Balkrishna Sama (1903-1981)

Balkrishna Sama (बालकृष्ण सम) – Nepal shoiri. Hukmron Rana qabilasiga mansub oilalardan birida tavallud topgan. Keyinchalik qabilasining demokratiyaga qarshi siyosatiga o‘zining keskin noroziligini izhor qilib, o‘ziga “Sama” (Hammaga baravar) taxallusini tanlaydi. Uning ingliz tilini chuqur bilishi G‘arb madaniyati va falsafasi bilan yaqindan tanishishga yordam berib, bu boradagi tajribalarini o‘z ijodida qo‘llashida juda qo‘l keldi. “Sovuq o‘choq”, “Odamlarni sevaman”, “Mayli, bo‘la qolsin”, “Ishonch”, “Kelajak” kabi poemalari, “Mukund va Indira”, “Praxlad”, “Muhabbatga baxshidalik” va boshqa dramalari bilan tanilgan.
B.Sama 1933 yildan Nepal tarjima jamiyatini boshqargan. 1957 yildan Nepal akademiyasi a’zosi, 1968–1971 yillarda uning vitse-prezidenti.

OLQIShLAYMAN

Olqishlayman halol mehnatni,
G‘ayrat qilib, jo‘shib har joyda,
Odamlarga keltirsam foyda,
Olqishlayman shunday mehnatni!

Olqishlayman dardu alamni,
Agarda bu og‘riqli armon,
El dardiga bo‘lsa gar darmon,
Olqishlayman shunday alamni!

Olqishlayman jangu jadalni,
Agar jangda sermab qo‘limni,
Engsam razolat hamda zulmni,
Olqishlayman jangu jadalni!

Olqishlayman jo‘mard o‘limni,
Agar yovga jasoratimiz,
Isbotlasa matonatimiz,
Olqishlayman jo‘mard o‘limni!

Olqishlayman chin dildan sizni,
Agarda do‘st jangda g‘oyat mard,
Hamisha siz bo‘lsangiz hamdard,
Olqishlayman astoydil sizni!

ShOIR BILAN MUSAVVIR

Orzularim bayon aylamoq uchun,
Eng sara so‘zlarni tanlamay nechun.
Orzular aksi bor rasmlarimda,
Payqaysiz, shubhasiz, boqib bir zumda.
Kuy va qo‘shig‘ingdan yuragim jo‘shib,
Men she’rlar bitaman mehrimni qo‘shib.
Mo‘yqalam tutaman ishlab rasmingni,
Mangu muhrlasam tabassumingni.
Gar seni she’rlarim etsa mahliyo,
Shoirman, shubhasiz, bulbuligo‘yo.
Agar sen chorlasang, dil farog‘atim,
Jo‘shar rassomlikda bor mahoratim.
Agarda bo‘lmasam so‘z afsungari,
Netib rom etarman seni, ey pari.
Nigohing oldida ojizdir qalam,
Qo‘llarim tutmasa endi mo‘yqalam.
Nainki tasvirlar naqsh aylagayman,
Tasvirlarga hayot baxsh aylagayman.
Shoirman mardona qilaman nido,
Hayot uchun sadqa, bu jonim fido.
Rassomlik, she’riyat mudom yonma-yon,
Tug‘ishganlar yanglig‘ payvasta shoyon.
Azal bizga yaqin, hamnafas hilol,
Nuridan bahramand bashar bemalol.

HAYoT HAQIQATI

Kecha bola bo‘lgan – endi o‘spirin,
Yosh bugun qaridi – taqdiri azal.
Qariyalar ketdi quvlab bir-birin,
Chaqaloqlar kelar dunyoga go‘zal.

Yangi narsa endi chiqit jo‘rtaga,
Hayot qonuni shu – qat’iy, beshafqat.
“Bugun” aylanadi birdan “ertaga”,
Ortdagilar o‘tar oldinga albat.

Nimjongina nihol o‘rlaydi ko‘kka,
Tik qomatlar kamon yanglig‘ egilar.
Go‘zallik almashar tanhomas yakka,
Chiroyga burkanar o‘ksik ko‘ngillar.

Kunlar ortidan kun, asrlar o‘tar,
Bir nafas ularni jamlashi mumkin.
Shunday oniy lahza insonga yetar,
Asrlarga tatir arzirli har kun.

Turmush jumbog‘ini anglatadi kim?
Aylanaveradi azal charxi dun.
Mo‘jiza-ku, axir, tan olaman jim,
Tabiatdan, rosti, oqila, durkun.

Zarracha o‘zgarish yashnar gurkirab,
Shunday bo‘lgan, shunday bo‘lar ertaga.
Shuni ham bilmaslik tentaklik, yo Rab,
O‘zga bino qo‘yish, kibr o‘rtada.

Bilaman deb aytmoq, ko‘rlik aslida,
Imkonsiz yumushga chiranmoq azob.
Chin bo‘lmas noto‘g‘ri – yolg‘on naslida,
Haqiqatdan yiroq yolg‘onchi kazzob.

Oldinga boq o‘tli tabassum bilan,
Nima bo‘lgan bo‘lsa, iqbol musharraf.
Yayrab yasha sog‘inch dardida qalban,
Bil: hayot quvonchi – baxt topmoq sharaf.

Izla omadingni, muhabbatingni,
Qayg‘uli damlaring quvonchga do‘nsin.
Qo‘msasin, sog‘insin kim suhbatingni,
Qalbda o‘t-olov bor… yuraging yonsin.

Odamlarga inom etasan so‘zsiz
Yutuqlaring qilib oshkor tantana.
Vafotingdan keyin ketmasdan izsiz,
Barhayot yashaysan o‘n yillab yana.

Rus tilidan Ravshan Isoqov tarjimasi