Ida Gramko (1925-1994)

Ida Gramko (Ida Gramcko) – shoira, adiba, dramaturg. Venesuela she’riyatining ulkan namoyandalaridan biri. 1943–1946 yillarda mamlakatning yirik gazetasi bosh muharriri bo‘lgan. Venesuela Markaziy universitetining falsafa fakultetida tahsil olgandan so‘ng shu yerda talabalarga dars bera boshlagan. Falsafiy va muhabbat mavzuidagi she’rlari bilan mashhur.

SO‘ZSIZ ISTIORA

So‘zsiz istiora –
sukunat.
Biroq uning ichidan
bizga intiq intilar,
ming turli nidolar,
turfa tovushlar.
Axir, dunyodagi har narsaning
o‘z olami bor,
o‘zligini oshkor etishni istar ular ham,
pinhon sirlarini aytgisi kelar,
bizga hamroz bo‘lgisi kelar,
yashagisi kelar bizniki bo‘lib.
Axir, narsalarning sukuti jonsiz emas,
Sukutning ham joni bor.
Biz esa chor-atrofga yelib-yuguramiz,
hovliqib shoshamiz,
ayyuhannos solib, behuda tentiraymiz
narsalarning
oddiy, kuchli, jonli
tilini bilmay…
Ammo
beixtiyor aqlimiz bilan emas,
jonimiz va ruhimiz bilan
lablarning harakatini,
dunyoning lablari qimirlab gapirgan holatini
his etamiz
har lahza…
Tinglang ey, zo‘r shoirlar, kuchli shoirlar,
So‘z afsungarlari, she’r sultonlari,
Jimjit, so‘zsiz, sirli jaranglayotgan
Bu sokin, bu ichkin nidoni tinglang!
Favvora tubida,
ko‘zguning qa’rida yashayotgan kuychini
umringizda bir bora ham
ko‘rmagan bo‘lsangiz, nahot?
Siz
ustunlarni,
peshtoqlarni,
arklarni
nafas olmay avjga chiqib
kuylash uchun doim tayyorsiz,
biroq atigi bir marta bo‘lsa ham
ularning tilsimli tilu zabonini
tushundingizmi?
Har qaysi gul,
har bir maysaning
borlig‘ida yashaydi shoir…
She’r yozadi ular ham so‘zsiz,
ijod qilar ular ham so‘zsiz
oddiygina harakat,
nogahoniy titroq,
ilkis tebranish bilan,
so‘z bilan aytib bo‘lmaydigan
istiora orqali
intiladi yuragimizga
eng qadimiy qo‘shiq, abadiy nido –
sukunat.

AChChIQ KO‘Z YoShLAR

(parcha)

Olis yurtlar,
sirli orollar tomon
uzoq yo‘lga otlangan poyezdlar, kemalar
xayrlashuv lahzalarida
faryod qilib gudok chalayotganin tinglayman.
Juda sezgir quloq yanglig‘ mening ruhim
qadamlaring tovushlaridan
xayrlashuv ohangini ilg‘aydi darhol
ikkimizning oramizga hijron tushgan bo‘shliqda.
Bandargohda sog‘inchni, bekatda azobni his etaman
agar yonimda yo‘q bo‘lsang.
Tumanot odamlar orasidan,
badqovoq erkaklar, qiziqqon ayollar ichidan
seni izlab
chaqiraman nomingni aytib,
ularning oq ko‘ylaklari,
vidolashayotgandek
silkitayotgan oq dastro‘mollari –
oppoq matolar
yaxlit bo‘lib ulkan kafanga o‘xshar.
Barcha vokzallarda, bandargohlarda
odamlar bir-birlarin o‘par yutoqib,
go‘yoki ularni
kutib turgan kabi halokat…
Mana, poyezd qo‘zg‘aldi, vagonlar jildi,
vagon derazasida ko‘rinar yuzing
motam portreti romidagi suratdek…
Atrofda betartib izg‘ir olomon,
tushunarsiz g‘ala-g‘ovur,
so‘qir to‘polon.
Oh, mening ko‘zimga vagonlar,
lapanglayotgan tobutlardek ko‘rinar nechun?
Hayqiraman, bo‘g‘ilib qolgan tovushim –
seni yana bir lahzagina bo‘lsa ham
yonimda ushlab qolish uchun
intilishim behuda…
Atirgullar tutgan qo‘llarim esa
meni payqamagan nigohlaringni
o‘ziga jalb qilmoq uchun titraydi.
Sen esa
haykal kabi qotgansan jonsiz,
begona faryodlarga,
atirgullar tutgan
begona qo‘llarning titrog‘iga
ma’nosiz boqib,
tashlab ketayapsan
bekatlarni, bandargohlarni.
Men esa tumanot odamlar orasida
olislarga termulib qolaman,
tutunlarning qabri uzra qora toshdek,
to‘lqinlarning qabri uzra oppoq toshdek.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi