Bxupi Sherchan (1937-1990)

Bxupi Sherchan (भूपि शेरचन) – nepal shoiri. “Yangi xalq qo‘shiqlari”, “Shalola”, “Aylanma stuldagi so‘qir” to‘plamlarining muallifi.

MENING KO‘ChAM

Bu eng tang, tor ko‘cha – mening ko‘chamdir.
Bu yerda nimalar uchramas, axir!
Do‘stlarim, hamma narsa bunda jam!
Adoqsiz og‘riqlar solar larzaga,
Ezar adoqsiz g‘am,
Adoqsiz ochlik.
Birgina shodlik yo‘q – umri mukarram,
Soliqlar esa bor hamma narsaga!

Bu eng tang tor ko‘cha – mening ko‘chamdir.
Bu yerda nimalar uchramas, axir!
Do‘stlarim, hamma narsa bunda jam!
Bizlar, Yaratganning yaratiqlari,
O‘zimiz qo‘llagan xudochalar ham,
Bu tor ko‘chalarni kezar sarsari,
Hayhot, tarqoqlikka beramiz barham.
Qiyin avom tugul xudolarga ham.
Kechasi burgalar qonimiz ichar.
Narx-navo chaqadi kunduzi besar.
Xudochalarning ham beadad dardi –
Kam hurmat qilishar bunda ularni.
Xudochalar avom ahlidan xafa,
Avom – xudochalar jahlidan xafa.
Tah-batah joy tanlab o‘z yerimizdan
Intiqom olamiz bir-birimizdan.

Bu eng tang, tor ko‘cha – mening ko‘chamdir.
Bu yerda nimalar uchramas, axir!
Do‘stlarim, hamma narsa bunda jam.

Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi