Xizmat ko‘rsatgan san’at xodimi. Ibrohim Go‘ychoyli (İbrahim Göyçaylı) 1936 yil 12 noyabrda Go‘ychoy tumanining Alikent qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni 1953 yilda tamomlagach, Ozarbayjon Davlat universitetining filologiya fakultetiga kirgan va uni 1958 yilda tamomlagan.
Ozarbayjon Davlat nashriyotida muharrir, “Madaniy tijorat” gazetasi Bosh muharriri, Ozarbayjon Teleradioqo‘mitasida Bosh muharrir bo‘lgan. 2007 yil 24 fevralda vafot etgan.
SAHAR
Nozlanib — noz bilan kelar bu sahar,
Aridi og‘riqlar, chekinar qadar.
Bir go‘zal nigohga yuz ochar nahor,
Ko‘zimdan ko‘rinar ko‘zi saharning.
Umid ko‘zgusida boqar o‘ziga,
Nur sochar olamga, zamin yuziga,
Yap-yangi tuyg‘ular kelib ko‘ziga,
Sehrlanib qolar o‘zi saharning.
Muncha oydin havo, muncha oppoq kun,
Firoq iztirobi topdimi yakun?
Umid-orzularim kuldimi bugun
Sevgimga so‘z berdi sozi saharning.
Dala-bog‘ uyg‘onar, tog‘lar uyg‘onar,
Gullarning, yaproqning oftobi yonar,
Dunyo yangilanar, rangga bo‘yanar,
Elanar sochimga yozi saharning.
Dunyo umidlanar sevgidan bu kun,
Er-ko‘k jilvalanar sezgidan bu kun,
Zavq oladi shoir sevgidan bu kun,
Muncha ham nozlidir nozi saharning.
UMR O‘TAR
Hayotim, hamdamim, do‘st bilganim kas,
Qonimni istasang, qonimni bergum.
Mening iltijomga ilk qaytargan sas,
Jonimni istasang, jonimni bergum.
Oyog‘in qo‘liga olgancha zamon,
Yo‘llarni qaychidek kesarda to‘kar.
Berganin qaytarib olar hayotdan,
Dunyoning har joyi unga tiz cho‘kar.
Yaxshini, yomonni egniga kiyar,
Qaramas astar yo avra yuziga.
Insonga shundayin so‘zini deyar,
Elangan elakni tutib yuziga.
Endi yosh ham o‘tdi. Qish keldi yetib,
Bilginki, tog‘lar ham qaridi biroz.
O‘tgan umringizdan qanchasi ketib,
Endi yaqinlar ham kamaydi oz-oz.
Orzular yashadi ko‘zda, yurakda,
O‘zlari bilmasdan qoldimi kuchdan?!
Toledan istasak, istamasak-da,
O‘tdi hayotimiz, izimiz o‘chgan.
Qarayman, bolalar, yugurar, o‘ynar,
Ishonchi, ilhomi dunyo qadardir.
Uchar qushlar kabi, havasi qaynar
Sevinchdir quvonchi, sevinchdir dardi.
Umrlar suv kabi oqadi butkul,
Umr ham ularga qaytmaydi chog‘i.
Qanchalar o‘choqni qoplaydi chang, kul,
Qanchalar do‘stimning so‘nar o‘chog‘i.
Bilgilki, ertakday o‘tib ketar yil,
Omonat samo ham, yeru bahor ham.
Netayin, umrim ham o‘tib ketar bil,
O‘tadi oqshomim, o‘tar sahar ham.
GO‘Yo BULOQMAN…
Qarshimdan ilohiy bir go‘zal kelar
Atrofga boshqacha zavq-la boqaman.
Ko‘zimdan, yuzimdan sehr yog‘ilar,
Go‘yoki buloqman, suvman, oqaman.
Maftunman omadning mujdasiga man,
Hayot bag‘ishladi ko‘ngil hushimga.
Bir yo‘la qutuldim butunlay g‘amdan,
Endi azoblarim kirmas tushimga.
O‘tar asta-asta, o‘tar bir malak,
Ustimga osmondan go‘zallik yog‘ar.
Sevinchdan to‘xtab qolguday yurak.
Oyog‘im adashib yo‘lidan og‘ar.
Men unga boqmasam, qisqarar umr.
Boqmasam bu qalbim armonda qolar.
Unga oshiqligim yashira olmas,
Qayrilib orqadan qarar go‘zallar.
Dunyoning injusi yonimdan o‘tar,
Ko‘nglim osmon qadar yana bo‘y cho‘zar.
Bu olam quyoshning shavqini yutar,
Go‘yoki mo‘jiza qo‘ynida suzar.
Unutar dardini, qayg‘u-g‘amni vaqt,
Yomonlik, o‘limga u ziddir azal.
Go‘yoki bir sevgi she’ridir hayot.
Hayotda qo‘shiqdek har narsa go‘zal.
Chekinib, yo‘qolgay gunoh, xiyonat,
Ruhim yangilanar shu kun o‘zida.
Na g‘am bor, na g‘ussa, na kin-qudurat
Na zulm, na och bor bu yer yuzida.
Qarshimdan ilohiy bir go‘zal kelar,
Atrofga boshqacha zavq-la boqaman.
Ko‘zimdan, yuzimdan sehr yog‘ilar.
Go‘yoki buloqman, suvman, oqaman.
Fayzi Shohismoil tarjimasi