Nikolas Petrus Van Eyk (Pieter Nicolaas van Eyck) – shoir, nosir va essenavis. O‘tgan asrning 20-yillarida “Yangi Rotterdam gazetasi”ning Rimdagi va Londondagi muxbiri bo‘lib ishlagan. 1930 yilda “Leyding” nomli jurnalga asos soldi. 1935 yildan Leyden niderland adabiyoti professori bo‘lib ishladi. 1909 yilda “Bezalgan labirint” nomli birinchi she’riy to‘plami chop qilingan. Lirik she’rlardan tashqari “Meduza” nomli epik dostoni bor.
ULUG‘ O‘ZGARISh
Kimniki qiynagan bo‘lsa ko‘p azob –
Oldinda kutadi bayramlar sarxush.
U shikoyat qilmas, bo‘lmagan betob,
Hayotini bo‘g‘gan achchiq iztirob –
Uni qul qilolmas, u eng ozod qush.
Sevmas ichqoralik, shubhago‘ylikni,
Bilar: taqdir unga bermadi omad.
Meros qilib olgan qutli boylikni,
Dard unga keltirdi o‘zga do‘stlikni,
Noteng kurashlarga kirishmas hech vaqt.
U hayot qozonin qoldirar butun,
Xotirjam bajarar burch darslarini.
Isrof ham qilmaydi qalbining o‘tin,
Qizil quyosh yoqqa borgaydir sokin,
O‘rganar oqimning tinch tarzlarini.
Kun yo‘lin bitkazgan yerda halokat,
Undan o‘zlashtirar faqat sabotni,–
Sharqda nur chaqnashin qilib bashorat
Kumush oqimlarga termilar faqat,
Qutlar butun borliq, mangu hayotni.
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi