Lexnat Paudyal (1885-1966)

Lexnat Paudyal (लेखनाथ पौड्याल) – taniqli nepal shoiri. “Sati va kali”, “Qafasdagi to‘tiqush”, “Yosh zohid”, “Fasllar haqida o‘ylar”, “Dono va qiziqchi suhbati” kabi dostonlari va to‘rtliklari bilan mashhur. Shoir Nepal she’riyatiga yangi shakllar, yangi o‘lchamlarni olib kirdi. Shoir sanskrit tilini bolalikdan o‘rgandi, o‘sha davr Nepaldagi yagona sanskrit maktabida tahsil oldi. U maktab davridayoq she’rlar yoza boshladi, dovrug‘i butun mamlakatga yoyildi. Qator darsliklar, dostonlar, aforizmlar uning qalamiga mansub.

HAQQONIY HIKMATLAR

1

Gang suvi boshidan loyqa. Marvaridlar dengizda qora.
Zim-ziyo samoda yashin yarqirar. Oy shu’lasi sadpora.
Oftob – yarqiroq gardish va tog‘larimda oppoq qor.
Olamda hamma narsa g‘amgin va og‘ir, to ko‘ngil bemor.

2

Oddiy eplash mumkin shiddatli fil va ummon kitini,
Mashinani qamchi ila to‘xtatish, bir tunda uy bunyodini,
Daryolarni chappa oqizish, tog‘larni yelka bilan surish,
Magar astoydil qalb ila intilsang – bu boshpana qurish.

3

Uchrashsang qay bir to‘ra yo tojir bilan
Turasan qo‘l qovushtirib ezgin – go‘yo bu chindan.
Nochoru yo‘qsilga xos, aynan tut shu yo‘lni,
Shunda ular teran anglar har dam o‘ng-so‘lni.

4

Sayyoh ziyoratchiga mehmonxona soz, ko‘rfaz ko‘rki bu,
Ajoyib obinon, gazanda o‘t sho‘rvasi juda totli-ku.
Bo‘yra yanchilgandan ko‘ra yumshoq va hayot laxtakdan yengil,
Magar ochko‘z zuluk emas sendagi ko‘ngil.

TANBALGA TILAK

1

Ko‘zlar so‘rar: quvontirsin jannat raqqosalari ishvasi!
Quloqlar o‘tinchi: shod qilsin xudoning mukarram sasi!
Burun xohlar: mudom xushbo‘y hid anqisin tevarak aro!
Teri istar: momiq misol uzanib huzur qilsa to!

2

Tilning iltimosi: eng lazzatli mevalardan totsam!
Yurak der: menga baxt ber shuncha – dengizdagi suvday jam!
Ko‘ngil ko‘nar: mayli, najot ila yoglar band bo‘lsin,
Lekin nima qilay? Men yalqov. Orom istar vujud betin.

HAYoTDAGI BAYoTLAR

Ojiz ildizlarga ilashib, emar, bir tekis intilar,
Daraxtni shoxlar ila yopar, tusu shaklin o‘zgartar.
Yuzlab shoxchalarni o‘rab baquvvat sumbatga,
O‘ynoqlab, yarqirar, moviy lianaga tirmashar qayta.

QAFASDAGI ChUG‘URChIQ

Vujud – suyaklar qafasi, undagi chug‘urchiq – “men” mendagi.
U hazin chiyillashni istar, qay dam oziq kelmas ertangi.
Hatto dunyo ichimligin ichib ko‘p sinab ko‘rsin,
Hayhot, aslo qondirolmas edi mechkay chanqog‘in.

KIM?

Teri, suyaklar, muskullar, qon daraxt po‘stlog‘iga xos,
Botinidagi undan yupqa qatlam esa niqob tarhiga mos.
Chuqur ketsang, ko‘ngil zirillar barg kurtagidek…
Kim, kim aytar bu po‘stloq ichi bo‘sh qop kabi turar tek?

SUPURGI

U hovliga va uyga kerak, hatto gadoy xotinga, ajab,
Supurgi ezgulik keltirar bizga uy-joyni tozalab.
Biroq qiziq: tozalik ila ko‘zlarni xushnud etar,
Goh sergak supurgi olmosni axlatga olib ketar.

Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi