Nelli Zaks (Nelly Sachs) — taniqli nemis shoirasi. Berlinda yahudiy oilasida tug‘ilgan. O‘n besh yoshidan mifologik syujetli she’rlar yoza boshlaydi. 1940 yili Germaniyada yuzaga kelgan siyosiy keskinlik tufayli onasi bilan Shvetsiyaga ko‘chib o‘tadi. U yerda shved shoirlarining asarlarini nemis tiliga tarjima qilish bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1960 yili shoira Annet fon Droste-Xyulsxoff mukofotini oladi, 1961 yili Dortmund shahri hokimiyati uning nomida mukofot ta’sis etadi. 1966 yili Nelli Zaks adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati bo‘lgan.
JIMJITLIK
Shunday paytlar bo‘ladiki
vaqt shaffoflikka aylanar
va quyosh ufqqa yonboshlagan chog‘
o‘t-o‘lanlar qoplagan qabrda
o‘zidan xabar berar narigi dunyo.
Palma yaproqlari tovlanishi
sahro yolg‘iz ekaniga dalolat.
O‘tgan umr nurga to‘la
ibodat kalimasida
marmar manba yuzasida sokinlik ichra.
Quloqqa tutilgan chig‘anoq
musiqa qutisiday sado berar.
O, mitti quloqdagi azamat ummon!
Oh, muhabbat raqsi
davrning yupqargan kitobin jildi.
Va buning hammasi umr edi –
befarq tushdir qora jodugarning saltanatida
va unut bo‘lgan
qonli atirgul tikani
yodingga xanjardek sanchilar.
Singan chaqmoq
bo‘ronning niqobin yoritar,
fil suyagi sohili
cho‘kar qorong‘ilikka.
QAYDAKI TUN – SEN BOR
Qaydaki tun – sen bor
dunyoni tark etmoq sabog‘in olguvchilar-la
uzoqdan
qo‘llaring machtani rango-rang bo‘yar
quloq chig‘anog‘ingga notalar yiqqan
notanish dengizning jug‘rofiy xaritasi-la
ko‘prik u poydevorlarni
bundan unga eltmoq
eng oddiy vazifa
buning javobi
o‘layotganlargagina ma’lum.
ENG SO‘NGGI MAVT BO‘LGUVChI
Eng so‘nggi mavt bo‘lguvchi
quyosh zarrasini
olib ketar dudoqlarida.
Tunda momaqaldiroq dahshat solar
jon talvasasida.
Qon ila jo‘shgan
barcha tushlar,
Chaqmoq qilichida
uzilib tushadi yelkalaridan
Va osmon terisida izlar qoldiradi
Sirli Ibtidodan.
Va yulduzlar ko‘chasin kezib
Zaminga tushib kelar
Nuh kemasi.
Shuning-chun bu yerda
kim qazo qilsa oxirgi bo‘lib
kavushi suvda qolar.
Unda baliq suzar
Vatandan mosuvo
uning suzgichi yoyilgan qora muhitga
va qabrga eltadi, xolos.
KUN OYoQLAGANDA
Oqshom qorong‘isiga kun cho‘kkan mahal
shakllar yo‘qolgan pallada
yagona birlikka qo‘shilsa yolg‘iz ovozlar –
hayvonlar yirtqichligin qilmaydi ortiq
yoki o‘lja bo‘lmas boshqasi –
faqat gul atrini saqlaydi biroz.
Ibtidoda bo‘lgani kabi
hamma narsa o‘z ismini unutgan chog‘da
sen vaqtning yer osti yo‘laklaridan borasan,
ular oshkor etadi
Intihoda kim turganini –
qorong‘i borliqdan
yurak zarralari o‘sayotgan joydan
sen pastga tushasan –
o‘lim ortingda qolar
u bor-yo‘g‘i yo‘lning kichik nuqtasi –
chiqish yo‘lagiga boqmasdan turib muzlagancha
allaqachon yangi bir yulduz
nurin to‘kkan ko‘zlaringni ochasan
Rus tilidan Gulbahor Said G‘ani tarjimasi

