Henrik Ibsen (1828-1906)

Henrik Ibsen (Henrik Johan Ibsen; 1828.20.3, Shiyen — 1906.23.5, Kristianiya) — norveg dramaturgi. Bergendagi birinchi milliy norveg teatriga (1852—57), Kristianiyadagi norveg teatriga (1857—62) rahbarlik qilgan.
Ilk she’rlari va «Katlina» (1850) dramasi Yevropadagi 1848 yil inqilobi ta’sirida yaratilgan. Rim, Drezden, Myunxenda yashagan (1864—91). «Estrotlik Inger xonim» (1855), «Gelgelandagi urushlar» (1858), «Taxt uchun kurash» (1863) tarixiy dramalarida Yevropa romantizmining ta’siri seziladi. «Brand» (1866) va «Per Gyunt» (1867) falsafiy-ramziy poetik dramalarida norveg kiborlari hayoti tasvir etilgan.
Ibsenning «Jamiyat peshvolari» (1877), «Uya» (1879), «Sharpalar» (1881), «Xalq dushmani» (1882) pesalari mashhur. «Yovvoyi o‘rdak» (1884), «Rosmersxolm» (1886), «Dengizdan kelayotgan ayol» (1888), «Gedda Gabler» (1890) kabi dramalarida so‘nggi davrga xos ramziy unsurlar aks etgan. «Quruvchi Solnes» (1892), «Kichkina Ey-olf» (1894) va boshqa asarlari Yevropa realistik dramaturgiyasining yutuklaridan hisoblanadi. Ibsen jahon dramaturgiyasi va teatriga katta ta’sir o‘tkazdi.
«Sharpalar» pesasidan parchalar o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1974).

BO‘RONQUSh

Tik qoyada o‘tar bo‘ronqush kuni,
Keksa dengizchidan eshitdim buni.

Ko‘pikka to‘sh urib, u nolon uchar,
To‘lqinda sirg‘alar, dengizni quchar.

Qalqqan moviylikda chayqalar tekis,
Sas berar, bo‘ronni qilganida his.

Uchar bulut osti, cho‘qqi uzra yo
Go‘yo orzumiz ko‘k jahannam aro.

Havoga og‘ir u, dengizga yengil,
Bu – qush-shoir shodlik, g‘ami ne degil.

Eng yomoni shuki, olim xavfsirab,
Bu cho‘pchakdir, deydi, oyog‘in tirab.

AVLODLARGA*

Maqtov tojin kiydirmoqdasiz
Siylab o‘lgan qahramonni siz.

Siz uni u mash’al tutgan kez,
O‘shal o‘t-la tamg‘alagan tez.

O‘zi etsa qilichga ega
Siz sanchdingiz o‘zin ko‘ksiga.

Engilmadi yovga, dov turib,
Yiqitgan, siz, tosh bilan urib.

Porlar, ko‘kdan yulduzi ketmas,
O‘chirishga qurbingiz yetmas:

Gulchambari uzra yonsin u
Qirmizi nur taratib mangu.
_______________
* Bu she’r dat yozuvchisi va tanqidchisi Yu.L.Xeyberg (1791–1860) o‘limi munosabati bilan yozilgan.

IShONCh ASOSI

She’r ila bong urib yurtni uyg‘otdim*
O‘lkamda pinagin buzmadi hech kim.

Burchimni o‘tadim – bu kema meni
Olib jo‘namoqda uzoqqa endi.

Kattegatda to‘sdi bizlarni tuman,
Yo‘lovchilar qurib harbiy anjuman,

Olamjahon ishni qilgan bo‘ldik hal,
Bu tunni ko‘z yummay kuzatdik tugal:

Tor-mor bo‘lgan Dyubbyol*, nelar kutamiz,
Yosh askarlar – barin eslab o‘tamiz.

“Shu, jiyanim qochdi! O‘n sakkiz yoshda!
Xizmatchi ham qochdi! Ming savdo boshda!”

Shikoyatlar aro bor ma’qul gap ham:
Xuddi bizlar jangga kirardik shahdam.

Oramizda edi sevgan o‘z zotin
Istarasi issiq sipo bir xotin;

Hamma uning ko‘nglin ko‘tarsam, derdi,
Hamma go‘yo uning g‘amini yerdi.

Xonimlar boodob, so‘ylar serqayg‘u:
“O‘g‘lin askarlikka jo‘natibdi u!”

Tabassum qilib u bosh silkib qo‘yar:
“Omon qaytar – ko‘rib ko‘zlarim to‘yar!”

Nuroniy ko‘rinar menga bu kampir,
Ravshan, mahkam ishonch beribdi taqdir!

Meni xotirjamlik izmiga soldi,
Ojiz ruhim xuddi sher bo‘lib qoldi!

Bu onada shunday ishonch bor ekan,
Xalqim hali tirik, omad yor ekan!

U kitobiy so‘zni takrorlagan yo‘q,
U toza hayotiy hikmatga to‘liq.

Bu ishonchni o‘zi qayerdan olgan?
Buni ilhom, g‘urur ko‘ngliga solgan,

Bilar yolg‘iz, aziz o‘g‘li ko‘ngilli
Norveg qo‘shinida askar sof dilli!
_______________
* Ibsen 1864 yil fevralda, dat-avstr-pruss urushi boshlanishi munosabati bilan, Shvetsiya va Norvegiya hukmdorlarini o‘z va’dalarini bajarishga chaqirgan. Bu hukumatlarning mujmal siyosati, ularning o‘z va’dalariga xilof ravishda, Prussiya va Avstriyaga qarshi kurashda Daniyani qo‘llab-quvvatlash haqidagi qarorlaridan qaytishlari Ibsenni g‘oyat g‘azablantirgan, uning norveg milliy ozodlik va skandinavchilik harakatiga bo‘lgan ishonchini barbod qilgan. O‘sha vaziyatda kuchli ruhiy zarbaga duchor bo‘lgach, o‘z noroziligi ifodasi sifatida, Ibsen 1864 yil 5 aprelda Norvegiyani tark etib, ixtiyoriy surgunga jo‘nagan. U shundan keyin 26 yil muhojirlikda (asosan, Rimda, Drezdenda va Myunxenda) yashagan, shu davr mobaynida ikki marta (1874 va 1885 yillarda) vataniga kelib ketgan.
* 1864 yil 18 apreldagi dat-avstr-pruss urushida, besh haftalik janglardan keyin, janubiy Yutlandiyadagi Dyubbyol qishlog‘i datlarga nisbatan uch marta ko‘p bo‘lgan pruss qo‘shinlari tomonidan egallangan.

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi