Gilermo Valensiya (1873-1943)

Gilermo Valensiya Kastilo (29 oktyabrya 1873, Popayan, Kolumbiya – 8 iyul 1943, Popayan) – kolumbiyalik shoir va tarjimon.
O‘z davrining taniqli shoiri G. Valensiya ijodida ohangdorlikka katta ahamiyat beradi, ramzlarni mohirona qo‘llaydi. She’riy shakllar ustida turli tajribalarga qo‘l urgan shoirning “She’riyat” (1898) to‘plami dunyoning ko‘p tillariga o‘girilgan. G. Valensiya Yevropa va Xitoy she’riyatidan qilgan tarjimalari bilan ham mashhur.

TUYaLAR
(parcha)

Tashnalik, shishgan burun… Cho‘zilgan karaxt bo‘yin.
Nigohida yonadi zaharday ko‘m-ko‘k yovshan…
Sariq junga o‘ralib, olisga boqqan ko‘yi,
Nubiy sahrosin o‘lchar tuyalar qadam bilan.

Nogoh tumshuq ko‘tarar, ko‘zlari olazarak,
Ikki o‘rkach bir marom suzishini buzadi.
Osmon purkagan olov qumni etar jizg‘anak,
Er ostida jilg‘aning jildirashin sezadi.

Ko‘chmanchi gilamiga tushganda mudroq zulmat
Jazirama ufqqa yumalab botganda kun,
Qoraygan falak burji keltirar nogoh kulfat
Hasratning sharpasiday cho‘kadi, quchadi tun.

O, alamning birodarlari! Chayqalar tinim bilmay,
Shamoldagi palmaday egiladi o‘rkachlar.
Misoli badburush dev, vaqtni nazarga ilmay,
Faqat oqshom charchog‘i qaqragan qalbni g‘ashlar.

Vizantiya kuychilari, lab bosing bir on,
Achchiq nigoh ohangiga, sahro bag‘riga.
Borliq dardin ayta olur tuya bu zamon
Qaynoq qon-la intilarkan samo shahriga.

YaNGI YIL

Bugun – oppoq oqshom. Bugun – oq shamol
Qanot qoqar ayoz kabutarlari.
Izg‘irin qizlarning kulgisi misol
jaranglaydi aks sadolar singari.
Bugun oydin kecha. Dunyoda yo‘qdir,
butun dunyoda yo‘q hasratu alam.
Qutb yulduzi yorqin, ammo baribir
qiz ko‘zlari yorqin yulduzlardan ham.
Bu kech oppoq. Tunda kemalar o‘tar
limon yaprog‘idan tutib oq yelkan,
qor qo‘shig‘i mudroq tongni uyg‘otar!
Yig‘ib qanotlarin, sho‘ng‘imoqqa shay
nurli qushlar uchadilar samodan,
oq sel quyar qor bo‘ronda paydar-pay.

UMR

Cho‘qintirish. Maktab. Dorilfunun. Diplom – mana.
Qashshoqlik. Qarzlar. Bahs. Janjal – yutuqqa garov.
Nomzodlik. Amal-mansab. Muhim bosqichdir, darrov:
Safarlar. London. Parij. Rim. Va o‘sha uying yana.

Kelin. Nikoh. Ko‘z yorishlar. Qiz ekan. Davom –
Yo‘rgak. Maktab. Nur. Qalliq. Kulgidan dil mast!
Asal oyi. Rashk. Sahnalar. Kulgili emas.
Nabira. Maktab. Dorilfunun. Yana diplom.

Nogoh – keksalik. Bemador. Bedor. Xapdorilar.
Qo‘rquv. Bosh aylanar. So‘qirlik. Qalb zorillar.
Va – yolg‘izlik. Va – atrof kimsasiz. Noiloj.

Yurak… Qabr. Yig‘i. Yodlashlar. Hatto nashrda.
Tabassumlar. Kulgi. Cherkovgacha sayrda.
Qabr toshi. Qichitqi o‘t. Nuqta. Xoch.

Rus tilidan Humoyun Akbar tarjimasi