Nabi Xazriy (1924-2007)

Nabi Xazriy (Nəbi Xəzri; haqiqiy ismi — Nabi Alekper o‘g‘li Boboyev, 1924, Boku — 2007, Boku) — ozarboyjon shoiri, nosir, dramaturg, publitsist, tarjimon. Ozarboyjon xalq shoiri (1984). SSSR davlat mukofoti laureati (1973). Hizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1979).
Ozarboyjon radio qo‘mitasida diktor, «Vatan yo‘lida», «Adabiyot va inja san’at» gazetalarida adabiy xodim, Yozuvchilar uyushmasi kotibi, Ozarboyjon Davlat teleradio qo‘mitasi raisi, Madaniyat vaziri o‘rinbosari, Chet mamlakatlar bilan do‘stlik jamiyatining raisi, «Ozarboyjon dunyosi» baynalmilal aloqalar markazining prezidenti bo‘lib ishlagan.
Asarlari ko‘pgina xorijiy tillarga tarjima etilib, chop qilingan. 34 dan ortiq kitobi nashr etilgan.

KUZ

Hazin kuy taralar bog‘u rog‘lardan,
Yodimga yaqinu yiroqlar tushar.
Go‘yoki yaproqlar o‘ngu so‘llardan
Qanoti qayrilgan qush kabi uchar.

Ellarga jar solar kuz faslin sasi,
Sog‘inish – uyg‘ongan tilaklardadir.
Mehribon bahorning iliq nafasi
Hamon yuraklarda, yuraklardadir…

Bog‘larda mavjlanib oqqan o‘ynoq suv,
Oppoq bulutlardan tiniq rang olmish.
Olis ufqlarda yangragan tuyg‘u,
Sog‘inchli qalblarga laxcha cho‘g‘ solmish.

So‘lu o‘ng titraydi ko‘zim o‘ngida,
Er qalbin sezganday bo‘ladi ko‘ngil.
Deyman kaftim uzra yaproq qo‘ngandap.
Tabiat yelkamga tashlamoqda qo‘l.

Tong nuri to‘lg‘onar ufq bag‘rida,
Dalalar sarg‘ayib og‘ir tin olar.
So‘lish bor ne uchun gullar tarhida…
Qayda nasib etgay endi visollar.

Hoy bulut, qirlarga oshiqmagil, kel,
Shunday ham sharqirab oqayotir Qur.
Oshiqma daralar bag‘riga sho‘x yel,
Unda sukut saqlar chinor bir umr.

Boq, manim qalbimda ne tilagim bor:
Adirlar bag‘riga chiqa olsaydim.
Ey qaddi bukik tol, titragan chinor,
Sizga hamdard, sirdosh bo‘lib qolsaydim.

Ko‘ksiga sig‘maydi dala nafasi,
Tog‘-tog‘ paxta uning muddaosidir…
Qatordan ayrilgan turnaning sasi –
Bahor sog‘inchidir, aks-sadosidir.

Qalbim qanotlanib uchmoq istaydi,
Menga bag‘rin ochmish bog‘u bo‘stonlar.
Gulu yaproqlarni quchmoq istaydi,
Bahor adosiman, aziz insonlar!

Ramz Bobojon tarjimasi

QUYoSh QO‘ShNILIGIDA

Qovushib tog‘larning shamollariga,
Qoyaga qalqmoqqa yarashlik yaxshi.
Ming daf’a cho‘qqiga qarash o‘rniga,
Bir yo‘la cho‘qqidan qarashlik yaxshi.

Yaxshidir sayr etib
Olamni butun,
Quyosh qo‘shnisiman, deb havolanmoq,
Tog‘larni yenggandek raso va durkun,
Yangi cho‘qqilarning ishqida yonmoq.

Yaxshidir burgutdek qanot yoyganda,
Qalbing yulduzlar-la topisha qolsa.
Oyog‘ing ostidan sal muz toyganda,
Birov bilagingga yopisha qolsa.

Qoyadan-qoyaga arqon otasan,
Yuragu qulog‘ing sasda, sadoda.
Alvon chamanlarda charchab yotasan,
Oy ham qo‘riqchiday yorug‘ samoda.

Ketasan,
Yorasan bo‘z tumanlarni,
Sellar ayqirsa-da, tez soylar kabi,
Unda moviy-moviy muz dovonlari
Porlasin oq marmar saroylar kabi.

O‘zing tog‘lar uzra,
Tog‘lar siynangda,
So‘ngsiz dengiz senga bir qatra kelsin
Yoz kuni
Cho‘qqidan yerga inganda,
Sendan tuman atri,
Qor atri kelsin.

YuKSAKLIK IShQI

Sen quyosh —
men sendan
bahramand oying.
Sen tovush —
men esa
aksi sadoying!
Cho‘qqisan —
cho‘qqiga qalqqan so‘qmoqman.
Toqqa oshmoqdaman,
toqqa mushtoqman.

DENGIZ, SAMO, MUHABBAT

Shu dengizni hadya etaman senga…
Men shundoq degandim, kulimsab eding,
Ko‘klarning shafag‘i tushib yuzingga:
— Men bo‘lsa… samoni beraman,— deding.

Ayriliq g‘ariba tortiqlar olib,
Osmon ishqing kabi menga azizdir.
Ayrildik dengizu mavjlari qolib,
Qandoq eltolasan?.. Dengiz — dengizdir.

Senga men dengizni berdimki hadya,
Kelgan sohilingga kelarsan tag‘in.
Meni ko‘rmaganda: «U — shu-da!» deya,
Men bilan o‘zlashib, kularsan tag‘in.

Agar ko‘rishmasak, dog‘ qolur yomon,
Dedim, necha daf’a men shundoq dedim.
Dengiz sohiliga qaytish-ku oson,
Ko‘kda sohil bormi, ketmoqchi edim?

O‘yladimki, boshga tushgach bu hijron,
Sen mening ishqimga chiroq bo‘lgansan.
Nahot ko‘kni berding shu vajdan, jonon,
To mendan ko‘k qadar uzoq bo‘lgaysan?

Men bir dengizmanki, ishqim sahardir,
O‘ylaganim sensan, azizim, takror.
Mening dolg‘alarim xotiralardir,
Qalbing sohiliga yetib borsin, yor!

Asil muhabbat-ku buyuk hunardir,
Jo‘shar ummondayin orzular qator.
Mening dolg‘alarim xotiralardir,
Unda to‘fon ham bor, girdibod ham bor.

Dengizman, ishqimdan qochmoq xatardir,
Men-ku o‘tolaman cho‘lu chamanni.
Mening dolg‘alarim xotiralardir,
Kecha ham, kunduz ham topajak seni.

Istasang tushingga kiraman sening,
Kirarman dengiz kabi.
Yuzingga injular chilarman sening,
Chilarman dengiz kabi.
Yo‘lingga shafaqlar separman hadeb,
Separman dengiz kabi.
Istasang yuzingdan o‘parman hadeb,
O‘parman dengiz kabi.
Nomingni qalbimning sohillariga
Yo‘narman dengiz kabi.
Sevaman deyqolsang bir oqshom menga,
Tinarman dengiz kabi.

Dunyoda sokitlik izlamadim men,
Quyosh kabi porla,
sahar kabi kel.
Ko‘klardek tushimda kelmak istasang,
Sen oyli, yulduzli ko‘klar kabi kel.

Otla quchog‘idan sur to‘fonlarning,
Kuzatay oqshomdan — sahargacha tek.
Otla oq yo‘lida kahkashonlarning,
Porlasin har yulduz xotiralardek.

Kel qish kechasida,
yoz saharida —
Dengiz-ku ko‘k bilan hamisha damsoz!
So‘ngsiz koinotning ufqlarida
Sen ko‘rish vaqtini chaqmoqlar-la yoz!

Sen so‘zla,
qo‘shiqdek men quloq solay,
Ishqimda, dilimda hamisha borsan.
Dunyoda to ko‘k bor — men sen-la qolay,
Dengiz turgunicha sen menga yorsan.

O‘ZGA SOHILLARNING AYNI TO‘LQINI

Umrning har yili
Bir ummon dedim.
Nega ayurdilar bu yillar bizni?
Sen shoshilsang,
Men ham kechikmasaydim,
Balki ayirmasdilar sohillar bizni.
Yaqin bir sevgining bu olis uni
Yurakka chaqmoqdek o‘t qo‘yib o‘tar.
O‘zga sohillarning ayni to‘lqini
Qalbimizni ezib va o‘yib o‘tar.

Kecha shirin-shirin
Sayr etar oy seni, kahkashon seni.
Men sahar yeliga: «Jim!» deganimda,
Kimdir uyg‘otadi begumon seni.

Qo‘shaloq o‘tasiz…
Yaqin kelmayman.
Men yo‘qman…Yoningda u tayyor har dam,
Ko‘zimni ko‘garib qaray olmayman,
U esa, istasa ko‘tarar qo‘l ham.

O‘tasan, qush bo‘lib — qanot bog‘layman,
Ammo, yuksalmoqqa
Ufq tor, yetmas.
Seni malaklarga malak chog‘layman,
U bo‘lsa,
Qonuniy xotin sanar, bas!
Ko‘z solarman hayron har ko‘rgan uzoq,
Yo tinar yer bilan samoda birga?
Birga tepishmagan yuraklar, qandoq,
Ko‘raylik, yo‘l yurar dunyoda birga?

Kechikmish orzular oshib-toshganda,
Qarayman,
Ko‘nglimdan ol qonlar oqar…
Qonunsiz bir nikoh qonunlashganda,
Qonuniy muhabbat
Chekkadan boqar…

Mirtemir tarjimasi

PARVOZ ISTAGI

Yillar o‘tayotir. Orzular — bunyod.
Ne-ne vatanlarga yo‘lim tushmadi!
Lekin bir istakni qalbim aylar yod:
Ko‘p bo‘ldi, tushimda hech ham uchmadim.

Uyqular… Ro‘yolar… Endi chikora?
Etib ko‘zlaringni yumdingmi, tamom:
Parvoz etajaksan, pastda — sayyora.
Oh qanday uchardim, yuksaklik tomon!

Uyqular… Ro‘yolar… Chorlar yuksakka…
Sirli hayot kirar tushimga asta.
Goho burgut misol uchardim ko‘kka,
Yastanib yotardi o‘rmonlar pastda.

Haybatli kuch hissi qamraydi meni,
Kuzga almashadi bir zumda ko‘klam.
Tomosha etarkan yulduz mavjini
Sovuq Oy sathiga qo‘yaman qadam.

Men parvoz istayman… Bamisoli qush,
Yozdan bahor sari qilsaydim parvoz!
Mayliydi, bir marta, bo‘lsa hamki tush,
Qaytsam, bolaligim aylasam e’zoz.

Qani qanot bering, ko‘rsating ayon,
Qayonga uchayin? Uchmog‘im tayin!
Tushimga berkingan bolalik tomon
Aqalli bir marta uchib yetayin.

Muhammad Ali tarjimasi

SOKIN SATRLAR

Insonlar sevilar,
Sevar dunyoda,
Umidlar umr-chun
mag‘rur qanotdir.
Sevgi garchi kichik
qalbga sig‘sa-da,
Cheksizligi uning
Bir koinotdir.
Uning ufqlari
Bilmagay poyon,
Uning orzulari
ko‘ngil boridir.
Dilbar, nurga to‘la
ko‘zlaring, inon
Ushbu koinotning
Yulduzlaridir.
Yurak-la bog‘langan
So‘qmoqda, izda,
Xayollar girdobga
oladi yolg‘iz,
Har toza tuyg‘uni
O‘z qalbimizda
Yangi sayyoraday kashf
eturmiz biz.
Intilib umid-la
Yo‘l ocha-ocha,
Ko‘zlaymiz eng nurli
Sabohimizni.
Dunyoning muhabbat saroyida to,
Tole o‘zi o‘qir nikohimizni…
Olar og‘ushiga
Bahor-yoz meni,
Sening ishqing qalbni
qanotlantirar.
Tropik issiq ham yondirmas meni,
Sovuq loqaydliging
Goho yondirar.
Orzumiz tug‘ilar
Oydin saharda,
Tug‘yonlari uning daryocha
bo‘lar.
Bizning visolimiz
daqiqalaru
Hijronimiz esa
Dunyocha bo‘lar.
Sen quyosh,
Men esa boshi qorli tog‘.
Sensiz aylanurman jonsiz bir muzga.
Garchi biz bir-birdan
Bo‘lsak ham yiroq,
Begona emasmiz biz bir-birimizga.
Ko‘rishdik,
to‘lqinlar qo‘zg‘oldi birdan…
Tinglading,
Mehr-la men ham boqdim jim.
Dedimki, baxtliman,
Chunki sen bilan,
Yagona ko‘chadan tashlayman
odim.
Yil o‘tdi,
To‘lqinlar qo‘zg‘oldi
tag‘in…
Sensiz o‘tgan har kun
Yildir men uchun.
Deymanki baxtliman,
Chunki sen bilan
Bitta shahar ichra
yashayman bugun.
Yil o‘tar,
To‘lqinlar qo‘zg‘olar
sho‘x-sha’n…
Ishqing meni etar manguga asir.
Deymanki baxtliman,
Chunki sen bilan
Yagona zaminda tug‘ildim axir.

Nosir Muhammad tarjimasi

QOYa USTIDA EMAN

Tog‘ boshida viqor-la turibdi eman,
Yorib chiqibdi-ya, qoya toshini.
Poyidan arimas erta-kech tuman,
Ko‘kda bulutlarga urar boshini.

Uning urug‘ini qaysidir bir kun
Burgut olib kelib bu yerga «ekkan».
U hayot oshig‘i, hayotga maftun,
Toshlar ichra qancha yotibdi ekan?

Faqat tabiatga yoz kelganda, u
Uyg‘ongan uyqudan tog‘lar-la birga.
Jarlikdan yuksalgan tosh makonda u
O‘sibdi qoyada bahor-la birga.

Mayli borib uni yaqindan ko‘ray,
Guvohi necha yoz va necha qishdir.
Hikmatdir: shu mitti bir urug‘ hay-hay,
Buyuk bir qoyani parchalamishdir!

O‘sgan muhabbat-la, quyoshga qarab,
Boshidan hech qachon arimagan nur.
Qutirsa-da, shamol, bo‘ron yovsirab,
Qoyada ulg‘ayib qilmokda huzur.

Bugun gullab turar tip-tik qoyada
Uning tog‘ yuragi, uning tog‘ ishqi.
Ne bilan mezonni topgan dunyoda,
Hayotga muhabbat — yashamoq ishqi?!

GUVOH

Ular uchrashdilar… Oydin tun edi,
Yigit shivirladi: «Sevaman», dedi.
— Ahdidan qaytganning ko‘zi o‘yilsin!
— Mayli, sevgimizga oy guvoh bo‘lsin…

Ular ajrashdilar… Oydin tun edi.
Yigit boshqasiga: «sevaman”, dedi.
Oy bulut ortiga asta berkindi,
Qo‘rqdi yana guvoh bo‘lishdan endi.

VATAN VA G‘URBAT

Ko‘ngil ayrilmaydi o‘z bahoridan,
Ilhom bahoridan, so‘z bahoridan.
Shubhasiz vatanning bitta qish kuni
Yaxshidir g‘urbatning yuz bahoridan.

Fayzi Shohismoil tarjimasi

E’TIROF

– Sevmadim dunyoda oltin-kumushni,
Dedimki, viqorim – e’tiborimdir.
Go‘zal sevgilimning shirin kulishi
Manim davlatimdir, manim borimdir.

Sevmadim dunyoda shonu shuhratni,
Ularni hayotda afsona sondim.
Boq, qancha deganim boru davlatni
O‘z yurak qonim-la o‘zim qozondim.

Kezarman, izlarman sirdoshlarimni,
Umrimning bahori kabi axtarib.
Istasa sevgilim ko‘z yoshlarimni
Tizarman bo‘yniga misli marvarid.

Zohid quloq ossin bir yaxshi-yaxshi,
Sevgi sevinchimdir, sevgi g‘amimdir.
Bir shahlo ko‘zlining o‘tli boqishi
Manim jannatimdir, jahannamimdir.

Ulkan bir tog‘manki, boshi qorliman,
Dema, cho‘qqimdagi u tuman nadir?
Butun borlilardan yana borliman,
Davlatim – muhabbat, borim – sevgidir.

FUZULIY ILA SUHBAT

Tanho o‘tirmishdim ne vaqtdan beri,
O‘ylardim, so‘nmishdir ilhomning o‘ti.
Sokin yuragimning depsinishlari
Yana ahyon-ahyon buzar sukutni.

Yo‘l olib siynamdan ming bir so‘z kechar,
Faqat uni she’rga loyiq ko‘rmasman.
Ko‘zimdan yam-yashil daryo-duz kechar,
Necha chechak terib gultoj o‘rmasman.

Tingladim qushlarning taronasini,
Gulshanda shabboda bir mayin esdi.
Eshitdim kimsaning oyoq sasini,
Go‘yo iliq bir qo‘l sochimda kezdi.

Mehribon boqishlar buloqdek erur,
Quyuq qoshlar esa burgut qanoti.
Nuroniy yuzinda hikmatning nuri –
Tanidim, tanidim buyuk ustodni.

U dedi: “Ko‘raman, qachonlardan san
Qog‘ozlar ichida ovvora, sarson.
U nadir, she’rlarmi yozganing derman,
Sen ham shoirmisan, navqiron o‘g‘lon?”

Boqdilar ko‘zlarim tubiga shoir,
So‘zladim asta men, yuragimda g‘am:
– Shoir degandiki, axir ne shoir,
Ming she’r yozganning biri-da men ham.

– Balli, men bilaman shoirlik nadir,
Kimdir to‘g‘ri yozar, kim esa yolg‘on.
So‘ng so‘zni xalq aytar, vaqt ko‘rsatur,
Shoir atalmaydi har bir she’r yozg‘on.

Kimki o‘z elining dardini bildi,
El uning umrini uzaytajakdir.
Kimki o‘z eli-la yig‘ladi, kuldi,
El uni qalbida yashatajakdir.

Bu tuproqdan ayri tushibdir ko‘ngil,
Shoirning yuragi ilhomsiz bo‘lmas…
She’r ayta olmadim rosa to‘rt yuz yil,
Yuragim to‘ladir, men aytay, sen yoz.

Mendan uzoq bo‘ldi tuqqan Vatanim,
Toshini la’l bildim, tuprog‘ini dur.
Dema, misralarim dardlidir manim,
Yurak kulmaganda she’r-da kulmayur.

…U dedi, sirlashdi… Tutashdi qoshlar…
U dedi, u boqdi, men esa yozdim.
U dedi, eridi cho‘qqilarda qor…
U dedi, kun chiqdi…
Men esa yozdim…

QIZ QAL’ASI

Yillar kechdi yellar kabi bosh ustidan,
Necha daf’a yog‘in yog‘di, bo‘ldi bo‘ron.

Otding qachon yuzingdagi niqobni san,
Jamolingni yellar ko‘rib bo‘ldi hayron.

Asrlarning mag‘rur sasi, Qiz qal’asi,
Ey go‘zallik nishonasi, Qiz qal’asi.

Ul Hazardin yellar esar sarin-sarin,
Ellar dema, asrlarning savolidir.

Bu kun uchib unga qo‘ngan oq go‘garchin
Shunday bilki, yel qizining xayolidir.

Eru ko‘kning ko‘zi senda, Qiz qal’asi,
Tarixlarning so‘zi senda, Qiz qal’asi.

So‘lmas asti asl ishqning tarovati,
Kelar do‘stlar quchoq ochib, yuzi kular.

Faqat sendan o‘rganmoq-chun sadoqatni
Bu kun bunda uchrashadi sevgililar.

Sevgi qadar navqironsan, Qiz qal’asi,
Sen na qadar mehribonsan, Qiz qal’asi!

DENGIZ, KO‘K, MUHABBAT

1

– Ha, dengizni hadya qilaman senga…
Men dedim, sen boqding, sen kulumsading.
Osmonning shafag‘i tushdi yuzingga.
– Men esa… osmonni beraman, – deding…

Ayrildik
G‘ariba hadyalar ila,
Osmon ishqim kabi menga azizdir.
Ayrildik dengiz-la, oq to‘lqinlari-la,
Qanday olib borgung?.. Dengiz – dengizdir.

Dengizni qildim men sen uchun hadya,
Kelgan sohilingga kelasan yana.
Meni ko‘rmaganda – u manim – deya,
Manim-la sirlashib kulasan yana.

Agar ko‘rishmasak bizga dog‘ o‘lar,
Dedim. Necha daf’a shunday dedim men.
Dengiz sohiliga qaytmoq bo‘lar,
Osmoning sohili bormi, keldim men?!

Tushundim, ayriliq kelgandan beri,
Sen mening ishqimga chiroq bo‘lasan.
Shuning-chun berdingmi menga ko‘klarni,
Mendan osmon qadar yiroq bo‘lasan?!

2

Men bir dengizmanki, ishqim sahardir,
Seni tushunaman, azizim, yana.
Mening dolg‘alarim xotiralardir,
Ko‘k yetsin qalbimning
sohillariga.
Asl muhabbatki, buyuk hunardir,
Jo‘shar ummon kabi toza orzular.
Mening dolg‘alarim
xotiralardir,
Unda to‘fon-da bor, girdibod-da bor.
Dengizman, ishqimdan qochmoq xatardir,
Men-ku kezolgayman cho‘lu chamanni.
Mening dolg‘alarim
xotiralardir,
Kecha-da, kunduz-da topajak sani.

3

Istasang, uyqungga kelarman sening,
kelarman dengiz kabi.
Yuzingga injular socharman sening,
socharman dengiz kabi.
Yo‘lingga shafaqlar separman har dam,
separman dengiz kabi,
Istasang, yuzingdan o‘parman har dam,
o‘parman dengiz kabi.
Ismingni qalbimning sohillariga
yozarman dengiz kabi,
“Sevmayman” – so‘ylasang bir oqshom menga,
tinarman dengiz kabi,
tinarman dengiz kabi…

4

Men senga sokinlik tilamadim hech,
Quyosh kabi porla,
sahar kabi kel.
Osmondek uyqumga kelmoq istasang,
Sen oyli, yulduzli ko‘klar kabi kel.

Nomini atagil hur to‘fonlarni,
Men boqqan oqshomu saharlar kabir.
Atagil oq yo‘lli kahkashonlarni,
Porlasin har yulduz xotira kabi.

Kelgin qish kechasi,
yoz saharida –
Dengizni osmondan ayirib bo‘lmas!
So‘ngsiz koinotning ufqlarida
Uchrashish vaqtini chaqmoqlar-la yoz!

Men kerak nag‘madek
Seni tinglayman,
Sen mening ishqim-la, yuragim-lasan.
Na qadar osmon bor, man saning-laman,
Na qadar dengiz bor, san manim-lasan.

Ozarbayjonchadan Gulbahor Said G‘ani tarjimasi

* * *

Istasam tushingga kiraman seni,
Kiraman dengiz kabi.
Yuzingga injular sochaman seni,
Sochaman dengiz kabi.
Yo‘lingga shafaqlar sepaman har dam,
Sepaman dengiz kabi.
Istasang yuzingdan o‘paman hardam,
O‘paman dengiz kabi.
Ismingni qalbimning sohillariga
Yozaman dengiz kabi.
So‘ylasang bir oqshom sevaman deya
Chanqadim dengiz kabi,
Chanqayman dengiz kabi.

* * *

Dunyoda halovat istamadim men
Quyosh kabi porla
Sahar kabi kel.
Shamoldek ruhima kelmoq istasang
Sen oyli, yulduzli yellar kabi kel.

Sahro quchog‘inda chang to‘fonlari
Men boqdim oqshomdan saharlar kabi.
Sahro oq yo‘ling-la kahkashonlarin
Porlasin har yulduz xotira kabi.
Kel, qish kechasinda,
Yozning tongida,
Dengizni shamoldan ayirib bo‘lmas.
So‘ngsiz koinotning ufqlarida
Sen visol vaqtini chaqmoqlar-la yoz.
Bilsang, tinglovchiman, seni tinglayman,
Sen mening ishqimda, yuragimdasan,
Shu qadar yellar bor, men senikiman,
Shu qadar dengiz bor, sen menikisan.

Ozarbayjon tilidan O‘ktamoy tarjimasi

MANIM YuRAGIM

Har kuzak dardimni aytib pichirlab,
To‘kilur og‘ochdan sarsari yaproq.
Tunlar u hasratning sarsari quvlab,
Manim yuragimdir, manim yuragim.

Muhabbat so‘ngsizdir, umrdir qisqa,
Netardi, sadoqat abadiy qolsa!
Kimning yuragida armon ufursa,
Manim yuragimdir, manim yuragim.

Yuzlarda, ko‘zlarda sevgi ohi-nur,
Muhabbat yurakdan-yurakka qo‘nur,
Go‘zallar ko‘zida u otash, u nur,
Manim yuragimdir, manim yuragim.

Buloqman suvimdan to‘yguncha iching,
Chamanman, mehribon-mehribon keching!
Ming chachak ichidan bir lola uzing –
Manim yuragimdir, manim yuragim.

Shoirning qalbida ming bir tilak bor,
Gulsavat yasashga gul bor, chechak bor.
Na qadar dunyoda sevgan yurak bor,
Manim yuragimdir, manim yuragim.

NEGA KELMAYSAN?

Bog‘larni so‘ldirib, to‘kib bargini,
Yana yerga solib yaproqlarini,
So‘ldirib u qizil yanoqlarini,
Qish bo‘lib bostirib nega kelmaysan?

Ismingdagi xonim-xatini manga,
Bermading o‘z shohlik taxtini manga,
Qo‘ymading gul-chechak vaqtini manga,
Qish bo‘lib ustimga nega kelmaysan?

Hasratingda kuydim ilk bahoringga,
Endi kelib mani yodga soldimi,
So‘zingning olovi o‘zgalaringga,
Sochingning qirovi manga qoldimi?
Qish bo‘lib ustimga nega kelmaysan?

Go‘zallik-naylading u baxshishini,
Kelmaysan, boshqaga baxsh etding uni?
Bilmading tolening aylanishini,
Qaytara bilmadim, na bilding buni?
Bilmading man bir oz yuragi kavrak,
Ayollar bahsida muteman, lolman.

Bilmading hasrating mani yeb tashlar,
Bilmading saningchun kesilgan yo‘lman.
Kish bo‘lib bostirib nega kelmaysan? . .
Yig‘lagan hissimni sovutmadimmi,
Injiq yuragimni ovutmadimmi? . .
Takabburli xonim, o nozli xonim,
Yo‘q, yo‘q, yolvorishdan saqlagil olloh.
Bu yoziq boqishdan saqlagil olloh.
Dil yaxshi, bu dilni bir pandni saqla,
Tilingni oldida u qandni saqla.
Kuching bor-kechani qaytar, so‘roqla,
Qish bo‘lib bostirib nega kelmaysan? . .

Ne deding? . . Oh, bu na yog‘duli so‘zdir!
Bir degan, ko‘zingda bu na turondir…
Oh, maning yuragim na ikki yuzli,
Viqorimni qanday yerga urgandi!-
Bajara olmadim, o‘zimga, hayf!
Qish bo‘lib ustimga nega kelmaysan…

* * *

Boqqanda ko‘zimga u qiz, u ofat,
Ko‘zimni tindirgan lol boqishidir.
Kelur xijolatlar, ketur jasorat,
Balki bu ko‘rishdan hayol yaxshidir!

Ammo, uni bir on ko‘rmas bo‘lsam gar,
So‘nar ko‘zlarim ham qorayar jahon.
Yana bir og‘riqlar chiqar yurakdan,
Deyman: kel, azizim, kel qayerdasan!

So‘rarar, nimadan bu og‘riqlaringiz,
Nega iztiroblar ichida yurak?
Ishqimning sultoni – u go‘zal qizni,
Ham ko‘rmak istayman, ham ko‘rmayman bas!

Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi