Manuel Felipe Ruxeles (1903-1959)

Manuel Felipe Ruxeles (Manuel Felipe Rugeles) shoir, jurnalist va siyosiy arbob. Venesuelaning Buenos-Ayresdagi elchixonasida adabiy maslahatchi, Ta’lim vazirligi muassasasida direktor va boshqa lavozimlarda xizmat qilgan. Uning “Ko‘za” (1937), “Daydi kuy” (1942), “Tuman qoplagan qishloq” (1944), “Osmon eshigi” (1945), “Sendan taralayotgan yorug‘lik” (1947), “Janub va shimol qo‘shig‘i” (1954), “Oltin bekat” (1961) va boshqa kitoblari nashr qilingan. 1955 yilda Milliy adabiyot mukofotiga sazovor bo‘lgan. Umrining so‘nggi yillarida “Piko-Piko” nomli bolalar jurnaliga asos solgan.

MENING UYIM

Mening uyim sut bilan asal konidir lim-lim,
Supram to‘la oppoq un, ombor to‘la bug‘doy don.
Mehmonmi, musofirmi, eshigimdan kelsa kim,
Dasturxonimda to‘la issiqqina xushbo‘y non.

Bug‘doyzorlar oltindek qamashtiradi ko‘zni
Tong sutdek oqargan payt, quyosh botyotgan palla.
Ilohiy payg‘omlardan tinglaymiz ezgu so‘zni:
Nurda pishib yetilgay un bo‘lmoq uchun g‘alla.

G‘arib, gadolar uchun libosi janda-juldur,
Bunda non yopadilar bepul, tekin, beminnat.
Barchaning egniga teng quyoshdan tushgandek nur.

Xudo asli insonga tuyg‘u bergan ilohiy:
Odamzod ko‘nglidagi mehru shafqat, muhabbat
Toki dunyo turguncha yashagay umrboqiy.

SOPOL KO‘ZA

Buloq suvini ham, mayni ham qadim
Sopol ko‘zalarda asrab ichganmiz.
Ko‘zada may saqlash azaliy udum,
Tuproq bilan suvdan ko‘za pishganmiz.

Qorni keng, bo‘g‘zi tor ko‘zada jisman
Insonning qismati jo bo‘lgan butkul –
Cho‘lda yo‘lovchining chanqog‘i bilan
Quduqdan tortib to quduqqacha yo‘l.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi