Taymuraz Xajeti (1945-1996)

Janubiy osetiyalik Taymuraz Xajeti (1945—1996) “To‘qqiz chavandoz”, “Taqdir va qo‘shiq”, “Chaqmoqtosh tovushi”, “Yo‘llar baxti”, “Oq tog‘lar qo‘shig‘i”, “To‘linoy” singari she’riy to‘plamlar muallifidir. T.Xajeti (Jusoyev)ning rus tilida “Shamol tovushi” nomli to‘plami chiqqan. U Shekspir, Bayron, Kits, Ronsar, Petefi, Mitskevich, Heyne, Bodler, Lorka, Blok, Yesenin, Axmatova, Svetayeva, Rubtsov she’rlarini osetin tiliga tarjima qilgan.

POYGAChI ARG‘UMOQ

Temir omoch bilan yer haydar tinmay,
Poygalar shuhratin qo‘yar xotirlab.
Beixtiyor boshin silkir paydar-pay,
Sezar bo‘yni, beli qotganin terlab.

Lekin ko‘zi porlar oftob tig‘ida,
Shudgorni oralab yayrar tuyog‘i.
Kishnab ham qo‘yadi gohi-gohida,
Tomirda qon jo‘shib gupirar chog‘i.

Ko‘nikib qolgandir qamchi zarbiga,
Uzangidan iz bor ikki yonida.
Qulog‘ida hamon jaranglab turar,
Kumush yuganidan taralgan nido.

Oqshom bo‘yinturiq yechilgan zamon,
O‘ynoqlab qoladi go‘yoki chaqmoq.
Tekis dala uzra poyga — olomon,
Da’vatiga ko‘nmas biror arg‘umoq.

O‘ynoqlab kiradi ovulga yolg‘iz,
Ko‘chani ko‘tarmoq bo‘lib boshiga.
Og‘ilda yashirin asta cho‘kar tiz,
Suykanar poygachi egar qoshiga…

SIYMO

Yu.Qo‘chiyevaga

Men sening siymongni chizmoq istayman,
Xilma-xil bo‘yoqdan tanlayman rosa.
Ilhom parisidan madad qistayman,
Qani endi omad kulib qarasa…
Birinchisi — ikki marta yettitadan,
Ikkinchisi — ikki bor o‘nta-o‘ntadan.
Boshqalari ikki marta qirqtadan
Ikki martalabdan yettita bo‘yoq
Sening irodangni qilar ifoda —
Shunaqa edi-da, senda iroda.
Ikki marotaba o‘ntadan bo‘yoq
Izohlab beradi ojizligingni.
Ikki marotalab qirqtadan bo‘yoq
Aks ettirib turar saxiy qalbingni —
Bu sening siymongdir, sening siyrating.

ChAQIRILMAGAN MEHMON

Bu kecha negadir qorong‘i juda,
Yomg‘ir yog‘ayotir qaydadir sim-sim.
Derazamni chertgan kim bo‘ldi shu dam,
Chiqib mo‘ralayman — ko‘rinmas hech kim.

“Hoy, kimsan? Bolalik do‘stimmisan yo?
Sog‘inib keldingmi meni so‘roqlab?
Jonim senga sadqa, kiraqol uyga,
Mehmonim bo‘laqol, ko‘nglimni chog‘lab.

O‘smirlik yillarim guvohimi sen,
Yoki ilk muhabbat mujdasimisan?
Kutilmagan mehmon kim bo‘ldi ekan,
Zimiston kechada qanday yosuman?

Mehmon tushayotir devordan oshib,
Bu — o‘lim, men sari axtarmoqda yo‘l!
Yo‘qol, ajal! Yurma bekor, adashib…
Chalg‘ing o‘tmas menga… Yaxshisi, daf bo‘l!”

SENGA

Yu.Qo‘chiyevaga

Sevmasding va lekin meniki eding!
Xuddi chig‘anoqda tinmay shovullab —
Mangu tepib turgan dengiz yuragi
Bu mening nolamdir, ohim — lovullar.

Mening nomim sira bo‘lmaydi unut,
Qolgum botayotgan quyoshdek to‘lib.
Barcha yomonligim, tashvish, gunohim
Senga qaytajakdir yaxshilik bo‘lib.

Shunda balki meni esga olarsan,
G‘amgin hayotimni so‘ylarsan bir-bir.
Mening chala baxtli — chala hayotim
Sendan so‘nggi qo‘shiq bo‘lib qoladir.

So‘ngan palla mening hayotim shami,
U so‘nishi tayin kuppa-kunduzi.
Tog‘da yoz kechasi seni yoritgay.
“U sevardi” degan fikr yulduzi.

* * *

O‘z o‘limim ko‘rinar menga,
Ana kelayotir u yaqinlashib…
Axir muncha oshiqar, nega,
Nima qilar bunchalar shoshib?

Tun chulg‘adi tog‘lar boshini
Qishloq jimjit, itlar vovullar.
Keltirgancha ko‘ngil g‘ashini
Qora kiydi dara, ovullar.

Pastqam tomli ko‘rimsiz uyning
Hovlisida tinmas qadamlar.
Yig‘ilishib keldilar ancha
Qora kiyim kiygan odamlar.

Ko‘p so‘z bo‘ldi mening sha’nimga,
Biri qo‘yib, biri boshlaydi.
Taqdirimdan nolib davrada
Bir nechasi ko‘zin yoshlaydi.

Kampirlarning jag‘i ochildi,
Og‘ziga kelganin birma-bir so‘ylar.
Sen chekkada jim yosh to‘kasan,
Hamma seni — “beka” deb o‘ylar.

G‘aming hech kim aritolmaydi,
Azoblaring sezmaydi hech kim.
Diling o‘rtab sen bir chekkada,
Ko‘zingda yosh, kuzatasan jim.

Mungli-mungli mo‘ltirashlaring,
Nigohlaring aytar o‘z so‘zin.
Ich-ichingdan “oh” urishlaring
Yoritadi marhumning yuzin.

YoZ KEChASI

Oydin yoz kechasi. Sukunat hokim.
Chinor tepasida oy sochadi zar.
Bu ko‘hna qayg‘uli dunyoda sokin
Faqat shivirlashar sassiz yaproqlar.

Juda ham serkovak keksa oq tollar,
Ukki vishillaydi kovakda turib.
Uning quloqlari kumush tus olar,
Atrofdan ko‘z uzmas, boqar o‘y surib.

Qurbaqa qurullar — botqoqlik uni
Sehrlab qo‘yganga o‘xshaydi butun.
Maysazorga cho‘zil — mudrab ol bir oz
Yuraklarga taskin berar yozgi tun.

* * *

Eshikni ochiq qoldir — qaytib kelarman bir kun!
Yo‘l topib chiqqanday ko‘zin qum bosgan buloq.
Balki kimdir ortingda puflab yondirayotgandir,
Olovi o‘chib qolgan o‘sha o‘chog‘ing shu choq.

Isitib qo‘llarini shul o‘choqning taftida,
Qora mo‘ylavin asta burab qo‘yayotgandir.
Chirmoviqday qo‘llari chirmashib beling uzra,
Ilondayin o‘rmalab, quchib suyayotgandir.

Bolta tekkach daraxtning uzilganday yaprog‘i,
Kiprigingdan uzilib tushar ayriliq yoshi.
Elkangdan og‘ir bosib tursa-da hijron tog‘i,
Sen yana unutarsan tugab qalbing bardoshi.

Uzib umiding butun, yashading ko‘zingda nam,
Tashvish bilan tunu kun meni intizor kutding.
Bo‘riday kemirsa-da seni cheksiz dard, alam,
Aziz mehmon kutganday yo‘llarimga ko‘z tutding.

Ezgu tuproq bag‘rida ayrilmagay hech qachon
Jismimiz bir-biridan, mayin tabassum — iqror.
Qadah to‘la may tutib, arazlarni unutib,
Deysan: — Qalbim sezardi qaytib kelishingni, yor!

Fayzi Shohismoil tarjimasi.