Edvard Staxura (1937-1979)

Edvard Staxurani (Edward Stachura) zamondoshlari “Yo‘l odami” deb atashgan. Shoir butun Polshani va dunyoning yarmini kezib chiqqan. She’riy matn ustida, ifoda uslubida, fe’llarning zamon kategoriyasida kashfiyotlar yaratgan.

* * *

Bizni
to‘rtburchak qafasga qamashdi,
qanotlarimizni qirqishdi,
buyurishdi:
muhabbat haqida kuylang.
Oramizdan birov
mumdan qanot yasab uchdi,
muhabbat haqida kuylash uchun
qafasdan qochdi,
uni aqldan ozgan, deya
mazax qilishdi,
“qah-qah” kulishib
qanotlariga oyna tutishdi,
shunda… mum erib ketdi.
Quloqsiz bola qafasga qaytganida esa
unga yoqimli jilmayishib
Dedal bilan Ikarni
vatani
Afinaga qaytishga qo‘ymagan
zolim qirol haqida cho‘pchak aytishdi.
Biroq
zulmatda yashovchi maymuntumshuq maxluqlar,
bilib qo‘ying,
oyna nurida
erimas hamma.

INSONNING HAYoTI – YO‘L

Insonning hayoti – yo‘l:
Hamma kelayotir,
Hamma ketayotir…
Qayoqqa ketmoqdasiz? Qayoqdan kelmoqdasiz?
Qayoqqa? Qayoqdan?

Insonning hayoti – faqat tush, xolos:
Yilt etar-da o‘tar-ketar,
Etarmisan –
Etolmaysan?
Etolmaysan!

Bekor! Bekor! Bekor!
Toki tirik ekansan,
Yurmoq kerak! Yurmoq kerak!
Yurajakman!

Bekor! Bekor! Bekor!
Toki tirik ekanman,
Yurajakman! Chopajakman!
Bo‘ysunmayman!

Insonning hayoti – yo‘l:
Goh unda u,
Goh bunda u…
Yo‘l azobi – go‘r azobi?
Yo‘l azobi – go‘r azobi!

Insonning hayoti – bulutdek yuzar:
Bir oz baland,
Bir oz past…
O‘lim ko‘z yummasmi-ya?
O‘lim ko‘z yummaymi-ya!

Bekor! Bekor! Bekor!
Toki tirik ekansan,
Yurmoq kerak! Yurmoq kerak!
Yurajakman!

Bekor! Bekor! Bekor!
Toki tirik ekanman,
Yurajakman! Chopajakman!
Bo‘ysunmayman!

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi