Qulu Oqsas (Qulu Ağsəs) Ozarbayjonning Oqtom viloyatida 1969 yilda tug‘ilgan. Sensan har yer”, “Nuqtalar” nomli she’r to‘plamlari muallifi. Zamonaviy modern she’riyat vakillaridan biri. Yoshlar adabiy jurnali “Ulduz”ning Bosh muharriri o‘rinbosari.
URUSh INVALIDI
Uzdi oyoqlarimni Vatan yo‘li,
Qaytdim ming tirilib ming o‘lib…
Qaytdim kamarimning yuqorirog‘i bilan,
Qaytdim
Invalid aravasining toychog‘i bilan.
Ikki bolamning ko‘zlari yoshli.
Xotinimning boshi toshli:
har amrimni maromiga yetkazar.
Ham meni kezdirar,
Ham o‘zi… kezar…
Suframda harom bor —
Tinmayman.
Ikki och bolam bor —
Tinmayman.
Tinmayman
Gul og‘zi ochilganda hayratning:
“Vatanni qo‘riding, bas, qani u g‘ayrating?!”
Uzdi oyoqlarimni Vatan sarhadi,
Bu albatta menga “rahmat”i.
* * *
Ko‘rsangki, qorong‘ilik cho‘kar olama,
Ko‘rsangki, shom bu chog‘…
Fikr aylama.
Qush uyqusi bo‘lsa-da bu hufton palla
Ha qadar imkon bor
Rohatlan, uxla.
G‘aflatan bu tunga hashir soladi:
Tug‘iladi sahar — Quyosh bolasi.
Uni ovutmoqqa shoshilar hamma,
Chop-chop bilan kelar yana oqshoma.
Yangitdan zulumot bosar dunyoni…
Qani tuqqan Quyosh?
Bolasi qani?
… Qayon boqsang, ko‘zyosh qoplar ko‘zingni,
Ko‘rib sovqotasan…
Yondir o‘zingni…
* * *
Balki bu bir
qonundir,
kim bilar?! —
Doim:
jasurlar sevarlar,
qo‘rqoqdar sevilar…
Nima tortar
yuksakka,
nima tortar —
Odamni bo‘ynidan ip kabi…
Qayerdir
dunyoning
avvali, oxiri?
Azonda
bir do‘stni
ko‘makka chaqirdim…
Ayt ko‘ramiz, na qilamiz,
Na qilamiz, ayt ko‘ramiz?
Na o‘lamiz, na bo‘lamiz,
Na bo‘lamiz, na o‘lamiz…
* * *
G‘alat qilaman desam:
Hamma aylaydi g‘alat…
Alloh bizni xalq qilganmi
Yoki aylagan la’nat?!
Qoch bu xoin uyasidan,
Eri, yo‘q bo‘l havoda.
Qo‘rqki, yana yerdan chiqar.
Bulutdan yog‘ar odam…
Boshingni to‘s:
Yoshmi yog‘ar yoki tosh?!
Tomiringda qon to‘xtaydi.
Ko‘zingdan tomgan alla ne
Oyog‘ingni sindirar…
Shu bor-yo‘g‘i….
Shugina xolos…
Kecha so‘ngi…
Erta sahar…
Qo‘shilib osmon qushlariga
Ustingda soat sayrar…
Miraziz A’zam tarjimasi
* * *
Sevgi mo‘l, dard ham beado,
Dema — dunyo qusuri yo‘q.
Tosh yog‘dirsa ko‘kdan xudo
Zarbi tegar, ta’siri yo‘q.
Men bir shayton bolang, Tangrim,
O‘lik ber — tirik qaytaray.
Sen undan bir zarra tushir,
Men uni yirik qaytaray.
Umrim oshib ketar balkim
To‘qson, yuzingdan ham baland.
Goho oshib ketgim kelur
(Oyoqlaringga to‘shalib)
Sening o‘zingdan ham baland…
KO‘NGLINGDA BIR ORZU O‘YLA
Ko‘nglingda bir orzu o‘yla,
So‘ng uni bo‘l ikki poyga.
Sevgidan qaytgan kofirdir,
Kelaver… hu o‘sha joyga.
Ko‘nglingda bir orzu o‘yla,
So‘ngra bir oz qotir boshing.
Tomi teshilgan shekilli,
Ko‘nglimga tomar ko‘z yoshim.
Ko‘nglingda bir orzu o‘yla,
Bu orzuda yon, sevgilim.
Men O‘LIMGA ketar bo‘ldim,
Sen qol, yasha! Jon sevgilim.
— Ayriliqqa chidarmisan?
— So‘zni so‘zga qo‘shadirman.
— Yana meni kutarmisan?
— Ha, kutaman. O‘ShA yerda.
* * *
Goho
onamdan pinhon
bir savob ish
qilmoq istayman.
Yig‘ib
barcha tul ayollarni
erga bermoq istayman.
Hech bo‘lmasa bittasini…
Shunday kishiga bersamki,
So‘ngra
pushmonga solmasa na olganni
va na o‘zini.
Ehtimol, ishonmassiz
bir lahza ham
eslay olmayman
rahmatli otamning
hech vaqt ko‘rmaganim yuzini.
Ruschadan Usmon Qo‘chqor tarjimasi