Hayron xonim Dunbuli (Heyran xanım) Ozarbayjonning xushhavo Naxchevon shahrida Kankarli Dunbuli avlodiga mansub xonadonda tug‘ilgan, Rusiya – Eron to‘qnashuvlari davrida Eronning Urmiya ko‘li yaqinidagi qishloqqa ko‘chirilgan. Hayron xonim yoshligida saroyda tahsil oldi, mumtoz she’riyat an’analarini o‘rgandi. Ro‘dakiy, Sa’diy, Hofiz, Urfiy, Nasiriy, Navoiy, Fuzuliy, Soib, Qavsiy kabi ustozlar ijodidan bahramand bo‘ldi. Nochor xalqning g‘amu hasratiga qayg‘udosh bo‘ldi. G‘azallarini ozar tilida, forsiyda, shiru shakar usulida ham yozgan. U Tabrizda vafot etgan.
G‘AZALLAR
* * *
Labingni moyai jon yaratmish
Va ushshoq dardiga darmon yaratmish.
Mening jonim uchun rizqu nasiba
O‘shul soat yana hijron yaratmish.
Firoqingda ko‘zim giryon qilgay:
Labi la’lingni na xandon yaratmish.
Agar yulduz erur jumla go‘zallar,
Seni tanho mohitobon yaratmish.
Yuzingni nuridan olmish-da zarra,
O‘shandan xurshidi raxshon yaratmish.
Gadoyi husningga meni darbadar,
Senikim, sarvari xo‘bon yaratmish.
Meni bulbul, seni bir gul atablar,
Meni cheksin, deya, afg‘on, yaratmish.
Etishdi ma’shuqin vasliga oshiq,
Meni bir sen uchun Hayron yaratmish.
* * *
Sabo essa sening ko‘yingdan, ey sho‘x,
Qilur parvoz ruhim so‘yingga, ey sho‘x.
Gulu sunbul ajab atrin bo‘lolmas
Sening chehrang, soching, bo‘yingday, ey sho‘x.
Bu gulshanda bitarmi sarvu shamshod
Qading monandi, dil jo‘yingday, ey sho‘x.
Na bir xush kun edi lutf aylading sen,
Kamand bo‘ynimga giso‘yingdan, ey sho‘x.
Ki dushman makridan chekdim jafolar,
Judo bo‘ldim sening ro‘yingdan, ey sho‘x.
Kishi yo‘q bilguchi atvoringi hech,
Bu Hayron fidodir xo‘yingga, ey sho‘x.
* * *
Zulfini chun oraza ul moh parishon ayladi,
Ravzai firdavs go‘yo sunbuliston ayladi.
Noz ila otdi agar novaklarini mahliqo,
O‘ldirib oshiqlarini qoni alvon ayladi.
Chun boqib ahvolima etdi tabassum noz ila,
G‘unchai bog‘i behishtni ko‘r, na xandon ayladi.
Chun tabibim ul iki yoqutni etdi durfishon,
Ruh berdi qalbima, dardima darmon ayladi.
Yor chun ag‘yor ila etdi takallum lutf ila,
Ko‘nglimi dardu g‘ami mavj etdi, to‘fon ayladi.
Ko‘rdi chun ag‘yor ila dildorini sargarmu noz,
Diydai xunborimi, ko‘rkim, na tug‘yon ayladi?
Qoshu ko‘z, ham la’li maygun, xoli hindu, zulfi kaj,
Sarv qaddin ko‘rsatib, Hayronni hayron ayladi.
* * *
Dardimga chora yo‘qdir la’li dutodin o‘zga,
Tutmas qo‘limni hargiz zulfi rasodan o‘zga.
Holimni dildorimga arz aylaguvchi yo‘qdir
Borsam guzar boshida bodi sabodan o‘zga.
Kaj baxtimiz bohayrat, boiski, yor bizga
Ko‘rmas ravo hech ne javru jafodan o‘zga.
Zulmu sitam bo‘libdir dildorga kasbu korlik,
Men etmadim sanamga mehru vafodan o‘zga.
Dilbarga xizmat etmak azmin tutar bo‘landa,
Yo‘qdir alimda tuhfa xayru duodan o‘zga.
Dardu alam-g‘aminda giriftor o‘ldi kim ham
Yor ko‘chasinda mendek baxti qarodan o‘zga.
Ag‘yor ta’na urgay, hijron olov ufurgay,
Yo‘q bizga mehribone g‘amxor xudodan o‘zga.
Qismat ishi bu, Hayron, tushding yordan ayru,
Taqdirga chora yo‘qdir rozi-rizodan o‘zga.
* * *
Ochildi subh ro‘ying, shom zulfing ayon o‘ldi,
Xijolat otashina mehr yondi, moh nihon o‘ldi.
Chekib qavsi kuzah xush toqi rangin osmon uzra
Ko‘rub qoshing kabi ul moh qaddi kamon o‘ldi.
Du chashmai masti maxmuring olib jonlar, to‘kib qonlar.
Xadangi kirpiging, tig‘i nigohing komron o‘ldi.
Giriftori kamand o‘ldi dilim, aqlim uchib boshdin,
Ko‘ngul murg‘iga xoling dona, zulfing oshiyon o‘ldi.
Ko‘rib la’li labing, ey, hurvash, la’li Badaxshonning
Kuyib bag‘ri hasaddin, diydasinda xun ravon o‘ldi.
Ko‘zung oldi manim jonim, labing to‘kdi uning qonin,
Bihamdillah, saning ko‘yingda oxir qonga qon o‘ldi.
Etib zavq birla jon qurbon anga har oshiq ey, Hayron,
Na tanho ojizu nolon o‘larda jonfishon o‘ldi.
* * *
Yorim, manga ayla bir nazzora,
O‘ldi jigarim hazor pora.
Hajringda mening hazin ko‘nglum
Har lahza yonib sochar sharora.
Men oh dedim, o‘tli fig‘ondin
O‘t ketdi bu dashtu ko‘hsora.
Sen Layli eding, oshiqi zorlar
Majnun kibi tushdi ro‘zigora.
Ko‘pdir seni deb yig‘lagan ushshoq,
Yo‘q men kibi kas tolei qora.
Hayron ko‘zi yo‘lingda nigoron,
Qil chora bu dardi intizora!
* * *
G‘ami yo‘qdir kishining yori mehribon bo‘lsa,
Yuz taassufdir agar men kibi nolon bo‘lsa.
Hijron o‘tida yondi, o‘t ichra qoldi ko‘ngil,
Uf tortmadim, ko‘z yoshim laxta-laxta qon bo‘lsa.
Meni yozg‘irmadi kim, qarg‘ishi ursin toshga,
Naylaram men, umidim boqchasi vayron bo‘lsa?
Visoldan gumonim yo‘q, sabrdan ishonchim to‘q,
Ag‘yor kasbi ne tong oh birla fig‘on bo‘lsa!
G‘ami hajrida to‘zgan dahrda yo‘q maningdek,
Ummedim chechak ochgay yor menga mehmon bo‘lsa.
Tole irodasi shul: ranjima yordan, Hayron,
Ishqingga kim inongay, vaslating onson bo‘lsa?
* * *
Bu – men sargashtayu ovora sensiz,
G‘aribu bekasu bechora sensiz.
Necha gulshan sari qo‘ydim qadamni
Qilib sarvu gula nazzora, sensiz.
Yurak hijron tig‘i, darding o‘qi-la
Bo‘libdir tilkayu yuz pora sensiz.
Bu keng dunyo ko‘zimga tiyrayu tor,
Oyu oftob kuyuk sayyora sensiz.
Tunin hijron ishim, afg‘ondan o‘zga
Chu yo‘q kasbim mening, mohpora, sensiz.
Senga kor etmadi Hayronning ohi,
Faqat kor ayladi toshlora, sensiz!
* * *
Bir noma yozay, bodi sabo yora yetursin,
Sharhi g‘amimni ul buti xunxora yetursin.
Hijron mani etdi yana beholu halovat,
Doruyu visoli menga bir chora yetursin.
Sabrim tugadi, yor endi jonim ola qolsin,
Yo shod aylasin vasl ila, diydora yetursin.
Men iki dunyoda ko‘ray: orzuga yetsin,
Har kimki, meni yori vafodora yetursin.
To‘sma yo‘lini, ey g‘ami hijron, payomim
To bodi sabo ul guli gulzora yetursin.
Yuz hasrat ila bu dili hijronga giriftor
Azm etdi, o‘zin ul guli bexora yetursin.
Yuz nish ila yo‘l bermadi ul xori sitamkor,
Qo‘ymadi o‘zin ul gula bechora, yetursin.
Yorab, manga sen buncha zulm aylama izhor,
Qo‘y, yorga o‘zin bu dili ovora yetursin.
Bekasligima rahm aylasin xoliqi yakto,
Hayronni u shahbozi digarbora yetursin!
* * *
Bo‘ying sarvi sihi, zulfung muanbar,
Jamoling Yusufi Kan’ona o‘xshar.
Qoshing oshiqlaring qasdiga misli
Egilgan tiyg‘i sarafshona o‘xshar.
Qiyo boqsa, ko‘zung olgay bu jonim,
Yo‘xuda fitnai davrona o‘xshar.
Omon yo‘q, noz ila tiri nigohing
Yurakda xanjari burrona o‘xshar.
Tili bulbul, sochi sunbul, yuzi gul,
Tun magar kiprigi paykona o‘xshar.
Seni oy jamoling, ey huri jannat,
Gulistonda guli xandona o‘xshar.
Esib bodi sabo, zulfing to‘zitmish, –
Gul uzra dastai rayhona o‘xshar.
Labing kunjida xoling hinduvash bir
O‘tirgan taxt aro sultona o‘xshar.
Saning ko‘yingda oshiqlar fig‘oni
Chamanda bulbuli xushxona o‘xshar.
Sharorai sho‘rangizingdan, ey oy,
Boshim ham otashi so‘zona o‘xshar.
Ko‘zum yoshi firoqingdan yuzimda
Shashqator lo‘luyu g‘altona o‘xshar.
Agarchi oshiqing ko‘pdir va lekin
Ishonma, qay biri Hayrona o‘xshar?
* * *
Firoqing qalbimizda kor etibdir,
Bu zulmni charxi badkirdor etibdir.
U majlisda hushim uchmish boshimdan,
Havoyi vuslating bedor etibdir.
Bu qismatga ming ehson, ming tashakkur:
Gadoni podishohga yor etibdir.
Ki gul hajrida bulbul nola etmas,
Uni har ne etibdir, xor etibdir.
Qazo Majnunni quvdi tog‘u dashtga,
Qadar Mansurni dorda zor etibdir.
Chekib shamshirini dildor, misli
Raqibim qatlima shior etibdir.
Hajrdan nolima zinhor, Hayron,
Bu jabru jafoni ag‘yor etibdir.
* * *
Bilursen, yoringni bir yori bordir,
Ag‘yor ila ahdu qarori bordir.
Netay men faqirmen, yor – sulton,
Menga yor o‘lmog‘idan ori bordir.
Na darkordur menga sunbul va rayhon,
Aningki turrai tarrori bordir.
Ko‘ngil, qayg‘urmagil, dahri chamanda
Ochilgan g‘unchaning ming xori bordir.
Kel, injitma, sanga sho‘rlik bu Hayron
Bir oshiqdir, mehr iqrori bordir.
* * *
Xurshidi tobon bo‘lmish namoyon,
Bo‘lmish namoyon xurshidi tobon.
Zulfi parishon yuzlarda pechon,
Yuzlarda pechon zulfi parishon.
Ul chashmi fatton aqlimni oldi,
Aqlimni oldi ul chashmi fatton.
Ul tiri mujgon sanchildi qalbga,
Sanchildi qalbga ul tiri mujgon.
Ul la’li xandon obi hayotdir,
Obi hayotdir ul la’li xandon.
Ul ko‘yi jonon ming qurbon istar,
Ming qurbon istar ul ko‘yi jonon.
Shaydo bu Hayron ul oy jamolga,
Ul oy jamolga shaydo bu Hayron!
Oydin Hojiyeva tarjimasi