Xuana Ines De La Krus (1651-1695)

Xuana Ines De La Krus (Juana Inés de la Cruz) – taniqli meksikalik shoira. Mexiko yaqinidagi San-Migel-de-Nepantla qishlog‘ida tug‘ilgan. Olti yoshidan o‘qish va yozishni yaxshi o‘zlashtirgan Xuana sakkizga kirganida bobosining kutubxonasidagi barcha kitoblarni o‘qib chiqadi. 1664 yilda qirolicha e’tiborini qozonadi va saroyda besh yil xizmat qiladi. U ispan va atsteklar tilida, hatto lotinchada ham ijod qilgan. Xuana Inesni hayotlik chog‘idayoq “Meksikaqaqnusi” deb e’zozlashgan. Adabiy merosi to‘rt jildli asarlaridan (bittasi tanlangan she’rlar) iborat. Nobel mukofoti sovrindori Oktavio Pas 1983 yili shoiraning hayoti va ijodi haqida monografiya yozgan. Merkuriydagi kraterlardan biriga Xuana Ines nomi berilgan.

* * *

Suratim ko‘p maqtama – mo‘yqalam namunasi,
U kibrli bir san’at, o‘xshamaydi aslimga,
mohirona chatishgan ranglar aksi ko‘zingga,
in’om etar bir olam sun’iy tasvir jilvasin.

Xushomadni qo‘y, do‘stim, u ham yolg‘on aslida,
vaqt tezoqar daryodek, shunchalar ham shafqatsiz,
keksalikni hech qachon qaytarib bo‘lmas shaksiz,
vaqt barhaq, keksalik ham qochib bo‘lmas faslda.

Sening bu maqtovingdan netay, dil yorishmaydi,
u bir bemajol esgan, sokin soboga o‘xshar,
qo‘y, taqdir qismatiga panoh bo‘lib tushmaydi.

Yo, orzular rangida sarsonu ham sargardon
xayollarga o‘xshaydi. Va undan foniylikning
suvrati ko‘z o‘ngimda bo‘laverar namoyon.

Rus tilidan Dilorom Abdurahmon tarjimaci