Lakshmi Prasad Devkota (1909-1959)

Lakshmi Prasad Devkota (लक्ष्मीप्रसाद देवकोटा) – Nepal shoiri, dramaturg, adib. U Nepalning Mexa Kivi (“Eng ulug‘ shoir”) unvoniga sazovor bo‘lgan. Shoir ilk ta’limni Katmonddagi Oliy Durbar maktabida oldi, sanskrit imlosi va ingliz tilini o‘zlashtirdi. So‘ngra san’at kollejida bakalavr darajasini qo‘lga kiritib, Patna universitetini tugalladi. Oradan o‘n yil o‘tib, advokatlik kasbini egalladi. 1930 yilda otasi, onasi va ikki oylik bolasining fojiali o‘limi tufayli kuchli ruhiy zo‘riqishlarni boshidan kechirib, uzoq yillar shifoxonada davolanadi.

BIZ – NEPALLIKLAR

Nepalliklar!
Biz bahor tongining farzandlarimiz,
Uyg‘ongan Osiyo bolalari,
Himolay o‘g‘lonlari.
Bunda quyosh chorlar,
Tug‘ilar tonglar.

Qad rostladik qadim
Gulgun o‘lkada,
Budda tuprog‘i – yosh.
Araniko suvratlari so‘zlaydi bizdan
Saxiy, beqiyosdir hosil tuhfasi.

Ajdodlar orzusi – yorug‘lik sari,
Yigirmanchi asr nepalliklari.
Nafratimiz kuchli zulmga,
Qadrlidir insonlar erki.

Dunyo qo‘shiqlarida
Hozircha sokin
Taraladi bizning ovozlar…
Ajdodlarimiz
Barcha amallar
Himolay gullari bo‘yida.
Sharaf bo‘lsin osmon,
Tog‘larimizga,
Kengliklarimiz
Yovvoyidir, ibtidoyidir.
Biz – dunyo darakchilari,
Chorlagaymiz –
Muhabbat
Tabiatga mehr,
Xalqlar, mamlakatlar –
Bariga – tinchlik.

Jilg‘alarda
Hind tuprog‘iga
Hayot oqar
Himolayning qorli ko‘ksidan
Biz – sharqlikmiz,
Quyoshga yaqin,
Quyosh yo‘lga chiqar shu yerdan.
Shu ulkan sayyora – bizning uyimiz,
Yashagaymiz bag‘rida abad.
Barcha kabi,
Xalqlar singari.
Kimning ko‘ngli ochiq –
Og‘amiz, do‘stdir,
Kirib kelsin ochiq yuz bilan!

BAHOR

Arilar g‘uv-g‘uvi
Qush sayrar tongotar
Kamalak shu’lasi
Tog‘ etagi liq-liq quyonlar…
Keldi,
Keldi maftunkor fasl!
Yurak
To‘xtab qolgan kabi
Hayratdan
Olislarda
Ibtidoiy g‘ira-shiralik,
Qachonlardir xuddi shunday
Quvonch chaqnagan:
Ilk bor yerni yoritgan
Nurlar,
Daryolarda oqqan
Binafsha to‘lqin.
Himolayning
Qorong‘i tepaliklari
Yorishib ketgan
Cho‘qqilardan engan shu’ladan.
Bu tong ko‘z ochib
Dunyoga qaradi mehribon Shiva2 .
Qara,
Quyosh saf-saf cho‘qqilar aro!
Osilib,
Yarqirar
Ulkan qora ko‘lanka uzra.
Ilk bora uchrashdik
Urvashi bilan,
Vikram qotib qoldi
Hayratdan.
Barcha donolaru
Parvonalarni
Bir joyga yig‘ib,
Birinchi parvozga yo‘l oldi ozod –
Ko‘z o‘ngida yastandi olam.
Bu ochun-ezguliklar makoni,
Farovon abadiyat.
G‘uvlaydi kaptar
Madh etar
Borliq sevinchin
Yashil novdalar soyasida.
Ko‘ngillarda
Mangu
Muqaddas
Ishq javohiri,
Barcha kirib borar
Oq darvozaga.
Fusunkor faslda gullaydi ko‘klam,
Orzu yuksaladi,
Qudratlidir ilhom qanoti,
Kurtaklar, kurtaklar…
Muzday shaffof havo
Atirgullarda…
Yurakni tark etmas umid
Chek-chegara bilmas
Go‘yo gulzorlar.
Atirgul bo‘yiday
Taraladi baxt.

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimaci