Baldomero Fernandes Moreno (1886-1950)

Baldomero Fernandes Moreno (Baldomero Fernández Moreno) – argentinalik shoir. “Habash ayol haqida she’rlar”(1920), “Sonetlar”(1929), “Ko‘plik”(1949) kabi yigirmaga yaqin she’riy to‘plamlar muallifi. B.F.Moreno o‘z ijodida kundalik hayotni ortiqcha ohanjamasiz, boricha tasvirlashga intiladi.

QIRQ SAKKIZ BALKON

Bu uyning qirq sakkiz balkoni bordir,
Qirq sakkiz balkonda birorta gul yo‘q.
Uyning egalari ancha kibordir, –
Nimaga gul yo‘q? – deb urolmassan do‘q.

Bu qanday odamlar, bu nechuk qasr,
Ostona oshmasa biror gul, maysa?!
Deraza ortida nechanchi asr,
Nahotki, insonda insof kamaysa?!

Nahotki, shoirlar kuylamas bunda,
Ishq o‘tida yonmas, nahotki, yoshlar?!
Nahot, sog‘inmasa daf’atan tunda
Yorlarin siymtan ul qalamqoshlar?!

Yallami, allami aytsa kelinchak,
Uyning devoriga bosgancha bag‘ir –
Yosuman yo boshqa birorta chechak
Bo‘y taratib tursa, yaxshi-ku, axir!

Sizga na qush oshna, na yomg‘ir yordir,
Tuyg‘ular tumtaroq, lek, ko‘nglingiz to‘q…
Bu uyning qirq sakkiz balkoni bordir,
Qirq sakkiz balkonda birorta gul yo‘q.

O‘RTAYaShAR BIR XONIMGA

Yillar bilan olishmoqqa dadil qadam qo‘yarsiz,
Davlatingiz quyosh hamda toza havo – shu bori.
Meva, ko‘kat, sabzavotga – ibodatsiz – to‘yarsiz,
Go‘sht yemaysiz; shundan dilning yozilmagay g‘ubori.
Sizga atab libos tiksin, mayli, chevar Rafael,
Kam-ko‘stingiz berkitsin, xo‘p, ipak, baxmal matolar.
Gul badan ham endi qayta taranglashmas, bilar el,
Tavba qabul bo‘lar, biroq, o‘nglanmagay xatolar.
Bo‘yningizga turfa munchoq osganingiz abasdir,
Ajinlarni yopa olmas qimmatbaho ziynatlar.
Bolalikka qaytmoq endi orzumand bir havasdir,
Bilib qo‘ying, shu holda ham bor qandaydir hikmatlar.
Bir san’at bor, yaralgaydir ijodkorning teridan,
Faqat o‘sha saqlay olar tarovatu atringiz.
Bu musavvir mo‘yqalami, yoxud shoir she’ridan
Siz go‘zallik haqda topgan to‘rtmi, sakkiz satringiz.
Men bir kamtar ijodkorman, iddaolar qilmasman,
Qarilikdan saqlanmoqning boshqa yo‘lin bilmasman.
Bir she’r ila sizni guldek asragayman, xonim-ey,
Shuning uchun meni bitta o‘pib qo‘ying, jonim-ey-y…

MARSIYa

L. Lugones xotirasiga

Bahaybat eman haqqi,
Qushlar sayrar, ehtimol?!
Tog‘dagi xarsang haqqi,
Jo‘shar soylar, ehtimol?!
Siylagan cherkov xochin
Nasimdirmiz, ehtimol?!
Eshitmaganing uchun,
Biz jimdirmiz, ehtimol?!

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi