Oqshin Yenisey (Agşin Yenisey) 1978 yilda tug‘ilgan. Boku Davlat dorilfununining geologiya-minerologiya fakultetini tamomlagan. “Hijron suvrati” she’riy to‘plami chop etilgan.
FILM YaKUNI
Bor-e, deb ketvorsang
so‘nggi vagonda
bo‘sh, bo‘m-bo‘sh bo‘lsang vagondek
faqatgina o‘rningdan turib
joy berish-chun go‘zal ayolga,
faqatgina u o‘ltirarkan
— rahmat, bering, qo‘lingizni ushlab ketaman…
deyishi uchun…
TUShKUNLIK
Tun hech qachon yopa olmaydi
oqsoqolning oq soqolini,
kun oqish tugaydi kovakdagi o‘rgimchak ko‘zi kabi…
tong, oldin deraza
keyin erkaklar esnashib
tongni quchmoqchi bo‘ldi
hayot diqqinafas.
Nega sen o‘lmaysan, mening shoirim?
Har kun qiyofangda qarir ma’budlar,
faqat marhumgina
yo‘lboshchi bizga.
* * *
Ozodlik — qat’iy hukm!
Yarmisi bo‘lsa ham,
yortisi bo‘lsa ham…
dordagi odam
bizga yuksalib qaraydi.
ShAMOL
Tun bo‘yi shamol ulidi…
Shaharning oqbilak oydaraxtlari
tonggacha uxlamay
havoni tirnoqlab chiqdi.
Tun bo‘yi shamol ulidi…
Bardosh bilan, sabr bilan
tingladim bu haqoratni.
Bu oqimni yuqori qavatdan
sinib tushgan oyna kesib yubordi.
Yuragim qon bo‘ldi…
Tun bo‘yi shamol ulidi,
tonggacha ko‘z yummadim…
Gung qotgan uylar
o‘zini-o‘zi urgan eshiklar,
faqat tongotarda mudragan chivin
bedor o‘rgimchakning to‘riga tushdi,
shamol tindi.
Ruschadan Iqbol Mirzo tarjimasi.