Chig‘atel Isoq qizi (1965)

Chig‘atel Isoq qizi Qosimova (Qasımova Cığatel İsa qızı ) 1965 yili Ozarbayjonning Ag‘stafa tumanida tug‘ilgan. 5 ta she’riy kitobi chop etilgan. Ozarbayjon yozuvchilar birligi a’zosi.

EY DO‘ST

Uzoqdan-uzoqsan, yaqindan-yaqin,
Sen menga hammadan yaqinsan, ey do‘st.
Qorayar ko‘zimdi ishqli dunyom,
Bir bora o‘zimga boqmasang ey do‘st.

Sevinching-sevinchim, kadaring g‘amim,
So‘zingda yon olur sohilda kemam.
O‘zim ham bilmayman nimamsan manim,
Men menga azizdan-azizsan ey do‘st.

Isming Chig‘atelga eng aziz otdir,
Sevging yuragingda so‘nmagan o‘tdir.
Kim-kimga unutmoq, kim-kimga yoddir,
Sen menga hammadan azizsan ey do‘st.

QO‘YMA MANI VATANSIZ

Man bu saharda sani,
Mensiz qo‘yib ketaman.
Sening bo‘lgan yurakni,
Sensiz qo‘yib ketaman.

Axir men buni qanday,
Qanday ado etaman?
Na qolmoqni bilaman,
Na ketmoqni bilaman!

Odamlar Vatan deya,
Goho sochini yulur.
Sen qaydasan, boq manim,
Vatanim o‘sha bo‘lur!

Sanga Vatansan dedim,
Menihdema nodonsiz,
G‘ariblikdan qo‘rqaman,
Qo‘yma mani Vatansiz!

UNUT NE BO‘LSA UNUT…

Unutmam deya-deya,
Unutarsan odamni.
Odamning ko‘zlaridan,
Unutilgan yosh tomar.

Boq bunday unutmoqni,
Sanga kim o‘rgatdi kim?
Sen bir yaxshilik ayla,
O‘rgatmayman, o‘rganib…

Ming so‘z aytish qiyindir,
“Hay falon, hay pismadon”.
Taqdirdir deganlarga,
Degil unutmoq oson…

Sendan katta odam yo‘q,
Unutmoqni bilarsan.
Bilsang, unutmoq nadir,
Bilarding, baxtga yorsan!

Unut, har ne bor unut,
U baxtga yor sevgilim.
Meni unutma, seni,
Unutmoqchun sevmadim!!!

MAN SANI SEVMAYMANKU…

Deysanki ol bo‘yningga, sevishingni ayt manga,
Qancha oldim bo‘ynimga? Man sani sevmaymanku?
Kel, do‘st kabi o‘ltirib dardimni deyin sanga,
Sevmak qanday so‘z o‘zi? Man sani sevmaymanku.

Yig‘layurman yoshimda, yonog‘imda o‘lursan,
Kulaman kulishingla dudog‘imda o‘lursan,
Boqaman goh o‘ngimda, goh so‘limda o‘lursan,
Sevmak qandoq bo‘ladi? Man sani sevmaymanku?

Kechalar oy ko‘rinur, oyda ko‘raman sani,
Olganim hadiyada tuhfa ko‘raman sani,
Egilaman suv uchun suvda ko‘raman sani,
Sevmak degani nima? Men seni sevmaymanku?

Qanchalar sevinaman, man sani shod ko‘rganda,
Manga yoqmas otingning yonida ot ko‘rganda,
Rashkimga qovrilaman, yoningda yot ko‘rganda,
Sevmak qanday so‘z o‘zi? Man sani sevmayman-ku?

Qaysarim qayta-qayta deysan sevaman sani,
Sanga sevaman desam, haydab solasan mani,
O‘lim, zulm so‘zladim, yuragimdan kechgani,
Yana ne istayursan? Man sani sevmayman-ku?..

Dilbar Haydarova tarjimasi