Anatol Imermanis (Anatols Imermanis, 18 noyabr 1914 — 13 noyabr 1998) — latviya yozuvchisi, shoir, jurnalist, stsenarist. Latviyada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1974).
NAVOIY
Oybekka
Quyosh mixlanganday shahar tepasida,
Hovri yondirardi Hirotni behad.
Shunday jazirada kuyib beadad, —
Serhasham shaharning chang ko‘chasidan,
Serqubba binolar ostidan gurlab,
Xalq oqar shahanshoh saroyi tomon.
To‘lqin bozor bosib o‘tardi, shoshqin,
Anvoyi gilamlar osig‘liq dorlar,
Oftobda sochilib yotgan anorlar —
Oralab o‘tardi, sel kabi toshqin,
Ko‘rinib qolardi goho arabiy —
Tulpori ot mingan beklar ham bu on…
Ne bo‘ldi, safardan qaytdimi sulton?
Yo biron muhimroq hodisa bormi?
Ne bois? Yana qon, yana xun, — dormi?
Yo‘q! Bu xalq dovulin qo‘zg‘atgan ummon, —
Xush xabar bermoqda:
ulug‘ Navoiy
Saroydan biz tomon chiqmoqda shu on!
Suron tinmas edi bir daqiqa ham…
Suv tashir issiqda sarpoychan — meshkop.
Tuyqusdan sukunat yog‘ildi shu top,
Marmar ustunlar-la ko‘kka yuksalgan —
Saroydan ko‘rindi ulug‘ Alisher,
Lekin shod emasdi u buyuk inson…
Boqmadi beklarning arzi dodiga,
Serhasham muhit ham yoqmadi unga…
…Qo‘lini uzatdi o‘z Farhodiga,
Xalqiga uzatdi qo‘lini, ham tez—
Ijodga o‘tirdi to‘lib shu zamon.
So‘lib borayotgan gulga topdi jon.
Vahshiy qoyalarni buzib yemirgan,
Daryoni jilovlab sahroga burgan —
Farhod qissasini – xayolda marjon
Tergandek ipakka – terdi nazmga!
Alisher, Alisher… Shoiri davron!
Xalqning orasiga kirar Alisher,
Orzular samodek keng, yuksak va haq.
“Mening fikrlarim, deydi, muhaqqaq!”
Odamlar uzatib qo‘llarini, der:
“Iloho umiding, savob ishlaring
Bor bo‘lsin o‘zingdek to‘g‘ri, benuqson!”
Yangrardi keng samo xalq duosidan,
Borliq qalbi bilan o‘ylardi shoir:
“Inson iqbolini to‘sur qanday sir?
Buni na podshoh, na xon, na xoqon…
Bu sirni biladi faqatgina xalq
Va Farhod singari bahodir o‘g‘lon!
Turob To‘la tarjimasi