Siprian Kamil Norvid (Cyprian Kamil Norwid) o‘z ijodi bilan polyak adabiyoti tarixida yorqin iz qoldirgan siymo hisoblanadi. O‘ta murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tgan Norvid ijodiy merosining katta qismi yo‘qolib ketgan. Shoirning asarlari Varshava, Peterburg, Parij, Londonda nashr etilgan to‘plamlarda saqlanib qolgan.
BO‘RON
(parcha)
Ildamroq, yosh do‘stim! Yaqindir jarlik,
Osmon gumburlaydi – yangi guldirak.
Gulxandan chiqasan, yulduzlar, borliq,
Seni nurlantirar olmos chambarak.
Sellardan kechasan, garchand yuk tashlar
Ulkan xarsangtoshlar oqsa-da, aslo
Seni bosib qolmas la’nati toshlar,
G‘ingshiyotgan, uysiz it kabi, illo.
Ofatlarda yolg‘iz kurashda bedor,
Tovushing eshitmas hech kim, ehtimol.
Ko‘z yoshlar besamar, iltijo bekor,
Bundayin bo‘ronda topgusi zavol.
Sehrgar tumorlar kuch qo‘shar, tutar,
Qo‘lingdan tushmasa bas eshkaklaring.
Cho‘kmaysan ummonga, chirpirak etar
To‘lqin yollarini yosh mushaklaring.
Bir qultum ichsang gar yuragingdan to
Dengizga qadarlik – ilohiy hayrat.
Mo‘jiza jilvagar bulutlar aro
Sen ularni ushlab qolasan albat.
Eng uzun yo‘lga tush jo‘shqin va mag‘rur,
Bo‘ron shon-shuhratga bersa-da xalal.
Safdoshlaring – suyanch, o‘ylaringda nur,
Dunyoga keladi muazzam haykal!
UCh BAND
Menga azob berding, deya aldama,
Yo‘l solding ming yillik ayriliq sari.
Ummon tublariga ko‘zing qadama,
Ko‘mdim ko‘z yoshlarim – marvaridlarim!
O‘ylama, quvonchli lahzalar faqat
Baxtiyor muxlislar taqdiri – bekor.
Borliq bo‘m-bo‘sh, rangsiz demagil, hayot
Bir bora berilar dilbar, betakror!
Olis xayol surma, mabodo men ham
Gullata olmasam orzularingni.
Omadsiz yulduzlar ostida bu dam
Qabul et uzrimni, tuyg‘ularimni.
SO‘RAMA…
Shoirdan so‘rama jo‘n qo‘shiq,
Tovush qotdi – sira kelmaydi.
Sukutdaman, oqmadim jo‘shib,
Guldan bug‘doy yasab bo‘lmaydi.
Men dunyoning yolg‘iz g‘aribi,
Yuragimda g‘alayon, sehr.
Muhabbatim – menday g‘aribim,
Bir yon – nafrat, bir yoni mehr.
Birodarim, kengliklar aro
Kezar ruhim olgan kabi o‘t.
Og‘riqlari sog‘inchning – daryo…
Kel, yaxshisi saqlaymiz sukut.
Kalava ip yigirar tinmay
Yuragingda charxchi beshafqat.
Tangri seni qo‘llaydi , sinmay,
Sabrli bo‘l, sabrli faqat.
LIRIKA VA MATBUOT
1
“Muhabbat bobida she’rlar to‘qidim…”
Dedingmi munofiq, firib berguvchi:
Nega barmoqlaring titramaydi, jim,
Sen shoir emassan – harf teruvchi!
2
Liraga qaraysan bepisand, unut,
Qo‘lingga olsangu, chalsangu qo‘ysang!…
Qo‘shiq – qanotlari yarqiroq burgut,
Qoning bor, joning bor, oh, qani to‘ysang!…
3
Senga nechun lira – mavzu turganda,
Ruhlar esa doim ruhlarga joiz.
O‘ylar o‘ylaringga selday urganda
Hech narsa ko‘rmassan, bilmassan, essiz…
4
Foydaxo‘r sanaydi har bir chaqani,
Beparvo dunyoning kamu ko‘stiga.
Ravo ko‘rmas senga hatto taqani,
Duch kelma hech qachon bunday nodo‘stga.
HAYKALTAROSh
Haykaltarosh – mohiyat va sir,
Shular bilan tirik ko‘z solsang.
Akslanadi ruhingda parqu
Ilohiylik o‘zing-la qolsang…
Yuksalasan, o‘sasan bardam,
Qo‘llaringni ochsang – cheksizlik.
Tasavvurga sig‘maydi olam,
Uchib chiqsang qanotlaring tik!
Suvrat chizar odamlar zarhal,
Tebratadi beshiklarni jim.
Raqsga tushar, yaratar haykal,
Bu – musavvir, bu-chi, – nusxachim.
Tuproq kabi tashnadir barcha
Yomg‘ir isi, tovushlariga.
Ruhingizni etmasin parcha:
– Ko‘nmang ohang sovushlariga!
Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi