Binafsha Toshdili Ibodova (Bənövşə Daşdılı) 1954 yil 29 aprelda Ozarbayjonning Lochin rayonida tug‘ilgan. Ozarbayjon yozuvchilar birligi a’zosi. “Qizil qalam” media mukofoti sovrindori. Shoiraning “Yurt hasrati”, “Binafshasi so‘lgan Lochin”, “Sendan uzoqda”, “Sen yonimda bo‘lmaganingda”, “Unvonsiz safarga chiqqim keladi”, “Unutdim desam ishonma” singari qator kitoblari chop etilgan.
ONAM
Boshim uzra o‘zing chiroq bo‘lursan,
Sochimni taragan taroq bo‘lursan,
Dardimni yozganim varoq bo‘lursan,
Mening xonim onam, hikmatli onam,
Nomusdan, g‘ayratdan davlatli onam!
Dunyo ishlarini ko‘pini bilgan,
O‘z uyida yashab, uyida kulgan,
Kimki ko‘ngli siniq, ko‘nglin ko‘targan,
mening xonim onam, hikmatim onam,
Nomusim, hayratim, davlatim onam!
O‘lim sharbatini ichib ketganim,
Otamning yoniga ko‘yoib ketganim,
Ko‘nglimda yaralar ochib ketganim,
Mening xonim onam, hikmatim onam,
Nomusim, hayratim, davlatim onam!
Qabringiz bo‘libdir, ziyoratgohim,
Biringiz g‘ussamsiz, biringiz ohim,
Kechirgaysiz bo‘lsa agar gunohim,
Mening xonim onam, hikmatim onam,
Nomusim, hayratim, davlatim onam!
G‘AZAL
Falak charxi meni soldi zamondan – zamonga,
Ko‘z yumib yaxshilarga, qismatim yozdi yomonga.
To‘lqinli daryodaman, yo‘qdir yetgan imdodimga,
Umidim bo‘lur g‘olib ki, qo‘l tashlamay somonga.
Yana yeydi jonimni shubha, taraddud, qo‘rquv,
Solma yo, rab, mani san bunday gumondan – gumonga.
Har qiyin ish bir sinovdir, buni tark aylaganga,
Imtihondan o‘tadir, yuz tuturmiz biz iymonga.
Allohim, Toshdilining ko‘nglini shod et, ammo,
Lutf ayla bandangga sen, mehru muhabbat ummonga.
Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi