Shoh Ismoil Xatoiy (1486-1524)

Ozarbayjon mumtoz adabiyotning atoqli namoyandalari orasida Shoh Ismoil Xatoiyning (Şah İsmayıl Xətai) munosib o‘rni bor. Ozarbayjon safaviylar davlatining bunyodkori sifatida shuhrat qozongan Shoh Ismoilning siyosiy faoliyati, madaniyatni ravnaq topdirish sohasidagi xizmatlari uning badiiy ijodi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Shoh Ismoil 1486 yilda Ardabil shahrida Shayx Haydar oilasida dunyoga keldi. Oq qo‘yunlilar orasida taxt talashishlar va jangu jadallarda g‘alaba qozongan Shoh Ismoil 1502 yilda safaviylar davlatini barpo etdi va Tabrizni poytaxt qildi. Uning mamlakati sharqda Shayboniyxon, g‘arb-da Usmoniylar davlati bilan chegaradosh edi. Fotih va shoir sifatida tanilgan Shoh Ismoil ijodda Xatoiy taxallusini tanlagandi. U 37 yoshida shohlikni o‘g‘li Taxmasibga qoldirib, o‘zi ijod bilan shug‘ullandi. Ko‘plab ishqiy g‘azallar, hamdlar, na’tlar bitgan Xatoiy “Nasihatnoma”, “Dahnoma” singari falsafiy-tarbiyaviy dostonlar ham yozib qoldirdi. Shoh va shoir Ismoil Xatoiy 1524 yilda, 38 yoshida vafot etdi va u Ardabildagi Shayx Safi maqbarasiga qo‘yildi.

* * *

Xoki poying, dilbaro, bir toj-davlatdir menga,
Bas, yuzing ko‘rmak sening baxtu saodatdir menga.

Chun g‘ami ishqingda o‘lmakdir hayoti jovidon,
Haq bilar o‘lmak emas, ul ayni rohatdir menga.

Munchakim dardingda zahmat chekibman, ey bevafo,
Chunki sendandir bu zahmat, jumla rohatdir menga.

Garchi o‘rtarsen hijobda doim, ey oromijon,
Goh yuzing ko‘rsatganing ayni inoyatdir menga.

Tushda ko‘rdi tun Xatoiy, yor bo‘libdur hamdami,
O‘ tushimdir, yo xayolim, bu ne holatdir menga?

* * *

Naylaram jannatni men ul yerda dildor bo‘lmasa,
Qo‘y u bog‘ vayrona o‘lsin meva, gulzor bo‘lmasa.

G‘aflat ahli qoldi haqdan shunday balkim benasib,
Qayda diydorin ko‘rar, ul bunda bedor bo‘lmasa.

Dunyada oshiq kishi kiydi malomat to‘nini,
Har yetishgan oshiq ermas dard unga kor bo‘lmasa.

Oshiq ahlin boshi maydon ichra to‘pdek o‘ynalar,
Boshini maydonga qo‘ymas kimki sardor bo‘lmasa.

To‘g‘rilik do‘st eshigidir, to‘g‘ri kel, kir bu yo‘la,
Egri maydonda uyalgay, unda iqror bo‘lmasa.

Ey Xatoiy, so‘z durin xarj aylama nodonga sen,
Dur-guhar qadrini bilmas kim xaridor bo‘lmasa.

* * *

Bu olam husninga hayrondir, ey do‘st!
Senga bu g‘unchalab xandondir, ey do‘st!

Men ul O‘qub misoli zor bo‘ldim,
Jamoling Yusufi Kan’ondir, ey do‘st!

Hiloldek qoshlaring ko‘rganda ko‘zlar,
Bu jonim iyd inga qurbondir, ey do‘st!

Azaldan bu jahon hayroning erur,
Ki, husning surati rahmondir, ey do‘st!

Jamoling safhasida xatti xoling,
Yuzingda oyati Qur’ondir, ey do‘st!

Sening ishqing vujudim shahri ichra
Bu ko‘nglim taxtiga sultondir, ey do‘st!

Xatoiy ko‘p jafo chekti, demishsan —
Bu bizga lutf ila ehsondir, ey do‘st!
__________
* I y d – bayram.

* * *

Dilrabo, dardimga darmon sendan o‘zga kimsa yo‘q,
Ham yana ko‘nglimda derman, sendan o‘zga kimsa yo‘q.

Hajr uyinda kim bilan men hamdam, ey sanam,
Ko‘nglim shahrida mehmon sendan o‘zga kimsa yo‘q.

Xizrdek zulmatda qoldim, bir madad qil tangri-chun,
Tashnalarga obi-hayvon* sendan o‘zga kimsa yo‘q.

Har na kim, hukm aylasang, ayla menga ey, ishqi yor,
Bu ko‘ngul taxtida sulton sendan o‘zga kimsa yo‘q.

Bu Xatoiy xastaning bergil murodin, yo iloh –
Kim, menga lutf birla ehson sendan o‘zga kimsa yo‘q.
_________
* O b i h a y v o n – hayot suvi.

* * *

Hasrating dardidan, ey jon, bag‘rim o‘ldi poralar,
Tig‘i ishqing bu yurakni har dam aylar yoralar*.

O‘ndirib hijron o‘ti ko‘nglimga berdi boda gar,
Tutdi afloki jahonni, kiydi ko‘k ham qoralar.

Tushdi husning bandiga jon birla dil, bu ko‘zlarim,
Chora yo‘q, nochor bo‘libdir, naylasin bechoralar.

Tark etib, qo‘ydim, ketarman, xonumonni**, mulkni men,
Hajring etdi men g‘aribni, telbayu ovoralar.

O‘ldi dardingdan Xatoiy, bir qadam ranjida qil —
Qabriga borgil, eshitgil yuz-hazoron nolalar.
___________
* Ya r a – anglamida
** X o n u m o n – oila, sulola.

* * *

Vujudingni bu ko‘nglim jon demishdir,
Labingni la’l ila marjon demishdir.

Soching rangin qaro tundir deganlar
Yuzing nurin mohitobon demishdir.

Bu ko‘nglim ishqini, ey g‘amgusorim,
Vujudim shahriga sulton demishdir.

Oqur ikki ko‘zim yoshi yuzimga —
Birin Nilu birin Ummon demishdir.

Oyog‘ing changiga, ey nuri rahmon,
Xatoiy jonini qurbon demishdir.

* * *

Toki tushdim hajringa, ko‘nglim fig‘ona boshlar,
Keldi ohimdan mening faryodga tog‘u toshlar.

Husningni yod aylasam, ey sarv bo‘yli dilbarim,
Furqatingda chashmadek oqqay ko‘zimdan yoshlar.

Mehri ro‘ying sarbasar sehri-la tutdi olamni,
Fitnayu g‘ovg‘aga soldi ul ko‘z ila ul qoshlar.

Ishqqa dil berding deya, jabr etma, ey zohid, menga,
Jon berar ma’shuqqa doim oshig‘i qalloshlar*.

Nosiho**, ayb aylama miskin Xatoiy she’rini,
Haqqa chun ma’lum erur ko‘nglingda sirru foshlar.
____________
* Q a l l o sh l a r – qalandarlar.
** No s i h o – ey nasihatgo‘ylar, ustozlar.

* * *

Ko‘ngul bir yorni sevdi, ul paridir,
Jahon ichra go‘zallar sarvaridir.

Bo‘yi bog‘ ichra sarvinozga o‘xshar,
O‘nog‘i ham anchayin bor – ahmaridir.

Yuzidir nisbati xurshidi tobon
Falakda shoh uning-chun Mushtariydir.

Yuzi sahni guliston ichra guldir,
Sochining bo‘yi mushki anbaridir.

Uning vasliga kim bir dam erishsa,
Jam’i mulki olamning bori*dir.

Sochining rangidir chun laylatulqadr,
Jamoli nuri shamsi xovaridir.

Azaldan uni sevdim jonu dildan,
O‘ylamasinki, ishqim sarsaridir.

Boqib hayron bo‘lur husninga olam,
Xatoiy xastaning ul dilbaridir.
_________
* B o r i – mulki, boyligi.

* * *

Ishq maydonida har kim jon bilan bosh o‘ynatar.
O‘r yonida g‘amzadir, kiprik-la qosh o‘ynatar,

Shohi mardonning yo‘lida ko‘p kishi bordir vale,
Ofarin ul boshga kim, ming boshga bir bosh o‘ynatar.

Shohga qul, mahram bo‘lib, jonu boshidan kechar,
Sonma* kim yori qoshida tegma farrosh o‘ynatar.

Kecha men-la ro‘baro‘ kelgach nigor, bo‘ldi raqib,
Ko‘zlari-la ko‘p ishoratlar qilib, qosh o‘ynatar.

Ey Xatoiy, g‘am yema, chun dushmaning ko‘p bo‘lsa ham,
Muddaiy doim yiroqdan karpichu** tosh o‘ynatar.
__________
* S o n m a – o‘ylama.
** K a r p i ch (kirpich) – g‘isht.

* * *

Ey pari, husning sening joni-jahondan yaxshidir,
Balki, faqat jon emas, jonu jahondan yaxshidir.

Garchi Yoqubni ojiz qildi firog‘i Yusufning,
Za’f ichida ul tag‘in men notavondan yaxshidir.

Maqtamang mohi falakning partavi-ruxsorini,
Ul parining husni mohi osmondan yaxshidir .

Oshiqni vayronadan man’ etma, ey aql ahli kim,
Xastadil Majnunga sahro xonumondan yaxshidir.

Bu Xatoiy soy kanorinda na boqsin sarvgakim,
Qaddi qomati uning sarvi ravondan yaxshidir.

* * *

Ishim ishqingda faryod aylamakdir,
Visoling va’dasin yod aylamakdir.

Xarob etdi, demam, ishqing ko‘ngilni,
Bas, ul vayronni obod aylamakdir.

Bu ko‘nglim odati har tun g‘amingda,
Fig‘onu oh bunyod aylamakdir.

Berur g‘am dilga, oh, ummidi vasling,
Bu rasm ila uni shod aylamakdir.

Xatoiy, qullug‘ing maqbul qilsang,
Bu kun yuz banda ozod aylamakdir.

* * *

Shaho, ne buyursang, farmon seningdur,
Yo‘lingda jonu tan qurbon seningdur.

Xato mendan, afu sendan, ayo do‘st,
Muruvvat konisan, ehson seningdur.

Suvsabdi lablaring Xizri zamona,
Sug‘or, kel chashmai hayvon seningdur.

Sevar bo‘l davlat otini hamisha,
Saodat to‘piga chovgon seningdur.

Malaklar mushtaridir gul yuzingga,
Sur endi, ey qamar, davron seningdur.

Azaldan jonni men qurbon qilardim,
Qabul ayla, shaho, farmon seningdur.

Eshigingda qulingdir bu Xatoiy,
Nazar qil holiga, hayron seningdur.

* * *

Ko‘ngul, shod bo‘lki, jonon keldi, derlar,
Bu murda jisminga jon keldi, derlar.

Shikoyat qilma sen hijron g‘amidan,
Sening dardinga darmon keldi, derlar.

Bu zulmat jabrini ko‘p tortdi bulbul,
Bahor birla guliston keldi, derlar.

Qumursqa bog‘ladi bel xizmatiga,
Esar yellar Sulaymon keldi, derlar.

Xatoiy, jon fido do‘sting yo‘liga,
Bu kun do‘st senga mehmon keldi, derlar.

* * *

Holi dilimni bandadan ul yora so‘ylangiz,
Hajr o‘qidan bag‘rim necha bir yora, so‘ylangiz.

Ahvolimni so‘rasa mening ul jafoli yor,
Zoru nazaru xastayu ovora so‘ylangiz.

Gulgun yonoqlarin g‘amu jabru jafolari,
Qildi havola bag‘rimni yuz pora, so‘ylangiz.

Ko‘p mehnatu jafongizni chekdim, vafo qani?
G‘am haddan o‘tdi, dilbari g‘amxora, so‘ylangiz.

Sahroga soldi ohu chashming Xatoiyni,
Ul bo‘yi zulfi, nofeyi totora so‘ylangiz.

* * *

Mavsumi qish ketdi, davri navbahor o‘ldi yana,
Majlisi gashtga ajoyib ro‘zigor o‘ldi yana.

Soqiyo, vaqti tarabdir, qo‘lingda tutgil jomi may –
Kim, binafsha mast bo‘lib, nargis xumor o‘ldi yana.

Mavsumi gul keldi, gul-gulshan bezandi bazm uchun,
Bog‘u sahro, jumla yaksar lolazor o‘ldi yana.

Keldi navro‘zu bahoru iydu davri do‘stkom,
O‘r qo‘lidek yer yuzi naqshu nigor o‘ldi yana.

Abri nayson jo‘sha keldi, to‘kdi rahmat yomg‘irin,
Ko‘k yuzidan yer yuziga dur nisor o‘ldi yana.

Bog‘chaga sayrona chiqdi gasht uchun ul gulsiton,
Gul xijolatdan qizorib, sharmisor o‘ldi yana.

Qomating-la bahs etardi doimo ul sarvi bog‘,
Ko‘r, xijolatdan unga manzil kanor o‘ldi yana.

Gul yuzini ko‘rgani ortdi fig‘oni qushlarning,
Lol ekan bulbullarning savti hazor o‘ldi yana.

Ey Xatoiy, shod bo‘lib, baytulhazondan chiq bu kun,
Bog‘u bog‘cha suviga vaqti guzor o‘ldi yana.

* * *

Dam-badam yo‘l ko‘zlarman ul suluv yorim kelmadi,
Qolibman qish tashvishida, navbahorim kelmadi.

Xiyla muddatdirki, men to ayri tushdim yordan,
Ko‘rmoq uchun haddan o‘tdi intizorim, kelmadi.

Toki, ko‘rdim uyquda men ul parishon zulfini,
O‘rniga shundan beri sabru qarorim kelmadi.

Ixtiyorim ketdi qo‘ldan, jonu dildan qo‘l yuvdim,
Ul mening jonu ko‘ngildan ixtiyorim kelmadi.

Hasratdir miskin Xatoiy gar misoli andalib,
Husn bog‘ida jamoli guluzorim kelmadi!

Ozarbayjonchadan Fayzi Shohismoil tarjimalari

* * *

O dilo, mayli xush kutoli damni,
Kim bilar, kelishin ne alpoz bila.
Chekmoq nasibangda ekan shu g‘amni,
Har nimaki kelsa, u Haqdan kelar.

So‘fiydir ko‘rolsa avval, oxirni,
Va bay’at-la tutsa bir vali pirni,
Hech yo‘q bir yo‘lchini qo‘lidan tutib,
Tariqati sori yo‘llashni bilar.

Va yana bilarki, do‘stni, qardoshni,
Qora kunda hamdamu roz, sirdoshni,
Haq yo‘lidan yura bilmas yo‘ldoshni,
Bir pulga qimmat deb, sotmoyi bilar.

Kishiki haloldir, dili, yuzi oq,
Va yana ko‘nglining bekligiga boq,
Yaratgan ishqida bo‘y-la yig‘larki,
Qiyomatning unga malolati yo‘q.

So‘fiy umidlidir Yordan ayrilmas,
Noumid qalblarda Habibi kulmas,
Xonumon sarf etib yedirsang bilmas,
Bunday zotlar elda yaramas kelar.

Xatoiy, bu dunyo o‘trugu foniy,
Razm sol, ilgari kelganlar qani?
Injima, kofirni shodumon ko‘rsang,
Uning-da bir kuni uryoni kelar!

* * *

Ko‘ngil, mayli, qo‘y ranjima,
Qolsin, ko‘ngil, yo‘l qolmasin!
Avval-oxir yo‘l qadimdir,
Qolsin, ko‘ngil, yo‘l qolmasin!

Eranlar elning xosidir,
Kim yolg‘on aytdi, osiydir,
Bu, ko‘rganning dil rozidir:
Qolsin, ko‘ngil, yo‘l qolmasin!

G‘uncha lab ochmog‘i guldir,
Ham chiroyi bo‘lsa – dildir.
Xoslar kelsa yo‘l qadrli,
Qolsin, ko‘ngil, yo‘l qolmasin!

Boshi elning oltin toji,
Shudir, eranlar me’roji,
Haq yo‘liga yo‘llar ochib,
Qolsin, ko‘ngil, yo‘l qolmasin!

Ay, devona, ay devona,
Oshiq bo‘lib kuydi, jon-a!
Xatoiy der, Tojli xona,
Qolsin, ko‘ngil, yo‘l qolmasin!

* * *

Bahor nasiymlari ila go‘zaldir,
Gul tikonda bitsa, bulbul toldadir.
Ayubning tanida ikki qurt qoldi,
Biri ipak to‘qir, biri boldadir.

Ko‘ngilni bosmasin shak ila gumon,
Sayyid Nasimiyga hulal sharaf-shon.
Tangri kalomini bildi nurafshon,
Ali Madinada, Muso Turdadir.

Vahdoniyat ilmin Muhammad ochdi,
Tariqati uza Ali gul sochdi,
Dunyodan necha ming eranlar o‘tdi,
Bari ittifoqda, Mahdiy yo‘ldadir.

Odamu Xotamning zoti Fazlulloh,
Ashyolar fazlining oti sirulloh,
Shahanshohi-kutbi-olam zillulloh,
Mo‘min qalblar toti gul ko‘ngildadir.

Shoh Xatoiy deyur: sirringni yoyma,
Besh vaqt namozingni qazoga qo‘yma,
Bu yolg‘on dunyoni dunyoga yo‘yma,
Taning tanoshirda, sirring soldadir.

* * *

Haq yo‘lida elchi bo‘layin desang,
Dilda ayro maslak tutmagil aslo.
Darveshlar libosin kiyayin desang,
Bir ildingmi, yechib otmagil aslo.

Novmidning bog‘ida g‘uncha gul ochmas,
Kim komil yo‘lchidir g‘urbatdan qochmas,
Ikkita maxluq bor, haqqa noyoron,
Kekkayma, kibrga ketmagil aslo.

Kibrning asliyu maslagi yolg‘on,
Yolg‘oniy maslaklar yo‘llarda qolgan,
Haqqa intilmog‘im chin bo‘lsin desang,
Ko‘ringan har yo‘ldan ketmagil aslo.

Ho‘kiz ham naslini so‘rab to‘raydi,
Qo‘y-qo‘zilar aslim deya baraydi,
Bulbul tikongulga qo‘nib sayraydi,
Burdi ayroliqda o‘tmagil, aslo.

Shoh Xatoiy imom Ja’far muxbiri,
O‘z Haqqi yoroni, Vaysulgaroni.
Haqning yozg‘utidan yodgor guharni
Haqsiz xaridorga sotmagil, aslo!

* * *

Eranlar-da bo‘lar ulardan hazir,
Buni musohiblar lavhi ham yozur,
Uyalmay kim so‘rar ming karra uzr,
Bundaylar ila yeb-ichganga la’nat.

Aqldan ayrilsa, iqrorni qo‘yib,
Ko‘ksi havolanib, nafsiga toyib,
Fosiqlar ko‘ylagin dorlarga yoyib,
Azozil to‘nini bichganga la’nat.

Elamayin eranlarning so‘zini,
Manmanlarga eldosh bengzab o‘zini,
Haq so‘zlik ahlidan burib yuzini,
Azozil eliga ko‘chganga la’nat.

Azal oriflardan keladir bu gap:
Azozilda ne ayb, dilki xira ta’b,
Hamonki, lavhini bitdi saktalab,
Undaylar so‘ziga uchganga la’nat!

* * *

Oq boshli hov toqqa aylagil nazar,
Sening chanqog‘ing deb erib yotar qor.
Ravon suvlarining ibratiga boq,
Erni yuzi bilan erkalab oqar.

Ey, qodir Xudoyim, O‘zing qodirsan,
Har nega ki boqsam, unda hozirsan.
Rahmat soyabonli buyuk chodirsan,
Nigohing har yerdan, har onda boqar.

Ulug‘ qush saflarni safarga boshlar,
Ajab, kuydirmagay uni quyoshlar.
Bir zamonlar meva tukkan og‘ochlar,
Chiriydi, kesilar, el uni yoqar.

Shoh Xatoiy noliyverma o‘zingdan,
Darvishlarning holi tursin ko‘zingda,
Bo‘lar-bo‘lmas aytib ketgan so‘zingda,
Zamonning ko‘ngli-yu, atvori ham bor!

G‘AZALLAR

* * *

Dag‘i mushtog‘ edim sen mahliqoya,
Ko‘zim ko‘rdi, ko‘ngil tushdi xatoya.

Ko‘rdimki qay ondin seni jamoling,
Giriftor o‘lmisham yuz ming baloya.

Tushdi-ku, anbar-afshon kokilingdan,
Seningdak bir guli hamroya soya.

Solda-e nazzora holima ay, do‘st,
Qoldirma oshig‘ing oh ila voya.

Xatoli qulingman, rahm ayla ey yor,
Xatoiyni yeturmagil xatoya.

* * *

Ey musulmonlar, asiri-zulfi yoram, to‘g‘risi,
Bu sitamvorlik elida beqaroram, to‘g‘risi.

Derdim ul dilbar yonida e’tiborim bor mani,
Qanchalar qildimki jahd, bee’tiboram, to‘g‘risi.

Bu sabil jondan kechib, qurbon o‘lam jononima,
Ul pari ruxsoradan cho‘x sharmisoram, to‘g‘risi.

Shoh Xatoiy sayra chiqdi, buzdi hurlik qabrini,
Bir ilohiy avfi qilkim, tavbakoram, to‘g‘risi.

MURABBA’

Bodai vasl ahdida bir qilcha qoldi jonimiz,
Etdi olam toqiga to, nolavu afg‘onimiz.
Oqdi jolam vah yo‘lingda diydayi giryonimiz,
Qani, ey zolim, sening-la ahd ila paymonimiz?

Behishti bog‘i jahonda, oshig‘am diydorina,
Men dag‘i bir bulbuli sho‘ridaman gulzorina,
E, vohki, ul yorim vafo qilmadi iqrorina,
Qani, ey zolim, sening-la ahd ila paymonimiz?

Har qachonki jon sharobin shevayi no‘sh aylading,
Etganing ahdu qaroring, xap, faromush aylading,
Chashmi mahmuring-la men miskinni sarxush aylading,
Qani, ey zolim, sening-la ahd ila paymonimiz?

Ul sahobiy ro‘yidanki, munavvar ro‘yi jahon,
Mehri-la to‘lsin menim mohim zaminu osimon,
Gohi-gohda ko‘nglim uchun aytdiging kulli yolon,
Qani, ey zolim, sening-la ahd ila paymonimiz?

Abru boron kimi yig‘lar bul Xatoiy zori zor,
Ko‘z yoshin shahdi mudom dardini aylar oshikor,
Har kecha ko‘yingda subhi sodiqqacha men intizor,
Qani, ey zolim, sening-la ahdimiz, paymonimiz?

QASIDALAR

Ey ki, yo‘qdan bu jahonni bor qilgan parvardigor,
Eru olam ko‘klarin davvor qilgan parvardigor,

“Kuntu kanz”i oyati vasfida o‘lmishdir nuzul,
Borlig‘ini “kun fakon” iqror etgan parvardigor.

Jumlai olamda sen kundan dag‘i zohir, vale,
Dilda doim otini Sattor etgan parvardigor.

Mo‘minlara maskan qilib, bog‘i-rizvonin naim,
Kofiru munkir hisobin xor etgan parvardigor.

Jumla ashyolig‘ ko‘zin g‘ofil bitib tun kechalar,
Ko‘kda kavkablar ko‘zin bedor etgan parvardigor.

Bir qulini o‘tda yoqib, qildi fi-nari-sag‘ar,
Bir qulini mahrami asror etgan parvardigor.

Misr elida qul Yusufni nogahon sulton etib,
Dard ila Yoqubini bemor etgan parvardigor.

Yunusini daryoga g‘arq, yem qilib baliqlarga,
Otashi Ibrohimin g‘ulzor etgan parvardigor.

Yog‘dirib daryoga ko‘kdan, abru nayson yomg‘irin,
Qatrasidan marvarid shahvor etgan parvardigor.

Anbiyolar haqqiga darj etib a’lo martaba,
Mustafoni jumladan muxtor etgan parvardigor.

Lutf ayla bu Xatoiyning holina qilg‘il nazar,
Ashk ichinda volayi-diydor etgan parvardigor.

* * *

G‘unchadek la’lini xandon etdiging, ya’ni ki, ne?
La’lidek bag‘rini pur qon etdiging, ya’ni ki, ne?

Qaro zulfin oq yuzi ustida afshon aylabon,
Qon dilim g‘amdan parishon etdiging, ya’ni ki, ne?

Qilmoq uchun toza husnin bog‘in, ey sarvi ravon,
Ko‘zimi ko‘yiga kirgan etdiging, ya’ni ki, ne?

To‘kmak uchun qonimi, boshim kesarga damba-dam,
Shahsuvorim azmi maydon etdiging, ya’ni ki, ne?

Ma’shug‘in vasli bila bir ko‘nglini shod etmayub,
Bu harob obodni vayron etdiging, ya’ni ki, ne?

Gulshan ichra jilvalanmishsan yana gasht etmaga,
Jon qushin tutqinda sayron etdiging, ya’ni ki, ne?

Betarahhum har balo o‘qinki otib har yona,
Loshimi qurshovda qolg‘on etdiging, ya’ni ki, ne?

Garchi yuz yil ko‘yida yon, mehri yo‘qdir bir dame,
Ey ko‘ngil sen muncha afg‘on etdiging, ya’ni ki, ne?

Oyog‘in changi bo‘lay, dedimki men, sen bo‘l deding:
Mushkulimni bo‘yla oson etdiging, ya’ni ki, ne?

Dil qushina donai hol uzra dam etmish sochin,
Yorab, oni bandi zindon etdiging, ya’ni ki, ne?

Chun qilarsan menga ming atvor ila javru jafo,
Ashkini ko‘nglimda mehmon etdiging, ya’ni ki, ne?

Orazini zulflari birla hijob aylab mudom,
Ay, quyosh yuzini pinhon etdiging, ya’ni ki, ne?

Bir mehr ila rahmi qilmay, qahri birla o‘ldirub,
Bu bandanga lutfing ehson etdiging, ya’ni ki, ne?

Istamishki qatlimi, mardona jon mujda verdim,
Ko‘ngli ko‘ksimni peshiman etdiging, ya’ni ki, ne?

G‘uncha gul xandon o‘lib, nargiz-la savsan bitmasa,
Orazin bog‘in guliston etdiging, ya’ni ki, ne?

Parda sendin kashf etib, ul yoydi ahmar yuzina,
Bulbuli olamda doston etdiging, ya’ni ki, ne?

Chunki jon vergung gumon, umreki jonsiz jismima,
Suyi la’lin obi hayvon etdiging, ya’ni ki, ne?

Kelgil ey, bodi sabo, ul anbarafshon zulfida,
Bu qamar davrida davron etdiging, ya’ni ki, ne?

Istaramki bor g‘amdin forig‘ etarsan rahm etib,
Kun-bakun darding faravon etdiging, ya’ni ki, ne?

Lashkari ashkingni keltir, ustima ko‘nglim tilar,
Xonayi ko‘nglimni tolon etdiging, ya’ni ki, ne?

Xollaring filfil, yuzing gul, lablaring may, ey sanam,
Xatlaringdan dasta rayhon tutdiging, ya’ni ki, ne?

Bahra do‘ndi javrida, ashki nobim obiravon,
Ko‘z yoshimdan bo‘yla ummon etdiging, ya’ni ki, ne?

Otmak uchun boshimi kaptok misol, maydon aro,
Qasd etib zulfingni chavgon etdiging, ya’ni ki, ne?

Chunki zulmatdan chiqolmas, ko‘nglimi sha’mi, ayon,
Sen uni sha’mi-shabiston etdiging, ya’ni ki, ne?

Men gadoga yo‘q-da rahming, baski ey jon, ko‘nglimi
Ashkining taxtida sulton etdiging, ya’ni ki, ne?

Bo‘ldi zamzam Ka’bai-vaslin safosindan ko‘zim,
Tobi dil, dardina darmon, etdiging, ya’ni ki, ne?

Har ustunning qasri-bog‘i, dilda jon miqdorini,
Nisbati Hannonu Mannon etdiging, ya’ni ki, ne?

Bu Xatoiy ko‘nglini, ey nargizi jodu nigor,
O‘zinga sehr ila hayron etdiging, ya’ni ki, ne?

RUBOIY

Bu Xatoiy bandaning ko‘r holini,
Kim yo‘liga qo‘ydi boshu molini.
Purgunohman, ta’na qilma zohida
Bandasining har bilur a’molini.

BAYT

Kelgan biru, ketgan biru, qolgan bir,
Hamon birdir, hamon birdir, hamon bir.

Qadimiy ozarbayjonchadan Abdunabi Boyqo‘ziyev tarjimasi

KETAR

Ey falak, davringda nechun ul nigor qo‘ldan ketar,
Qonim bilan qo‘llarin qilmish nigor qo‘ldan ketar.

Tun dedi zohid manga: ” nechun ko‘ngil berding unga?
Naylayin, ko‘rgach yuzini ixtiyor” qo‘ldan ketar.

Bulbulga gul davridir, afg‘on etar ko‘p murgi zar,
Nola qil, o‘ltirma, vaqti- murgizar qo‘ldan ketar.

Ey ko‘ngil, hijron bilan umrim tugansa g‘am yema,
Naylayin umri – azizni, chunki yor qo‘ldan ketar.

Ey Xatoiy, chunki yoring ayladi azmi- safar,
Ro‘z ketari shab, oh et ki, yori – g‘amguzor qo‘ldan ketar.

NAZAR AYLA

Aql, kel beri, kel beri,
Kir ko‘ngilga nazar ayla.
Ko‘rar ko‘z, yoridir quloq,
So‘zlar esan nazar ayla.

Boshdir gavdani ko‘targan,
Oyoq manzilga yetkazgan.
Turli maslahat o‘tagan,
Ikki qo‘lga nazar ayla.

So‘fi esang, olib – sotma,
Halolingni harom etma,
Ayro yo‘lga yurib ketma,
To‘g‘ri yo‘lga nazar ayla.

Ikki qo‘ling qizil qonda,
Ko‘p gunohlar bordir manda,
Yo ilohiy, karam sanda,
Tushkun qulga rahm ayla.

Xatoiy aytur: – Yo g‘aniy,
Bergan mavlo olur jonni,
Avval kantu-kentni tani,
So‘ngra elga nazar ayla.

Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi