Miron Byaloshevskiy (1922-1983)

Miron Byaloshevskiy (Miron Białoszewski) – shoir va dramaturg. Shoir tovushlarni ifoda vositasiga aylantirgan, inson yuragidan otilib chiqqan nidolar va hayqiriqlarning, tovushlarning suvratini akslantirgan.

NARSALARNING EVRILIShI HAQIDA

Ular evrilurlar
Yana evrilurlar,

Bizni urar chaqmoq bilan.

Eplasang ushlab ol
samoviy vujudni,
ulardan biri
hamisha “qo‘l ostingda” edi…

Kimning tili sezur
somon yo‘li zarralariga
aylangan narsaning
haqiqiy ta’min?

Kim aytdi,
ahmoq yulduzlar
aqlli qismatlar uzra
aylanur deb?

Kim aytdi,
ahmoq yulduzlar bor deb?

MENING SO‘NMAS ShODLIGIM QASIDASI

Zafar arkiga o‘xshagan
pechkam bor mening!

Zafar arkiga o‘xshagan
pechkamni tortib olishmoqda!!

Zafar arkiga o‘xshagan
pechkamni qaytib bering!!!

Tortib olishdi.

Pechkadan qolgani shu
bo‘m-bo‘sh

qop-qora

o‘ra,
bo‘m-bo‘sh qop-qora o‘ra.

Menga shu ham yetadi:

Bo‘m-bo‘sh qop-qora o‘ra
Bo‘m-bo‘sh qop-qora o‘ra
Bo‘m-bo‘sh-qop-qor-a-o‘-r-aa
Bo‘mbo‘shqopqorao‘ra.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi