Villem Bilderdeyk (1756-1831)

Shoir va olim Bilderdeyk (Willem Bilderdijk) yoshlik yillarini ko‘hna va zamonaviy tillarni, matematika, falakiyot, yer haqidagi fanlar va harbiy ilmlarni o‘rganishga sarfladi. Leyden universitetini tamomlab, 1782 yilda Gaagada advokat bo‘lib ishlaydi. 1792 yilda yangi hukmdorlarga sodiq bo‘lishga ont ichmagandan keyin, shoir Niderlandiyani tark etishga majbur bo‘ldi. Oldin Gamburgda, so‘ngra Londonda xususiy dars berib kun ko‘rdi. 1806 yilda Napoleon armiyasi Gollandiyaga kirib, Yangi Niderlandiya qirolligi tashkil etilganda, Bilderdeyk vataniga qaytdi va qirol Lyudovik Bonapartning saroyida niderland tili o‘qituvchisi hamda qirol institutining kafedra boshlig‘i bo‘lib ishladi. Napoleon butunlay taxtdan chetlatilganda, Bilderdeyk ham ishdan ketdi.
Bilderdeykdan filologiya, tarjimachilik va milliy adabiyot targ‘ibotiga oid juda katta ijodiy meros qolgan. “Ibodat” (1796), “Olimlarning dardi” (1809), “She’riy san’at” (1809), “Xayrlashuv” (1810), “Gunohkorlarning tavbasi” (1826) singari she’riy to‘plamlari hamon qadrli.

VIJDON

Nima, sen Xoliqning ermagimisan?
Nimadir sendagi haqiqiy ma’no?
Bizga yopishasan yarim tun aro,
Bizga haq, nohaqni aytib turasan.

O‘tmoqmi jar uzra osiq ko‘prikdan,
Nimasan, boshi berk ko‘chamisan yo?
Tishli g‘ildirakmi, uxlatmas balo?
Umidmi, dam sayin kutgan, ichikkan?

Uying qayda sening – ichdami, tashda?
Yoki sen nafsningmi orqa tarafi?
Tushdami, o‘ngdami ko‘rinar ko‘rking?

Rabbim pand bergani yodimga tushdi:
“Har joyda men borman, vijdon – mening gapim.
Ham shunday deganman: Xudodan qo‘rqing!”

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi