Leon De Greyff (1895-1976)

Leon de Greyff (Francisco de Asís León Bogislao de Greiff Haeusler; 22 iyul 1895, Medelin — 11 iyul 1976, Bogota) — kolumbiyalik shoir.
Ijodida turli uslublarni qorishtirib yuborgan o‘ziga xos lirik shoir. Leon De Greyffning asarlariga nozik ishoralar va achchiq kinoya xos “Belgilar kitobi” (1930), “Hech narsa atrofidagi turli alomatlar” (1936), “She’riy saylanma” (1942) kabi to‘plamlari nashr etilgan.

RONDO

Ko‘ngilni muhabbat tark etdi… Ketgach,
uni unutamiz va g‘am ta’mini
biz o‘zimiz bilan olib ketamiz.
Shuni anglash mumkin ko‘zlarga qarab:
yolqinlar o‘rnida qurum va sarob…

Sevgi ketdi… Ketdi… Unga alvido,
endi u unutdir, turfa tashvishlar –
girdobiga olar bizni banogoh,
g‘am ta’mi aylanar tillarda uzoq.
Endi olisdagi sen – sen emassan,
men – men emas, oh!..

Ishqni unutamiz va ko‘zlar qiri –
Yolqin o‘rnidagi kulga tushajak…
Biz shunda deyarli unut entikish,
yarim unutilgan ichikmoq ila
qurigan lablardan tabassum sizib,
yana ikkimizni kuydirayotgan –
muhabbat o‘tini qolamiz sezib!

QO‘ShIQ

Allaqachon tingan bong sadolari…
Balki ular hecham yangramagandir?
Ko‘piklar ostidan taralgan sasni –
mashshoqlar qo‘shiqqa joylamish bir-bir.
Xo‘sh, bong yangradimi va yoki yolg‘on?

Shamolmi, qum uzra titrab raqs tushgan?
Toshni siypalagan to‘lqinmi toshgan?
G‘amgin ohanglarning ma’yus yig‘isi
vujudimni butkul chulg‘ab olgusi…

Ey, mashshoq, sen uchun barchasi oson,
bir yoki o‘n uch bor bong chalib shodon,
yoqimli kuy hamda ovoz sehri-la
har neni har qachon gohi qo‘shiqqa –
va gohi ko‘pikka aylantirasan.

O‘ZIM KO‘RMAGAN DENGIZ HAQIDA HAR XIL UZUNLIKDAGI SATRLAR
BILAN YoZILGAN BALLADA

Ha, dengizni ko‘rmaganman men.
Bu qorachiqlarim –
juft ajib mavjudot, kecha qo‘ynida –
hadsiz bo‘shliq uzra adashgan mayoq,
So‘ngi yo‘q koinot girdoblarida –
ul zarrin shu’lalar ichra sargardon,
Vikingning kulrang qorachig‘i ham –
ular nigohida, qarashlarida,
hushdan ayrilmoqning dahshati zohir.
Mening bu ko‘zlarim yulduzlar raqsi,
samoviy kenglikka mangu mahliyo,
hali hech dengizni ko‘rmagan axir…
Ummonning nur emgan, shaffof mavjlari
hali orzuimni tebratolmagan.
Hali eshitmadim bong yig‘isini…
Simob shu’lasiga to‘yingan, dengiz
ko‘zim kuydirmadi, qamashtirmadi.
Hali hech bosmadi ovozlarimni –
to‘lqinlar bosqini, sukut dahshati:
qoyilmaqom yana zo‘r bir vajohat,
ularning ortidan – vazmin horg‘inlik,
birdan bo‘ronlardan toliqqanicha,
kumushrang yaltiray boshlaydi yana,
moviy toshga sepib oy nurlarini…
Men yoddan bilaman,
Sevgimning parishon sochlarin hidin…
Yutoqib ichganman, ichganman xushbo‘y –
qizlar nafasi va nafis bo‘yini,
necha bor bahoriy bog‘ hidin suydim,
oppoq gulbarglarning sarmast iforin.
Behishtdan va’dalar berguvchi sandal
novdasi dimog‘im ostida kuydi…
Men tez-tez tatigan nafis bo‘ylarni
qay bir otashparast jodugar tuydi?
Biroq men tanimam yodning sho‘r nami
ila quvvatlangan ufqning hidini,
Quruqshagan labim sovitolmaydi
to‘lqindan ko‘pirgan achchiq sharobni…
Mening quruqshagan qaqroq lablarim,
jonsarak, telba va chanqoq lablarim,
ko‘pirgan ummonning suvidan emas –
sevikli dudoqlar sharobidan mast.
Olis bulutlarga yuzlandim yana,
axir ular mening birodarlarim.
Birodarman, oppoq yelkanlar bilan,
kuylab o‘tar ekan “Uchar golland”ni –
Daydi bulutlarga, do‘stman, jo‘raman.
Shamol quvg‘iniga mahliyo bo‘lib –
tentirab, o‘ylarga cho‘mganda idrok,
boshim uzra do‘stlarimni ko‘raman.
Men – qari dengizchi,
beo‘xshov tunda –
taqdir charxpalagi qoyaga otgan.
Jahldor ummonning pastu balandi
Allaqachon o‘jar lotimdan o‘tgan.
Siz bo‘lsa, ha, mening behush tushlarim!
Siz – kemasiz qoyalarga urilib singan,
chalkash xarita-yu qaroqchilarsiz…
Ko‘pchigan to‘lqinning zahar nag‘masi!
Ko‘zlarim – tunlarning ziyoratchisi –
butun borliq bo‘ylab uloqtirilgan,
osuda, malhamnok tun fojiasi –
va hijronlar ila tomirin kesgay…
Qorachiqlarimning tubiga cho‘kkan
tushlarning parchasi:
tasavvurlar,
mavj va huzurlar,
azobli og‘riqdan singan soyalar
va afvga intilgan qasos sharpasi,
adog‘i yo‘q bo‘shliq va baland yulduz
va sevgi mash’ali tog‘da adashgan…
Bularning barchasi bir bo‘lib tongda
Mening ko‘zlarimni chegaladilar,
dengizni ko‘rmagan bu ko‘zlarimni!

Rus tilidan Orif To‘xtash tarjimasi