Elshod Barot (Elşad Barat) 1988 yil 5 oktyabrda Ozarbayjonning Jalilobod tumanida tavallud topgan. Shoirning qator kitoblari chop etilgan. Uning “O‘limsizlar” kitobi mashhur.
IKKI ShAHID ONASI
Yana keladirman, shahid uyiga,
Chunki yigitlarning yozari menman.
Butun shahidlarning onasi onam,
Butun shahidlarning mozori menman.
Menman siynalari mozorlik bo‘lgan,
Hali o‘zim uchun bosh toshim ham bor.
Butun onalarning dardi manimdir,
Yana ehtiyotda ko‘z yoshim ham bor.
Kirganda har safar shahid uyiga,
Eng buyuk olovga, pirga kiraman.
Boqqanda bir shahid onasi manga,
Har da’fa o‘rtanib, yerga kiraman.
Kechirgil san mani, shahid onasi,
Har kun ziyoratga kela olmayman.
Sen menga onalik qilasan ammo,
Men sengao‘g‘illik qila olmayman.
* * *
Goh o‘zimdan zerikaman,
Goh o‘zimcha tinchlanaman.
Men o‘zimcha o‘zim kimman?
Bir ketaman, bir kelaman.
Soling mani bu yo‘llarga,
Ko‘ring qayga ketaman men.
O‘zimniyam saqlamasam,
O‘z- o‘zimdan ketaman men.
Ketaman, hamon ketaman,
Yana nima bordir menda?
Dunyodan ketmak uchun,
Bahonalar bordir manda…
* * *
Bu qishloq darasi o‘tli sevgilar,
Tog‘lari otganim gulli bo‘ydadir.
Qishloqning bo‘yimcha go‘dakligi bor,
Mening go‘dakligim o‘tgan bo‘ydadir.
Bu o‘lka bobolar ekkani chinor,
Onalar yoniga tandir tikilar.
Qishloqning girdida bir uy to‘kilur,
Deysakki, hayotda tandir tikilur.
Bu qishloq toshlari tanishdir, ammo,
Hamon yoddoshingdan hazin sas qolgan.
Sevgan qizimuyi hamon qiblagoh,
Ko‘chasi men uchun, muqaddas hamon.
* * *
Ketmoqqa ne borki, chiqib ketaman,
Bir shahar topaman, yashayveraman.
Ko‘zlarimda chaqnar vatan hasrati,
Yig‘lasam g‘urbatni to‘kib solaman.
Ketmoqqa ne borki, ketgandan keyin,
Bolalik yod dilda, gul ochmog‘i bor.
Ammo yashasang shu shaharda tayin,
Odamning odamga qo‘l ochmog‘i bor.
Men sening dardingni chekaymi yana,
O‘zimning boshimni egadir og‘riq.
Onamning mehrini, otamning qabrin,
Olib ketolsaydim, olganday yorliq.
* * *
Salom, umidsiz xotin,
Ahvollaring qanaqa?
Sovqotar kuning yaqin,
Sovuq kecha shunaqa!
Sovqotdimi qo‘llaring,
Tanholiging qo‘yguncha.
Qo‘rqma hech kim eshitmas,
O‘tir, yig‘la to‘yguncha.
Ko‘chalarga mo‘rala,
Qo‘y, sevinsin panjarang.
Ko‘rsin bulutlar sani,
Yig‘lagin saharga san.
Bilamanki, ochilmas,
Mahkam turar eshiging.
Yolg‘onchi umidlarga,
Topin, qolding kechikib.
Hardam chiqib shaharga,
O‘zing uchun kez, quvon.
Axir bosh panohing yo‘q,
Qayda bo‘lsin, yo‘q bolang.
Ne bo‘lsin ko‘zlaringda,
Orzularning yeri bor.
Balki endi har joyda,
Seni sevgan biri bor.
Balki yo‘qdir sevganing,
Tamom unutilmassan.
Ko‘plarning yodidasan,
Tushlarida yurasan.
Aybi yo‘q, zamon kelar,
Bir kun yodga tushamiz.
Nari ket, tanho xotin,
O‘lganda ko‘rishamiz.
Dilbar Haydarova tarjimasi