Aliakbar Sobir (1862-1911)

Sobir (taxallusi; asl ism-sharifi Mirza Alekper Toirzoda – Mirzə Ələkbər Sabir) [1862. 19(31).5, Shemaxa sh. 1911.12(25).7] ozarbayjon shoiri. Shoir Sayd Azim Shirvoniy ochgan yangi usul maktabida o‘qib, uning ta’sirida she’rlar yoza boshlagan. Ijodining dastlabki davrida ishqiy g‘azallar yozgan.
1906 yilda «Mulla Nasriddin» hajviy jurnalida Xo‘p-xo‘p (Sassiqpopishak) taxallusi ostida hajviy she’rlari chop etilgan. Hajviy asarlari ijtimoiy tengsizlik va adolatsizlikka qarshi, o‘z haq-huquqlari uchun kurash tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan.
Sobir qalamiga mansub hajviyalarning mavzu doirasi keng bo‘lib, shoir mahalliy voqelik muammolari bilangina cheklanib qolmay, hatto Rossiya Davlat dumasining tarqatib yuborilishi, Eron shohi va turk sultonining kirdikorlarini ham hajv qiluvchi asarlar yaratgan. Sobir «Mulla Nasriddin» jurnali muharriri Jalil Mamadqulizoda va boshqa mualliflar bilan birga hajviyotning jamiyat ijtimoiy hayotidagi ahamiyatini kuchaytirgan.
Sobirning hajviy asarlari Eron, O‘rta Osiyo va Volgabo‘yi shoirlari, jumladan, Hamza, So‘fizoda, Sobir Abdulla va boshqa o‘zbek shoirlari ijodiga ta’sir ko‘rsatgan. Sobirning «Ho‘p-xo‘pnoma» asari 20-asr boshlarida o‘zbek xalqining sevimli kitoblaridan bo‘lgan.

BAYNALMILAL

Musulmon va arman vatandoshlarga

Asrimiz xohish etarkan ittifoqu ittihod,
Jumlamiz bo‘lsak inoq—shul ezgu niyat-la, murod,
Ne uchun yo‘qdir inoqlik, nega el kulmaydi shod?
Bu vatan avlodida zohir bo‘lib bo‘g‘zi inod,
Tushdi arman va musulmonlar aro fisqu fasod.
Yo‘qmi bir sohibi davlat, yo‘qmi bir ahli savod?

Ey suxanvarlar, bu kunlar bir hidoyat vaqtidir,
Ulfat-u do‘stlikka chorlovchi xitobat vaqtidir.

Ikki yo‘ldosh, ikki qo‘shni bir vatanda hamdiyor,
Bir yaqoga bosh suqib, sulh ichra topmishlar qaror.
Fitnai iblisi mal’un bo‘ldi nogoh oshkor,
Ko‘r, jaholatdan chekar ne holni vaz’i ro‘zg‘or.
Shahr-u qishloq torumor-u, qatlu g‘orat beshumor.
Alhazar, bu fitnaga qil chora, ey parvardigor.

Ey suxanvarlar, bu kunlar bir hidoyat vaqtidir,
Ulfat-u do‘stlikka chorlovchi xitobat vaqtidir.

Fitnalarkim ochilar, ayting ne holatdan qo‘par?
Aql bovar aylamaskim, odamiyatdan qo‘par,
Muslimiyatdan va yoxud armaniyatdan qo‘par,
Shubha yo‘qdir, jahldan yoinki g‘aflatdan qo‘par,
Bu muskbatlar butun bug‘zu adovatdan qo‘par,
Bu adovat mutlaqo holi zalolatdan qo‘par.

Ey suxanvarlar, bu kunlar bir hidoyat vaqtidir,
Ulfat-u do‘stlikka chorlovchi xitobat vaqtidir.

Qo‘zg‘al, ey sen hamshahar, xalqingga xizmat vaqtidir,
Chorai sulh axtarib, daf’i xusumat vaqtidir,
Elga haqqin bildirib, daf’i falokat vaqtidir,
Kun kabi yog‘du sochib, poymoli zulmat vaqtidir,
Tozalab yurting marazdin ayni himmat vaqtidir,
Sobiro, baynalmilal marshiga navbat vaqtidir.

Ey suxanvarlar, bu kunlar bir hidoyat vaqtidir,
Ulfat-u do‘stlikka chorlovchi xitobat vaqtidir.
1905

R. Muqimov tarjimasi

EKINChI

Mazlumlik etib, yig‘lama aftoda, akinchi!
Solma bul ajab tulkini sen yoda, ekinchi!

Qo‘y, har kuni bir narsa so‘rab turma qoshimda,
Yolborma menga, egri bo‘yin burma, qoshimda,
Gohi boshingga, goh to‘shingga urma qoshimda.

Kekkayma, adab saqla bu ma’voda, ekinchi.
Jim bo‘l, e gado, yig‘lama aftoda, ekinchi.

Yil kepti yomon, kulfati dehqonga, menga ne?
Bo‘lmapti yogin, kasri uning donga, menga ne?
Esmish qora yel, ofati bo‘stonga, menga ne?

Menga ne sening ketsa kuching bog‘da, ekinchi?
Bas, qaqshama ko‘p, yig‘lama aftoda, ekinchi.

Do‘l oldi qo‘lingdan saru somoningi, naylay?
Yoinki chigirtka yedi bo‘stoningi, naylay?
Qarzga to‘lasang ustingga yopgoningi, naylay?

Bo‘l endi palos sotmog‘a a’moda, ekinchi!
Jim bo‘l, bu qadar yig‘lama aftoda, ekinchi!

So‘z ochma menga ko‘p ishingu oz yemagingdan,
Shukr etki, ketursan ba jahannam demagingdan,
Bir don, bilaman, izlasa chiqmas kavagingdan.

Ammo menga ber arpayu bug‘doy-da, ekinchi,
Joying sotaman, yig‘lama aftoda, ekinchi.

Yo‘qman der esang men chiqarib joning olurman,
Billohki, yuvib diydai giryoning olurman,
Go‘shtingni titib bu quruq uryoning olurman.

O‘z holingi sol endi o‘zing yoda, ekinchi,
Ko‘p qaqshama, bas, yig‘lama aftoda, ekinchi.

Bug‘doy bila arpangni berib, xorini yersan,
Suv bo‘lmasa, qishda eritib qorini yersan,
Toshdan ko‘ra yumshoqroq ilon — morini yersan.

O‘rgatma o‘zing ot-yog‘a dunyoda, ekinchi,
Hayvon kabi umr o‘tkazasan, soda ekinchi.

Tanho meni bor odamilig‘, nomusi orim,
Bekzodaman osoyishu oromda qarorim,
Aysh-ishratu may birla kechar shomu nahorim.

Shunday bo‘ladi holati bekzoda, ekinchi,
Bekzoda elin rasmi shudir, soda ekinchi.

Erkin Vohidov tarjimasi

ZOHIDNING MUDDAOSI

Zohid o‘lmoqdan burun maqsudiga yetmoq tilar,
Uyqudan aylab kamand, jannat tomon otmoq tilar.
E’tiqodicha, yotar-yotmas quchar g‘ulmonlarin.
Ul sababdandir, nomoz vaqtida ham yotmoq tilar.

Uyquda axtarganin zohirda yorib topmasin!
Yo‘qsa ellik toatin bir pulga u sotmoq tilar.

FUZULIYGA NAZIRA

Oh aylaganim nash’ai qulyoning uchundir,
Qon yig‘laganim qahvai finjoning uchundir.
Va’z aylaganim hadya-yu ehsoning uchundir,
Hamda g‘arazim kissa-yu hamyoning uchundir,
Sargashtligim xirmoni bug‘doyini bo‘ylab,
Oshiftaligim boisi somoning uchundir.
Surkalmagi bu siynani har kun qadamingda,
Keskin tamaim sufradagi noning uchundir.
Bemor tanim yaxshi kiyim-bosh alamidan,
Xuni jigarim do‘lma potinjoning uchundir.
Og‘zim suv ochur ne’mati jannatni demakdan,
Kavsar mazali sharbati rayhoning uchundir,
Ko‘rdimki, palov zirbagidir, ochligim oshdi,
Bildim, bu tadorki shabi ehsoning uchundir.
Ohingning o‘ti emas asar hech kima «xo‘p-xo‘p»,
Bu o‘t sen ila ko‘p olishar, joning uchundir.

TABIB BILAN BEMOR

Bir tabib oldiga kelibdi bemor,
Debdi:—Azob yeyman, og‘ir dardim bor.
Qornim tinmay og‘rir hovuchlab, ezib,
O‘lay deb turibman olamdan bezib.
Tabib ushlab ko‘rib tomirin darhol,
«Nima yeganding?» deb aylabdi savol,
Bemor debdi:— Yevdim kuygan non, doktor,
Boshqa biron nima yeganim yo‘qdir.
Tabib tikilibdi bemor yuziga,
Dori qo‘ymoq bo‘pti uning ko‘ziga.
— Ko‘zimmas, qornim-ku!—qichqirdi xasta,—
Dardimga davo qil, o‘lmay birpasda!
Javob qipti doktor unga:—Ey ahmoq,
Agar ko‘zing aybsiz bo‘lsaydi mutloq,
Ko‘rib kuygan nonni yemasding, tentak,
Demak, ko‘zni avval davolash kerak.

SAVDOGAR VA O‘G‘IL

Bir savdogar o‘z do‘konida
Savdo qilar o‘g‘li yonida.
Savdo rasmin toza olgan yod:
Sotardi kam, olardi ziyod.
Makr-u nayrang tutgan har ishi,
Aldov edi olish-berishi.
O‘g‘il olib undan andoza,
Qalloblikni o‘rgandi rosa.
Bir kun ota hech nima demay,
O‘z ishi-la ketdi ko‘rinmay.
O‘g‘il dedi:—Shu fursat qulay,
Otam yo‘g‘-u, puldan o‘maray.
Qo‘l kassada, ko‘zi oladir,
Shu choq ota kelib qoladir.
Dunyo tordir ota ko‘ziga,
Bir musht tushdi o‘g‘il yuziga.
Do‘kon kirib, nuroniy bir chol,
Dedi:—O‘g‘lim, menga quloq sol!
Nima eksang — olasan shuni,
Hunaringga o‘rgatding buni.
Tarbiyaga farzand muhtojdir,
Ota ishi unga bir tojdir.
Xoh yaxshi-yu, xoh yomon ishlar,
Barin sendan, bil, o‘rganishar!
Sen halolmi — farzanding halol,
Sendan ko‘rib o‘sar shu nihol!

KEKSA BOG‘BON

Bolalar tomosha qilib har yoqni,
Kelarkan, ko‘rdilar ajib bir bog‘ni.
Keng bog‘da yuz yoshga kirgan bir bog‘bon
Ter to‘kib g‘ayrat-la ishlardi chunon:
Chol urug‘ separkan qo‘li qaltirab
Bolalar kulishib, olishdi o‘rab:
— Yuz yoshga kirib ham tinmas ekansiz,
Nima azob sizga, nima ekasiz?
Chol dedi:— Yer qazib jafo chekyapman,
Tuproqqa olma, nok urug‘ ekyapman.
Bolalar so‘z qotdi:— Sizga ne foyda,
Bugun tirik borsiz, ertaga qayda?
Siz zkkan daraxtlar mevaga kirmay
Dunyodan o‘tasiz undan yeb ko‘rmay.
Dam oling, bekorga chekmang ko‘p zaxmat,
Mevasin yemagach, kerakmi rahmat?!
Chol dedi:—Otalar qoldirgan meros,
Qadrlab mevasin yeyishimiz rost.
Ekaylik biz kabi yeganlar uchun,
Bizni eslab rahmat deganlar uchun.

O‘RGIMChAK BILAN IPAK QURTI

O‘rgimchak yam-yashil barglarda bir kuni
Ipak qurtni ko‘ryb kamsitdi uni.
— Muncha imillaysan, tezroq yur, o‘rtoq,
To‘r ham to‘qirkansan o‘lguday no‘noq.
Mana, tomosha qil ish sur’atimni,
To‘r to‘qish mahoratimni!
Har kim ko‘rib, deydi:— Ishiga qarang,
Naqadar tez to‘qir, ustasi farang!
Ipak qurti kulib dedi:—Juda soz,
Sening to‘rlaringdan lekin foyda oz.
Sen to‘qigan o‘sha turli xil parda
Faqat ziyon berar uchragan yerda.
Endi o‘z ishimni aylasam bayon,
Mehnatim mahsuli barchaga ayon.
Qizlar kiyar men to‘qigan ipakdan ko‘ylak,
Bas etaylik bahsni, so‘zim yo‘q bo‘lak.

Sami Abduqahhor tarjimasi

HAJVIYoT
(parchalar)

Har kimga falak qildi yomonlik, hama qurbon,
Yuz hayfki, o‘tar kun,
Har bir ish uchun xotimabaxsh bo‘ldi bu davron,
Bizlar yana mamnun.

Allohga shukur, bizga erur barcha ziyonlik,
Botqoqlara botdik,
Yolg‘onchi falak va’dasiga yillar inondik,
Og‘ularin totdik!

Bilmaydi rahm, sharmu uyatni, uradir do‘q,
Bunday falak o‘lmas!
Shunday ikki tilli, qorayuz boshqa falak yo‘q,
Ul zarra uyalmas!

Bermish u butun qo‘shnilara san’atu davlat,
Dunyosiga la’nat!
“Hammomga kiring, — der, — etingizlar maza-rohat,
Chekmang g‘amu zahmat!”

Muslim bolasi yotsa oyog‘inda faloqlar,
Eyvoh, shumi ta’lim?
Kaltak bila ursin savalab, xo‘p tumaloqlab
Mirzoyi muallim!

Hayhot, bu zamon luqmaga zor etdi, kasofat!
Uy qoldi odamsiz,
Bir parcha cho‘rak topmoq uchun bermas u fursat,
Bor, yot ochu sha’msiz!

O‘z bilganini qildi musulmonga bu davron,
Qo‘l ishdan uzildi,
Un yo‘q, gupa-gup shovqin etar eski tegirmon,
El kayfi buzildi.

Shu charxi sitamkorning omon masxarasindan,
Ey sen, bolang o‘lsin!
Boqding-ku musulmonlara g‘am panjarasindan,
Dunyong-da yiqilsin!

Avvalda falak va’dasi xush etdi dimog‘ni,
G‘am kosasi toshdi,
Oxirda bizim boshimiza urdi chanog‘ni,
Kim ham ko‘zin ochdi?!

Bir rusni ko‘rib, egilurmiz, u-da sardor,
Biz qo‘y kabi xormiz,
Bir pulga olinmas so‘zimiz, davri sitamkor,
Bizlar xoru zormiz!

Tangrim o‘zi shohid,
Biz qo‘y kabi xormiz.
1906 yil

EPIGRAMMA

So‘yla, so‘k, der asr. Biz so‘kinmaymiz.
To‘p otsa ham jimmiz. Hech o‘kinmaymiz.
Ajnabiylar ko‘kda uchoqda uchar,
Biz avtomobilga hatto minmaymiz.
Qushday ko‘kda uchar,
Boq, yerdagilar,
Bizni yerga ko‘mmish minbardagilar.
1910 yil

YaShAMOQ ISTAR ESAK

Yashamoq istar esak, g‘ij-g‘ij avom biz bo‘lamiz!
Otib odamligimiz, qurtu-havom biz bo‘lamiz!

Yashamoq istar esak dahrida amniyat ila,
Fanu ilmu udaboga qarabon nafrat ila,
Qo‘shilib fitna-fasodlargaki vahshiyat ila,
Yotamiz bistari g‘aflatda uzun muddat ila,
Ne berar puxtaligi, yaxshisi xom biz bo‘lamiz!
Yashamoq istar esak, g‘ij-g‘ij avom biz bo‘lamiz!

Tili, fikri bor odamlarni ezib, chetga surib,
Bo‘shatib ishlaridan, tuhmat etib, yerga urib,
Yana kirmas esa yo‘lga, yo‘qotib, fitna qurib,
Xor etib shu vatanu millatimizni quturib,
Shu bilan noili maqsudu marom biz bo‘lamiz!
Yashamoq istar esak, g‘ij-g‘ij avom biz bo‘lamiz!

Ko‘mil o‘ylarga, kezib jannatu rizvonlar ila,
Bo‘libon oshig‘u do‘st huri-yu g‘ilmonlar ila,
Qo‘y, unut yerni, safo ayla musulmonlar ila,
Bitajak olam ishi kofiru shaytonlar ila,
Shu malaklar-la uchib, olimaqom biz bo‘lamiz!
Yashamoq istar esak, g‘ij-g‘ij avom biz bo‘lamiz!

Qo‘y, ular kashf etaversin neki bor, san’at ila,
Etib ijod paraxo‘d yoki vago‘n zahmat ila,
Biz esak, pulni to‘lab, yo‘l yuramiz rohat ila,
Ne kerak bizga raqobat har ulug‘ millat ila,
Og‘aliq qilsa, o‘shal elga g‘ulom biz bo‘lamiz,
Yashamoq istar esak, g‘ij-g‘ij avom biz bo‘lamiz!

Tohir Qahhor tarjimasi