QORLI KEChA
Qorong‘i tun izsiz yo‘qolar
Olib kelishganda menga noxush xabarni.
Pilik tugab borar, moychiroq shu’lasi lipillar,
Qor esa yog‘adi eski xotiralar g‘ussasi yanglig‘.
Entikib ketaman, og‘zimdan chiqqan bug‘ni tutarkan,
Yuragim bo‘shlig‘ini yoritaman chiroq shu’lasi bilan.
Libos saslarini eshitaman, ayol vujudidan tushayotgan.
Qor yog‘ar zulmat sari,
Unut xotiralar bo‘laklarin yig‘ib,
Uyg‘otib yurakda o‘tmishning dilgir o‘kinchlarini.
Yog‘ar qor pag‘a-pag‘a — rangsiz va hidsiz,
Biroq tikar tanga sovuq liboslar
Va mening g‘ussam ham qorda
Uyumga aylanib, tobora kattarib borar.
KUZ AYYoMI SEZGISI
Erdagi xazonlar polyak muhojir hukumatining
qog‘oz pullarini eslatar,
Kuzgi osmon,
zambarak o‘qlaridan vayron bo‘lgan Torun shahri.
Yo‘llar, egri-bugri, misoli yechilgan va
g‘ijimlangan bo‘yinbog‘,
Kunduz quyoshi sharpasi ostida yo‘qolar –
Halqa-halqa tamaki tutunlarin chiqarib,
Yana uchar iroda ustidan ikki soatli poyezd.
Oppoq teraklarning yalang‘och shoxlari aro
Zavod tomlari ko‘rinar, oq tishlar kabi.
Shamol mayishgan temir to‘siq bo‘lagin o‘ynar,
Tepada suvqog‘ozdan bulut osilgan,
Oyog‘im-la buzaman,
yovvoyi o‘tlar-la chirmashib ketgan
butalarning pishiq devorin,
Bunda o‘rin yo‘q
xotirasi nigun yolg‘izlar uchun.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.