Yan Hendrik Leopold (1865-1925)

Yan Hendrik Leopold (Jan Hendrik Leopold) – Niderland she’riyatida simvolizmning yetakchi namoyandasi hisoblanadi. U she’riy shakllar sohasida tinimsiz tajribalar qildi, niderland she’riyatiga birinchi bo‘lib antik she’r uslublarni va sharqona mavzularni olib kirdi. Leopold ijodi XX asr birinchi choragida niderland shoirlarining badiiy dunyoqarashi shakllanishida katta rol o‘ynadi.
Uning ilk bor nashr etilgan to‘plami adabiy jarayonda katta voqea bo‘ldi, bir qator Ovrupa tillariga tarjima qilindi.

SA’DIY

Bog‘larga tun qo‘ngan.
Daraxt ostida
Yulduzlar poyida yolg‘iz va mahzun,
Yotibsan pajmurda, anduh dastida:
Yig‘lab qadring uchun, qimmating uchun…
Oh, rutubat aro – beruh, beshukuh,
Yanada qarodir bu g‘am, bu anduh…
Biroq Sen ezgu bir his-la yashaysan,
Dilingda yor vasli, diydor matlabi.
Baxt deya eng ulug‘ ishlarga shaysan,
Ko‘hna ertakdagi bahodir kabi…
Nazar sol, qoraygan xazon ostida
Jasmin gullarining chiroyiga boq.
Ular go‘zal hayot, ishqning qasdida,
Yanada iforli, yanada yashnoq…
Demak, tazod – mudom ustuvor a’mol,
Nur va soya jangi abadiy, barhaq…
Taqdir kitobidan Sen ham saboq ol,
Jaholatni yenggan Nur sirlarin chaq…

XIYoBON SO‘NGIDA BOR ESKI HUJRAM…

Xiyobon so‘ngida bor eski hujram,
“Muhabbat, muhabbat, qaylarda qolding?”,
Bunda xazonlarning yuzida shabnam,
Hazin yomg‘irlarning ostida toldim…
“Muhabbat, muhabbat, qaylarda qolding?”
Qayg‘u-alamlarni shopirgan shamol,
Tinmay ishqimizdan lof urgan shamol,
Jimib qoldi bexos, tindi daf’atan,
“Muhabbat, muhabbat, ayt, qaylardasan?!”
Tobora mahzunroq qo‘shig‘im,kuyim,
Tobora olislab bormoqda uyim…
Nega indamaysan, nega sen-da jim…
Yuragimni otash hijronga solding:
“Muhabbat, muhabbat, qaylarda qolding?”
Ana, kimdir chordoq ichra g‘o‘ldirar,
Qaroqlarin ashki nobga to‘ldirar…
Xazonlarga so‘ylab, dardin o‘ldirar…
O‘tinchida takror duo kabi bayt:
“Muhabbat, muhabbat, qaylardasan, ayt?!”
Kimningki, ko‘zida ishqdan yo‘q sharor,
Qay dilda sadoqat emasdir shior,
Bilaman, mehrga bo‘lmas sazovor…
Oh, dilimni buncha azobga solding,
“Muhabbat, muhabbat, qaylarda qolding?!”

ShIVIRLAB O‘QILGAN ShE’R

Noz uyqu quchog‘ida,
Umidlar ardog‘ida,
O‘zi ham bunyod bo‘lgan
Sirlarim titrog‘ida.
Hadik, qo‘rquv xayoli –
Orzuimning ayoli…
Har kun tushimga kirgan,
Hurlardek uchib yurgan,
Andishali, hayoli –
Orzuimning ayoli…
Sadosiz nigohlari,
Injadir barmoqlari,
O‘ylarimni band etgan,
Qirmizi dudoqlari…
Shirin o‘yimga muxlis,
Nazokatli ham nafis,
Olam ichra yagona,
Afsus, menga begona…
Betimsol qalb gavharim –
Shodlik,qayg‘u, kadarim,
Tonggi shabnamdek zilol, –
Yurakka armon ayol…
Noz uyqu quchog‘ida,
Umidlar ardog‘ida,
O‘zi ham bunyod bo‘lgan
Sirlarim titrog‘ida.
Hadik, qo‘rquv xayoli –
Orzuimning ayoli…

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi