Yan Bjexva (Jan Brzechwa), haqiqiy ismi Yan Viktor Lesman (Jan Wiktor Lesman; 15 avgust 1898 — 2 iyul 1966) — polyak shoiri, yozuvchi, tarjimon. «Bjexva» taxallusi ma’nosi – «hazilkash», «laqma».
PIShLOQDAGI TEShIKLAR
– Ayting,
Bu qanday jumboq,
Nega teshilgan pishloq?
Aslida pishloq pishgan,
Kim uni atay teshgan?
– Teshgan men emas,
Boshqa, –
Xur-xurlab dedi Cho‘chqa.
– Qiziq, –
G‘o-g‘oladi G‘oz. –
Fol ochmoq
Mushkul biroz.
Yig‘laguday dedi Qo‘y:
– Qiyin masala, voy-bo‘y!
Hech kim bo‘lmasa iqror,
Ba-alkim biladi Qo‘chqor?
– Bunga sabab mushuklar,
Shundan barcha teshiklar, –
Dedi xonaki Ko‘ppak,
Pishloqni hidlab jindak.
Mushuk tomdan pishqirdi,
– Men emas, – deb qichqirdi. –
Bu aniq Sichqon ishi,
Shundan pishloq tirqishi!
Qaydandir keldi Qarg‘a,
Ish bo‘yicha bosh darg‘a.
Yuklandi unga shu ish –
Pishloq bo‘yicha taftish.
Qarg‘a ishga kirishdi,
Balki dersiz: “Ish pishdi!”
Qarg‘a kalomin o‘qib,
Eb qo‘ydi uni cho‘qib!
Qoringa ketdi pishloq,
Baqirdi butun qishloq:
– Falon, talon, pismadon,
Pishloqni qildi gumdon!
Uchib chiqib devorga,
Qarg‘a dedi:
– Bekorga,
Qilmang meni haqorat,
Pishloq bo‘lmadi g‘orat!
Teshikka tekkanim yo‘q,
Bekorga yeganim yo‘q!
To‘g‘ri, pishloq yo‘qoldi,
Lekin teshiklar qoldi!
Shunday tugadi bu bahs,
Jonzotlarga bo‘ldi dars.
Lekin hech kim bilmaydi
Tugamas bu qo‘shiqlar:
Paydo bo‘lgan qayoqdan,
Pishloqdagi teshiklar?!
ShAFAQ OROLLARIDA
Etti iqlim narida,
Shafaq orollarida
Hamma o‘ynab-kularmish,
Boshi bilan yurarmish.
Demishlar, unda yashar,
Chang chalib, o‘yin tushar,
Uch boshli Kit yalmog‘iz,
Qo‘shiq aytarmish yolg‘iz!
Charxoyoqda charx urib,
Tog‘u tosh haybatida
Uchar emish chavaqlar
Pomidor sharbatida.
Hatto bir mushuk hayhot,
Haydar emish vertolyot!
Sambittol nok tugarmish,
Shokolad, shirmoy nonlar.
Suvda sakrab yurarmish,
Erdagiday quyonlar.
Kattalarga bolalar,
Dars berarmish maktabda.
Har turli mo‘jizalar,
Bisyor emish albatta
Etti iqlim narida,
Shafaq orollarida
Ba’zida jindak afsus
Qilaman, alalxusus,
Izlasak ham ko‘p sarson,
Topolmasmiz hech qachon
Shafaq orollarini,
Uchqur shamollarini.
ELIM
Tez qochinglar, qochdi, hoy,
Oshxonadan Yelimvoy!
Kim duch kelsa, qaramay
Elimlaydi ayamay!
Elimlandi idishlar,
Qoshiq, sanchqi, ilgichlar.
Lampachiroq, tovoqlar,
Turli kiyim, qalpoqlar.
Ota ham qo‘lga tushdi,
O‘rindiqqa yopishdi.
Kitob, ko‘rpa, o‘yinchoq,
Bolish, choyshab, qo‘g‘irchoq,
Pol va shiftni so‘ng shoshib,
Elimlab, ketdi qochib!
Kim yo‘lda imilladi,
Zum o‘tmay yelimladi.
Baqqollik oynasidan,
Angrayib boqdi anqov.
Og‘zini ochmasidan,
Yopishib qoldi darrov!
O‘rindiqlar yelim,
Bas,
Kim o‘tirsa,
Qo‘zg‘almas!
It mushukka xezlandi,
Zum o‘tmay yelimlandi!
Tramvay tutdi boshin,
Elimlandi yuk moshin!
Olisdan ko‘rib atay,
Yordamga chopdi posbon!
Bechorani pashshaday
Elimlab qo‘ydi oson.
Nima qilsak,
Chora yo‘q!
Bari birday yopishdi.
Buyum, jonzot, ho‘l-quruq,
Og‘iz-burun o‘pishdi.
Bir-bir o‘char chiroqlar,
Yumiladi qaroqlar.
Ko‘zlar uyquga to‘ldi,
Sen ham uxla,
Vaqt bo‘ldi!
KUChUKChA QAYG‘ULARI
Mittigina jussasi,
Lekin ko‘pdir g‘ussasi.
Xalal berishar ishga –
Pianino g‘ajishga.
Yog‘och o‘lguday taxir,
Tergamoq shartmi, axir?!
G‘ussalar tinchlik bermas,
Nega suv quruq emas?
Qo‘shnini tishlolmasa,
Mushukni ushlolmasa,
Osmondan suyak yog‘mas,
Unga bu ishlar yoqmas.
Sohibiga vafodor,
Tag‘in qanday xato bor?
Ovqat keldi, bas, yetar,
Qorin to‘ygach, g‘am ketar!
Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimasi