Asqar Rasulov (1954)

Asqar Odilo‘g‘li Rasulov (Əsgər Rəsulov) 1954 yilda Naxichevanda tug‘ilgan. 1976 yilda Ozarbayjon Davlat universiteti Sharqshunoslik fakultetining Turk tili va adabiyoti bo‘limini bitirgan.
1980 yilda “Turk filologiyasi” kafedrasida ilmiy faoliyatini boshlagan. Hozirda filologiya fanlari doktori, professor. 1976—1979 va 1989— 1995 yillarda Turkiya Respublikasida referent-tarjimon vazifasida ishlagan.
“Turk nasri” (2004), “Tarjima nazariyasi doirasida Turkiya turkchasi va ozarbayjon tili” (2007), “Turk tili” (2007, hammualliflikda), “Turkcha-ruscha-ozarbayjoncha tilchilik terminlari lugati” (2010, hammualliflikda) kabi 10 ga yaqin kitob, Ozarbayjon va chet ellarda chop etilgan 100 dan ortiq ilmiy maqola muallifidir.
Ozarbayjonchadan turkchaga va turkchadan ozarbayjonchaga ko‘p kitoblar tarjima qilgan. Ozarbayjon Davlat teleradiosining xorijiy eshittirishlar redaktsiyasi uchun turkum-turkum ocherklar va pesalar yozgan. “Tilmoch” nomli she’r va poemalar kitobi nashr etilgan (2006). Shuningdek, uning “Raqs ilohasi va shoir” (2008), “Sukutning suiqasdi” (2009), “O‘ldirishning hikmati” (2009) dostonlari ham jurnallarda chop etilgan.

HIJRONNING UMRI

“Hijronning umri” muallifi Teymur Karimliga

Eng uzun tun ham bitar,
Qissalarin boshlar tong.
Shafaq zulmatni tatar,
Zulmat so‘nar onma-on.

Inson uchun bekat yo‘q,
Sohil yo‘q zamon uchun.
Kecha yelda shamini
Eritar inson uchun.

Taqvimu soat kunning
Tilimlangan zameni.
Taqvim umr yo‘lining
Vaqtga aylagan oni.

Har bir hijron umrining
O‘z uzun kechasi bor.
Hijron kechasi o‘zga,
Taqvimga boqmas zinhor.

Zamon hayotimizning
Eng keskir qilichidir.
“Har daqiqa yaralar,
O‘ldirgan qirqinchidir.”

YaNGI FIKR

Yangi so‘z so‘zlamoq dardi
Seni bezovta aylamasin.
Ilhom parisi charx urar,
Kezsin, qoning qaynamasin.

Toki sening aytilishga
Yangi fikring, so‘zing bo‘lsin.
Bekinib yotgan matlabni
Ko‘ra bilgich ko‘zing bo‘lsin.

Nuqta, vergul, kalom, san’at,
Bokir bo‘lgan fikr, tuyg‘u.
Sen eskidan yangini yarat,
Tafakkurga ko‘rsat qayg‘u.

Fikr duvoqqa burkangan
Qiz-kelin bichimindadir.
Nimdosh qobiqli sadafning
Marvaridi ichindadir.

DENGIZ SUVI KABISAN

Kirib buhron yoshingga,
Qolibsan toq boshingga,
O‘z qo‘ling o‘z boshingga
Yostiq bo‘lgandan beri.

Unutmishsan har neni —
Upa, elik, surmani,
Ko‘zyoshing mujgoningni
Namlik qilgandan beri.

Unut deding, unutdim,
Javoban sen unutding,
Men o‘z so‘zimni tutdim
Bezdik degandan beri.

Dengiz suvi kabisan,
Xayfki, na ichilarsan,
Na-da voz kechilarsan
Do‘stmiz degandan beri.

Miraziz A’zam tarjimasi