Anna Svirshinskaya (1909-1984)

Anna Svirshinskaya (Anna Świrszczyńska) – shoira, bolalar yozuvchisi, tarjimon. II Jahon urushida hamshira sifatida ishtirok etgan.
She’rlari hayotiyligi, jonli va ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. “Uning “eskicha urf”dagi jiddiyligi, hayotsevar hazili, hayrat va hayajonisiz polyak she’riyati g‘arib va nursiz bo‘lib qolardi” – deb yozgandi mashhur adabiyotshunoslardan biri.
Ilk kitobi «Nazm va Nasr» 1936 yilda chiqqan. Muharrir bo‘lib ishlagan, bolalar adabiyoti bilan shug‘ullangan. Urush yillari Varshavada edi. Uning «Orfey» nomli she’riy dramasi norasmiy tarzda o‘tkazilgan adabiy festivalda mukofotlangan. Varshava qo‘zg‘olonlarida qatnashgan: sanitar bo‘lib ishlagan. Qo‘zg‘olonchilar mag‘lub etilganidan so‘ng Krakovga qochib o‘tadi va umrining so‘nggiga qadar o‘sha yerda yashab qoladi.

“Qora so‘z” turkumidan

ZANJIRBAND KETYaPMIZ

Biz zanjirband ketayapmiz katta suv tomon.
Ortimizdan kelayapti bolalarimiz,
ortimizdan kelayapti xotinlarimiz,
ular ham zanjirband.

Bolalar o‘lishmoqda,
xotinlar o‘lishmoqda zanjirband,
biz hamon to‘xtamay ketyapmiz katta suv tomon.

Barchasi o‘lishdi nihoyat,
biz esa to‘xtamay ketyapmiz hamon.
Biz zanjirband ketyapmiz eng olis, eng katta ummonga.

Katta ummon, bizni suvga cho‘ktirib yubor.
O‘tinamiz, katta ummon.
O qo‘rqinchli katta ummon,
O dahshatli katta ummon,
bizlarni cho‘ktir.

O‘N TO‘RT YaShAR HAMShIRANING
UYQUSIDA AYTGAN SO‘ZI

Agarda dunyodagi barcha o‘q
menga tekkanida edi,
o‘ldira olmas edi ular hech kimni.
Agarda dunyoda nechta odam bo‘lsa,
o‘rniga shuncha marta o‘la olganimda edi,
ular — hattoki nemislar ham –
halok bo‘lmas edi hech qachon.
Faqatgina odamlar
ular uchun o‘lganimni bilmasin –
ichi achib, dili og‘rimasin.

HARAKAT

Men chiqaman, men kiraman
bir makondan bir makonga.
Men chiqaman, men kiraman
bir zamondan bir zamonga.
Men chiqaman, men kiraman
bir sababdan bir sababga.
Kirib-chiqib
sezmay qoldim
allaqachon men
yo‘q – men
yo‘q.

MAKON

Men makonman,
kimsasiz makon.
O‘tinaman,
hech kimni ko‘chirmang menga.
Menga hech narsani tashib keltirmang,
hech nimani joylashtirmang.
Na kursini,
na yakshanbada dam olish umidini,
na karra jadvalini,
na nishon-mo‘ljalni,
na yo‘l harakati qoidasini,
na ismni, yoshni, na jinsni.

Na borliqni titratgan davrni,
na insonga mansublikni, xalqni, qavmni.

Men makonman,
kimsasiz makon.
Menga aslo odam ko‘chirmang,
jihozlarni joylashtirmang,
hech narsani tiqishtirmang,
topganingizni tashib to‘ldirmang.

Men makonman,
top-toza makon.
Har jihatdan yuksakman,
shodman.
Har narsadan xoli,
ozodman.

ASKAR NIDOSI

Mayli, sening o‘qing mundirimni teshib,
yuragimga tegsin,
meni o‘ldirolmaysan, dushman.

Mayli, sening snaryading tilka-pora qilsin
tanamni,
meni o‘ldirolmaysan, dushman.

O‘QNI TEJASh KERAK

– Granatalar tugadi, – dedi mayor.
– O‘qni tejash kerak, – uqtirar mayor.

Yosh yigitlar jonini tejash shart emas.
Axir, granatalar va o‘qlar tugaganda
ularning jasadidan
barrikadalar qurish mumkin.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi

TOMIRDAN OQQAN QONDAY

Ko‘chalar, yo‘llarni
to‘ldirib borar.
Yaradorlarni eltar,
qarilarni eltar,
tugun va bolalarni eltar.

Borishar.
Ba’zan ortga alanglab qo‘yishar:
tutun buruqsaydi ortlarida.

Shaharning
kesik tomiridan oqqan qon kabi
to‘xtamas ular.

QARIYa

Prof. Vladislav Tatarkevichga

Qariya uyini tark etdi,
endi kitoblarin orqalab borar.
Nemis askariga yo‘liqdi,
kitoblarini yulqib, loyga tashladi.

Qariya kitobga egildi,
askar uning yuziga urdi.
Qulab tushdi qariya,
askar uni tepib nari ketdi.

Loy va qonga belanib
yotar qariya
va sezar tagida ezilgan
kitoblarini.

BITLAR

O‘liklar ko‘chasidan chopib boraman,
murdalarni hatlab, tentirab;
ko‘ylak ostida, ko‘kragimda
bitlar
cho‘g‘day g‘imirlaydi.

Faqat ular tirik va men ham…
Birdam qilar endi bu bizni.
Qimir etguvchi jon qolmagan
o‘liklar shahrida
endi ular birodar menga.
Men kabi majolsiz,
jilla qursa, tirik men kabi.

Ammo bu ko‘chadan qutulib chiqsam,
men uchun
charog‘on uy eshigini odam ochgan payt,
men kabi yashashni istagan
bitlari bilan birga qo‘shib,
ko‘ylagimni o‘tga tashlayman.

DUShMAN JASADI

Sen ham qattiq qo‘rqib ketding,
garchi qo‘lingda qurol bor edi.
Sening ko‘zlaringdagi qo‘rquv
butkul o‘lguningcha so‘nmadi.

Quroling ko‘plarning boshiga yetgandi,
ko‘plarni devorga qapishtirganding.
Mana, navbat kelib, o‘zing ham
bo‘yin yegding taqdir izmiga.

Ortingdan jujuqlaring yig‘lab qolishar,
sen yaxshi odam eding
jujuqlaring uchun, albatta.

Dushman, men seni dafn qilaman
sen qon ila bejagan shu zaminga.
Go‘yo, sen dushman bo‘lmaganday,
o‘z bag‘riga olar erkalab.

ASKAR O‘LAYoTGAN PAYT

U yotgan zambilning qoshiga
tiz cho‘kdim,
paltosidan o‘pdim va dedim:
“Sen biram kelishgansanki,
hatto, o‘zing ham bilmaysan,
birovga qanchalar baxt bera olishing.
Sen yashaysan, yigit!
Mening dovyuragim…”

U jilmayganicha tinglardi,
keyin ko‘zlarini yumdi xotirjam.
U bilmasdi, bunday so‘zlarni
aytishardi
faqat askar o‘layotgan payt.

BIR SOAT

Stanislav Svershinskiy xotirasiga

Bola ikki oylik.
Shifokor aytdi:
sutsiz uzoq yashamas ekan.

Onasi kun bo‘yi yerto‘lalar oralab
shaharning u chetiga yetib bordi.
Chernyakovda
bir novvoyning sigiri bor…

U zah tuproqqa bag‘rini berib,
loy va murdalar ora emaklab borar.
Uch qoshiq sut topdi.

Bolasi
bir soat uzoqroq
yashaydi endi.

XUDONING INOYaTI

Ayol to‘shakda jon berar edi,
to‘shak ostiga dollarlar berkitilgan.
So‘nggi yo‘lga kuzatmoqdaydi
uni boshqa bir ayol:
«Tezroq o‘la qolsangchi…»

Keyin qo‘lida, bir dasta dollar,
chopib borayotgan payt ko‘chada…
Bombalar yog‘ildi.
Ayol chinqirdi: «Yo Xudo, meni qutqar!»

Va Xudo qutqardi uni.

Ruschadan Rafiq Saydullo tarjimasi