Eltun Turkel (1985)

Eltun Turkel (Eltun Türkel) – Bagirov Eltun Bagir o‘g‘li 1985 yilda Ganja shahrida tug‘ilgan. Ozarbayjon yozuvchilar birligi Ganja bo‘limining faol ishtirokchisi. “Yongan xotiralar”, “Tanholarning duosi” kitoblari chop etilgan.

UCh KUNLIK UMR

Inson umri uch kun emish:
Birinchi uun ozodsan,
Ikkinchi kun hayronsan,
Uchinchi kun ketarsan.
Ilk kun mening go‘dakligim,
Qanot qilib qo‘llarimni,
Uzatardim har bir kecha.
Yig‘lasam tez yupanardim,
Ota-onam, momo-bobom,
Achchiqlanib bir so‘z desa.
Birinchi kun his etmadim,
Nurlar ichra zulmatini.
Ikkinchi kun darakladim,
Bu dunyoning hikmatini.
Bilganimcha qona-qona,
Yoshligim davrin surdim rosa.
O‘z o‘timda yona-yona,
Kelib qoldim dono yoshga.
Dilim vayron bo‘lar bu kun,
Erkinligim, tark etmoqdan.
Burchga qolib uchinchi kun,
Bu dunyoni tark etmoqdan

BIZDAN UZOQDA

Hijronning yo‘lini afzal bilardik,
Visoling qoldirgan izdan uzoqmiz.
Achchiq ayriliqdan zaharlangandik,
Bir shirin suhbatdan, so‘zdan uzoqmiz.

Ko‘zimizning yoshi sira tiyilmas,
Dardimiz azaldir yara bilinmas,
Bu qanday sevgidir, fasli bilinmas,
Sovuq bir qish kelur, yozdan uzoqmiz.

Sen menga, men senga bir yodmiz endi,
Qovushmoq orzumiz sarobga do‘ndi.
Bu ishq o‘chog‘ining otashi so‘ndi,
Kuli sovrilganda ko‘zdan uzoqmiz.

Umiddan yo‘l soldik har o‘tgan kunga,
Ishonki bir kunda o‘lamiz endi.
Sen senga yaqinsan, men ham o‘zimga,
Bizni birlashtirgan bizdan uzoqmiz…

* * *

Yulduzlar samoda to‘lishgan zamon,
Suvlar shildirashib kulishgan zamon,
Oy chiqib chechaklar qovushgan zamon,
Sen men bor kunlarni ko‘rishgani kel.

Kuz so‘ngi nurini yoz ko‘rsang agar,
Hijronning umrini oz ko‘rsang agar,
Sen va men so‘zini boz ko‘rsang agar,
Sen menli kunlarni ko‘rishiga kel.

Kutgan xotirlaring kulga tushmasa,
Hasratning yomg‘iri selga tushmasa,
Og‘ochdan so‘ng yaproq yelga uchmasa,
Sen menli kunlarni ko‘rish uchun kel.

Bir kalima yoniq so‘zingni keltir,
Qalbingni o‘tini ko‘zini keltir,
Qalbingda borini, o‘zingni keltir,
Sen menli kunlarni ko‘rish uchun kel.

Dilbar Haydarova tarjimasi