Voqif Ibrohim (1945-1983)

Voqif Ibrohim (Vaqif İbrahim) 1945 yilda Shaki shahrida tug‘ilgan. M. Azizbekov nomidagi Ozarbayjon neft va kimyo institutini bitirgan. Mehnat faoliyatini jurnalist sifatida boshlagan. Sumgait shahar radioeshittirishlar redaktsiyasida (1968— 1975), “Ulduz” jurnali redaktsiyasida (1975— 1976) ishladi. 1977— 1983 yillarda bolalarning “Go‘yarchin” (“Kabutar”) jurnalida mas’ul kotib vazifasida bo‘ldi.
She’riy faoliyatini 70-yillarda boshlagan. Bir necha kitoblari nashr etilgan. Rossiya va Bulg‘oristonning birgalikda nashr etadigan “Drujba” jurnalida tahrir hay’ati a’zosi edi. Voqif Ibrohim 1979 yildan Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi va yoshlarning sevimli shoiri va ustozi edi.
1970— 1971 yillarda Sumgait yoshlik she’riyat klubining raisi bo‘lgan va yoshlar tashkilotining 30- va 31-qurultoylarida qatnashgan hamda respublika yoshlar tashkiloti Markaziy Qo‘mitasining a’zosi bo‘lib saylangandi.

“SALOM, SORVON” KITOBIDAN NAMUNALAR

BIR KIShI

Zulm bilan topgan nonini
har oqshom bo‘lar uyida —
bir burdadan har bir jonga —
o‘ziga, xotiniga, bolalariga
va sichqon uchun yasatgan qopqonga.

SEVGI

Axlat qutilaridan har kun
non burdalarini yig‘adigan
uy-joyi tayinsiz odam,
bir gal tashlab ketilgan so‘lg‘in gullarni yig‘ardi
xotiniga sovg‘a qilmoq uchun.

AHVOL

Aynan vagonlarning ahvolidaman:
ular uchun po‘lat relslardan
cho‘lga, ozodlikka chiqishning
birgina yo‘li bor – BALO-QAZO.

HAYoT

To‘fonda qochib uyga kiraman,
zilzilada qochib chiqaman cho‘lga.
Boshqa hech bir sabab yo‘q edi
Kel-ket uchun.

JABROILGA TAVSIYaLAR

Yana nimalar?
To‘nka poydevor ustida
hamisha yam-yashil obidalar?
Yana qayerlar?
Asfalt yo‘llar uzra
to‘lib ketgan chuqurlar.
Yana kimlar?
Derazasi kamera devoriga
taqvim kabi osilgan mahkumlar.

KO‘PRIK

Bu kun bildimki,
eng e’tiborli ko‘prik suvning o‘z sathi ekan,
hech vaqt portlatilmaydi, buzilmaydi.

SUIQASD QARORIGA KELGAN BU XOTIN

Suiqasd qaroriga kelib
to‘shlarini quchoqlagan bu xotin
qo‘llari qo‘ynida
tugun tashlayotganga o‘xshab ko‘rinar.
So‘ng bora qichqirar:
— shapaloqni siypalashdan go‘zalroq deb bilsangiz,
xotin uchun buning farqi yo‘qdir.
Suiqasd qaroriga kelib
ayvonga suyangan bu xotin
o‘yini otmoq istaydi
ko‘kda vizillab uchib o‘tgan bir yulduz ostiga.

XATLAR

Folchining qarshisida ochilgan
bu qari qo‘llarning kafti
hamon o‘sha narsani ko‘rsatadi:
“17 yoshingda muhabbatingni topajaksan…”

QIShLOQ

Qishloq ko‘cha-ko‘ylarida
birgina uchoqlarning ovozi
o‘zidan ortda qoladi.
Hech so‘yilgan qurbonlarning ham
yo‘q bo‘lmas so‘nggi xirillashi,
so‘yilgan terida qoladi.
Qishloqda aynan shunday ketadi
buzoqlar, mashinalar, odamlar.
Lozimlari etagini shimargancha
g‘isht loyini tepadigan qishloq qizlarini
to‘pig‘idan sevar qishloq o‘g‘lonlari.

XARITA

O‘rta maktab chaqirdi,
qarab xayolga cho‘mdi
inson skeletining shakliga:
— dunyoning kontur xaritasi shumidi?

BIR SAHAR

Ertami, kechmi shunday bo‘lajak,
tongdami, shomdami yo boshqa bir kun
butun yurtdoshlarimiz bir sahar
salomlashmoq evaziga
bir-birlaridan uzr so‘raydigan kun…

KO‘TARDING…

Avval “ozodlik!” deya qichqirib
ovozingni ko‘tarding.
So‘ngra imperiyaga
mushtumingni ko‘tarding.
So‘ngra bayroq ko‘tarding.
So‘ngra saroy devorlariga
g‘isht ko‘tarding, yog‘och ko‘tarding.
So‘ngra qarab ko‘rdingki,
butun ko‘targanlaringdan quyida qolgan
yana sensan.

* * *

Nom kuni.
Arslon burji. Ot yili. It kuni.

Miraziz A’zam tarjimasi