Fransisko Luis Bernardes (1900-1978)

Fransisko Luis Bernardes (Francisco Luis Bernárdez) 1900 yilda Argentinaning Buenos-Ayres shahrida tavallud topgan.
Uning “O‘zga”, “Bozor”, “Bolalar bog‘chasi” kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.
Bernardes “Kema” asari uchun Buenos-Ayresning Munitsipal She’riyat Mukofotiga, “Ilk she’rlar”, “Haqiqiy she’rlar” asarlari uchun She’riyat Milliy Mukofotiga (1944, Argentina) sazovor bo‘ldi. Shoir 1978 yilda vafot etgan.

MEVA

Yuragimni qoldirdim
ko‘mib. Tovush daraxting
soya bergan yerlarda.

Va tovushing daraxti
gullar ochdi muhabbat
yo‘g‘rilgan so‘zlardan.

Tovushing daraxtida
aks etardi oqligi
yuragimning pokligin.

Tovushing daraxtidan
taralar edi ifor –
tuyg‘ularimdan izhor.

Tovushing daraxtida
etildi qizil meva –
bu muhabbat mevasi.

Va tovush daraxtingdan
uzilib tushdi meva
qoq yuragim ustiga.

Bamisoli yuragim
edi tovush daraxting
etiltirgan mevasi.

BODOM DARXTIGA TAShBEHLAR

I
(Alla)

Yangi tug‘ilgan yerni
Ko‘klam – mehribon ona.
Bodom gullari bilan
Yo‘rgaklar g‘oyibona.

II
(Tashakkur)

Dalalarga buyuk tabiat
Bergani-chun sog‘lig‘in qayta.
Har bir bodom daraxti bilan
Oppoq gulli tashakkur aytar.

III
(Upadon)

Kelganida doktor janob Gul
Garchi g‘amgin bo‘lsa-da o‘tloq,
Darhol ochar tabassum bilan
Upadonin bahoriy oppoq.

IV
(Maktublar)

Ko‘klamdagi bodomlar:
Qaylig‘imning maktubi,
Bahorda ko‘rdim uni.

Ko‘klamdagi bodomlar:
Maktublardan parchalar,
Kutgan edim qanchalar.

V
(Ta’til)

Qishki mashg‘ulotlardan
Chiqdilar tolib dillar.
Gullayotgan bodomdan
Qo‘llarida oq daftar.

VI
(Bahoriy taqdimot)

Butun borliq rangi par
Bejo boqar hammaga.
Chunki libosin ilk bor
Taqdim etar ommaga.

VII
(Lid)*

Gulgun bodom nozik hilolga
Aylantirdi lidni nogahon.
Yangrab ketdi Rembo so‘zi-yu,
Debyussining kuyi shu zamon.

______________
*Lid – Vokal musiqa janri.

VIII
(Ilmi bahor)

Xo‘p tajriba bo‘ldi bodomga
Oqartirdi soqolini qor.
Endi esa kurtak yozmoqda
Nazokat-la ilmi bahor.

IX
(Nonushta)

Yarim mudroq dalalar
Erinib ko‘zin ochar.
Kiyinib, so‘ng bodomgul
Piyoladan choy ichar.

X
(Ibtido)

Yigitcha – bodomvoyga
Ko‘klam ko‘z qirin tashlar.
Qog‘ozdan qushcha yasab
O‘zi suhbatni boshlar.

Ispan tilidan Hilola Ro‘ziyeva tarjimasi