Yusuf Adib (1949)

Yusuf Adib (Yusuf Edip) 1949 yili Makedoniyaning Skope shahrida tug‘ilgan. Skope Kirill va Mefodiy universiteti arxitektura fakultetini tamomlagan. “Kunning quchog‘idaman” nomli she’riy kitobi nashr etilgan (1988).

AYRILISh

Yana bir uy yiqilmoqda –
Bu ishni,
Bunga o‘xshash ko‘p yo‘qotishni
Ko‘ra-ko‘ra bezib qoldim
Kichikligimdan
Xarobalar atrofimni,
Bosmasin zimdan.
Hech qolmasin inson insonsiz.
Yana bir uy yiqilmoqda
Bugun ichimda.

KO‘L

Ko‘l ichida bir ko‘l-a!
Suvi moviy, mop-moviy,
Atrofi odam to‘la.
Boymisan boy-da bular.

Cho‘miladir arab qizlari
Yalang‘och
Qirg‘oqlarda,
Urushdan uzoqlarda.

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi