tug‘ilgan. Lesbosdagi asilzoda qizlarning she’riyat, musiqa va ashula maktabiga rahbarlik qilgan. Rivoyatlarga qaraganda, Sapfo baxtsiz muhabbat tufayli Levkad qoyasidan o‘zini dengizga tashlab, bevaqt vafot etgan emish. Biroq bu gaplar haqiqatdan yiroq. She’rlarida aka-ukalari, qizi haqida ma’lumotlar uchraydi. Sapfoning turmushga chiqqan, Kleida ismli qizi bo‘lgan. Shoira uzoq umr ko‘rgan. Muhabbat, kuchli dard, azobli ehtiros Sapfo she’riyatidagi bosh mavzu hisoblanadi. Aflotun Sapfoni betakror iste’dodi uchun “o‘ninchi muza” deb ta’riflagan.
* * *
Agar kim go‘zal bo‘lsa,
Faqat ko‘zga quvonch, nur.
Agar kim yaxshi bo‘lsa
Shundoq ham go‘zal erur.
* * *
Hilol botdi. Hulkar yulduzi
Ko‘rinmaydi. Yarim bo‘ldi tun.
Muncha ham tez o‘tar vaqt o‘zi…
Yana yolg‘iz uxlayman bugun!
* * *
Menga jondek aziz
Qizim, jonginam,
Bahorning tillarang
Guli-Kleidam!
Seni bermam dunyoda
Bor tillaga ham.
* * *
Qahr nima, bilmaydi hali
Yurakkinam, go‘dak misoli.
* * *
Madhiya yangragan chog‘,
Raqsga tushadi quvnoq,
Krit qizlari bari.
Maysazorlar ustida,
Nozik oyoqostida,
Toptalar qir gullari.
* * *
“O, bokiraligim, iffat, sharaf-shon,
Nechun meni tark etding.”
“Seniki bo‘lolmam endi hech qachon,
Mangu tark etib ketdim”.
* * *
Kelishing menga quvonch. Talpinib hasrat bilan
Vaslingga zor yashadim. Sen tashna yuragimni
Qayta hayot baxsh etib, yoqding muhabbat bilan.
Ayriliqda yashadik ikkalamiz uzoq vaqt,
Endi ayriliq qarzin qabul et, qadrdon do‘st,
Yaxshi tilaklar senga! menga esa quvonch, baxt.
ALKEYGA
Men sevaman yoshlikni
Hamda quyoshni takror,
Erkalik jonu dilim
Mening Qur’am bo‘lguvchi
Oftoboyim rangida.
Jilvalarga to‘lguvchi,
Go‘zallikka maftunkor.
* * *
Tog‘lardan kelar oqib
muzday irmoq o‘ynoqi.
Olma shoxi jonlanar
Quvnoq shildir-shildirdan.
Titroq yaproq uyg‘onar
Shirin uyqudan birdan.
Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimalari.
* * *
Aziz ona! Bu dastgoh
Charchatar borgan sari
To‘qiy desam yo‘q mador.
Dilda anduh ila oh,
Nozik sarv daraxtlari,
Zoriqqan ko‘zlar bedor.
Oygul Suyundiqova tarjimalari
* * *
O‘rmak
tegib ketdi jonga,
onajon!
O‘rmak to‘qish uchun
qolmadi holim.
Go‘zal Kipridaning
sehru jodusi
oldi ixtiyorim,
bitdi majolim.
* * *
Bokiralik, bokiralik
mendan qochib
qayga ketding?
Sendan kechib,
yoningga hech
qaytmaydigan joyga ketdim.
* * *
Tog‘dan tushgan jilg‘a olma daraxtining
Poyiga bosh urib kuylar devona:
Lazzatlanib titrab ketar barglari,
Ko‘zlari yumulib ketar mastona.
* * *
Kimning husni go‘zal bo‘lsa –
Faqat ko‘zni quvnatar.
Kimning xulqi go‘zal bo‘lsa –
Jonu dilni quvnatar.
ALKEYGA JAVOB
Agarda niyating bo‘lmasa yomon,
Dilingni yashirmay etarding izhor.
Uyalmay yaxshi so‘z aytarding ravon,
Diling bo‘lar edi tilingda oshkor.
* * *
Oy yonida xira tortar yulduzlar –
Parda bilan to‘sar nurli yuzini:
Faqat u falakda yashnasin porlab,
Sharaflaymiz faqat uning o‘zini.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi