Yakob Kats (Jacob Cats) – shoir va davlat arbobi. Leydenda o‘qigan. She’r yozishni 40 yoshidan keyin boshlagan. Eng yirik niderland shoirlaridan hisoblanadi. Golland oilalarida uning kitoblari “Ikkinchi Tavrot” deb hurmatlanadi. U golland tilini lotinlashtirishga qarshi kurashdi, asarlarini xalq tilida yozib, keng kitobxonlar ommasining qalbiga va aqliga katta ta’sir eta oldi.
Uning “Nikoh to‘g‘risida” (1625), “Eski va yangi zamonlarning ko‘zgusi” (1632), “Nikoh uzugi” (1637) nomli to‘plamlari, o‘z hayot yo‘li haqidagi “Qarilik to‘g‘risida” (1657) nomli kitobi xalq ichida juda mashhur.
TUZ TO‘G‘RISIDA
Tuz bizga dunyoning ajib in’omi:
Saqlar dengizchining qo‘r-qut, taomin.
Inson dasturxonga qo‘ysaki nima,
Bariga tuz kerak yoki tuzlama.
Tuz tugagan bo‘lsa har kim bo‘lar lol,
Ovqat pishirishni to‘xtatar ayol.
Boy sufrada bir tuz yetmasa faqat,
Mezbon uchun bu hol juda ham uyat.
Tuz kerak etga ham, baliqqa ham, bas,
Tuz yo‘q joyda hatto oltin kerakmas.
Ammo tuz solishda did kerak har on,
Tuz o‘lchovsiz bo‘lsa – yaxshing ham yomon!
GOLLAND SARYoG‘IGA MADHIYa
Saryog‘ga ko‘rsangiz qayda madhiya,
O‘qinglar, hammaga shudir tavsiya.
Yurtdoshlar, bir gapni unutmang hech vaqt:
Bu yerning saryog‘i har yerda qimmat.
Bu sut mahsulotin bilmaslar qadrin,
Men esa ataylab yozyapman madhin.
Biz kuvlab olamiz bu asl yog‘ni,
Dunyo tan olgan bu bemisl yog‘ni!
Garov o‘ynashaman, qadim zamonda
Bilmagan bu yog‘ni rum-da, yunon-da!
Gollandiya, seni alqagan xudo:
Qalbga shodlik, tanga quvvatdir bu yog‘!
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi