Hamid Xerischi (Həmid Herisçi) 1961 yilda tug‘ilgan. Boku Davlat dorilfununining filologiya fakultetini tamomlagan. “Nekrolog” postmodern romani va turkum she’rlari bilan tanilgan. SPACE TV muharriri bo‘lib ishlaydi. Yangi adabiy oqim yetakchilaridan biri.
1995 YIL. ZINDON. TUN.
TERGOVChI MENI SO‘ROQ QILADI.
UMIDIM ZANJIRBAND.
Harflarda joziba nihon…
ehtimol, ular faqat g‘azal uchundir,
ehtimolki, imloga tushgan
she’rdan bo‘lak barcha imlolar —
alifboga haqoratdir.
To‘zg‘igan choriqni yamagan kabi,
ayondir bari.
Istasang to‘ygacha yoki sal kechroq
nog‘ora qoq.
O‘rtoq tergovchi,
mening afsus-nadomatimni
hijjalab tushirmang daftaringizga.
Yaxshisi, hayot qozonidan mening umrimni
tarqating, tarqating zor-muhtojlarga,
qismatim uyiga kirar bo‘lsangiz,
botinkangiz yeching marhamat qilib…
Qichqirmang!
Qichqirmang…
Tushuning,
daraxtlar —
keksaygan chechaklar asli,
to‘xtang…
Endi bu olamda yo‘llar qolmadi,
ko‘chalar bor xolos, ko‘chalar…
qayga oborardi ayblovlaringiz
tutoqib, yutoqib o‘shqirishingiz.
Mabodo qo‘rg‘oshin ko‘ylak bo‘lmog‘i
qismatda bor bo‘lsa, qo‘rqish yo‘q.
Har kim ertami-kech tushar zindonga.
Hamma ham (Momo Havo va Odam),
Har bir mese, har bir madam
qarishga qurbi kelmasa dunyodan ko‘z yumadi.
Ehtimol, keksalikni o‘ldirar o‘lim,
ehtimolki, hech kim o‘lmaydi,
shunchaki o‘limlanadi…
Aytishlaricha, rahbaringiz pora olmasmish,
shaharga tirg‘algan qishloqchalarda izg‘iydi
o‘zining soyasi kabi…
Meni sakkiz yilga kesishdi.
Ruschadan Iqbol Mirzo tarjimasi.