Javonshir Asqar (Cavanşir Əsgər) 1961 yili Ozarboyjonning Xirdalanda rayonida tug‘ilgan. She’rlari 1984 yildan Ozarbayjon vaqtli matbuotida chop etiladi.
* * *
Unutaman kuy-qo‘shiqni,
Yolg‘iz o‘zim kezaman.
Yodga olmay san ishqni,
Bir kun sansiz kezaman.
Bag‘rimga yaproq tushadi,
Depsinib sovqatgan sari,
Baxtli ham emasdir bu diyor,
Holimdan kulganing sari.
Yomg‘irga aylansam bulutday,
Engillashib bo‘sh bo‘laman.
Unutib hissim, tuyg‘umni,
Yuraksiz bir tosh bo‘laman.
Odimlarim unmas sira,
Er hamon oyog‘im tortadi.
Go‘zallar o‘tar bir bokira,
Boqishi dilimni tortadi.
Quchib mani ovutadi,
G‘ofil tunning ko‘lankasi.
Kecha bag‘rimga botadi,
Yo‘qsa borliq kuyib ketar.
AYoN BO‘LMASIN
Ko‘zimni yashirib ichimga,
Yig‘ladim, ko‘rgan bo‘lmasin.
Dardlarimga vatan bo‘ldim,
Asradim, ayon bo‘lmasin.
O‘z-o‘zini sotgan ham ko‘p,
Otgan ham ko‘p, botgan ham ko‘p,
Ortimdan tosh otgan ham ko‘p,
Ortimdan kulgan bo‘lmasin.
Jonimga gul taqmay bo‘lsin,
Bir qo‘lim bir yoqam bo‘lsin,
Ko‘zlarimda qolgan bo‘lsin,
Ichimda o‘lgan bo‘lmasin.
* * *
Vallah, bir jondan to‘yib,
Ko‘chimni yig‘ib ketaman.
O‘z qo‘limla o‘z uyimni,
Uchirib, yiqib ketaman.
To‘lib yig‘lagan oladi,
Qora bog‘lagan oladi,
Tutib saqlagan oladi,
Qo‘lingdan chiqib ketaman.
To‘zaman bu dunyo kabi.
Qanday to‘zmay riyo kabi,
Qo‘llarimda gullar kabi,
Siynama sanchib ketaman.
Dunyoning yolg‘on odami,
Oyog‘i noggiron odami,
Bir, ikki yongan odami,
Yondirib, yoqib ketaman.
* * *
Dunyoda hech butun narsa ko‘rmadim,
Har nafas yarimta, har odim yarim.
Tashladim, darvishdek bosh olib ketdim,
Tashladim, qo‘y dedim o‘zimdan nari.
Otdim o‘z ichimga o‘z dardlarimni,
Begonamas o‘zday yutishasizmi?
Sukutga bergancha nolalarimni,
Ichida yo‘q deya eshitasizmi?
Dardni anglaganlar siynasi dog‘li,
Ummanlar jimgina ko‘char ichinda.
Er bog‘li, ko‘k bog‘li, to‘rt yonim bog‘li,
Umrim o‘tayotir, hazar ichinda.
Uzoqdan ko‘ringan, xush yoqar ko‘zga,
Har ko‘rgan suvlarim, daryo emas-ku?
Ichingda qurganing dunyolar ko‘zda,
Ko‘rganing bu dunyo, dunyo emasdir.
Shunda o‘z yuraging eshitar sani,
Umring odim-odim ko‘k na ey odam.
Tanholik sovuqdir, muzlatar seni,
Ichingga yoqmoqni o‘rgan ey, odam…
Dilbar Haydarova tarjimasi
* * *
Ko‘nglimda bir hazin qo‘shiq kabisan,
Sirli ovozingni jim o‘qiy olar.
Ko‘zlaring qayg‘uli she’rimga o‘xshar,
Uni menda boshqa kim o‘qiy olar.
Hasrat suvi bilan ichimda har kun,
Yuz rangda, yuz xilda gullar unadi.
Har kun o‘z ichimdan topaman seni,
Har kun kiprigimga darding qo‘nadi.
Qayerdan kelganman, kimman, ne uchun?!
Kelganim, ketganim yo‘l topilmaydi.
Har kunim bir yo‘ldir, yopilar bir-bir,
Ko‘nglimga ochilgan yo‘l yopilmaydi.
Umr o‘tib ketdi, bir on ichida,
Yo‘l soldim, to‘gridan yolg‘oning kabi.
Seni yuragimda doim asradim,
Ishqimni dilingga solganing kabi.
Ko‘rdimki, naqadar hikmat yashirin,
Tomchilar tog‘larni o‘ygan u yerda.
U paytga xayolan necha bor qaytdim,
Hech neni topmadim qo‘ygan u yerda.
Ko‘nglimda bir hazin qo‘shiq kabisan,
Sirli ovozingni jim o‘qiy olar.
Ko‘zlaring qayg‘uli she’rimga o‘xshar,
Uni mendan boshqa kim o‘qiy olar.
Ozar tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi